Davlat budjeti mo‘'tadil kamaytiriladi. Prezident yangi qarorni imzoladi

Iqtisodiyot 20:11 / 15.04.2020 73308

Prezident qarorida ta'kidlanishicha, karantin davri O‘zbekistonda asosan joriy yilning II choragiga to‘g‘ri kelishi va shu davrda iqtisodiy faollikning sezilarli pasayishi Davlat budjeti barqarorligiga xavf tug‘dirmoqda. Shuning uchun kasallik tarqalishini maksimal darajada lokalizatsiya qilish va karantin muddatlari cho‘zilib ketishining imkon qadar oldini olish muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga egadir. 

Davlat budjetining barqarorligini ta'minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha muhim tadbirlarni, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiya va nafaqalar hamda ustuvor davlat dasturlarini o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar qabul qilindi. Xususan, davlat budjetining barqarorligini ta'minlash va budjet xarajatlarini maqbullashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish;

muhim ijtimoiy xarajatlarning to‘liq amalga oshirilishini ta'minlash;

jahondagi va respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy faollik ahvoli tahlili va muhimlik darajasidan kelib chiqqan holda dolzarb hisoblanmagan loyiha va xarajatlarni keyingi davrlarga ko‘chirish;

davlat dasturlariga bajarishga yo‘naltiriladigan budjet mablag‘larini qisqartirishda loyihalarning ustuvorligi va ijtimoiy yo‘naltirilganligini inobatga olish;

davlat ichki va tashqi majburiyatlarining, shu jumladan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha majburiyatlarning to‘liq bajarilishini ta'minlash;

budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning xarajatlarni mustaqil kamaytirish bo‘yicha mas'uliyatini oshirish.

Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli darajadagi budjet tushumlarini, shuningdek, respublika budjetidan ajratilayotgan transfertlarni, aksiz solig‘i bo‘yicha o‘tkazmalarni, budjet ssudalarini hamda boshqa mablag‘larni birinchi navbatda quyidagilarni moliyalashtirishga yo‘naltirishi ko‘rsatildi: 

koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarga, jumladan dori vositalari va tibbiyot buyumlari sotib olish, tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va ularni jihozlashga;

ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lashga;

oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish, kommunal to‘lovlar va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan xarajatlarni qoplashga;

Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qaroriga asosan boshqa tadbirlar va xarajatlarga.

Ko‘proq yangiliklar: