Davlat birinchi navbatda kimga yordam berishi kerak: aholigami yo korxonalarga?

Iqtisodiyot 09:54 / 15.04.2020 35837

2020 yil 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi.

Yig‘ilish natijalariga ko‘ra korxonalarga va yakka tartibda ishlovchi tadbirkorlarga qo‘shimcha soliq imtiyozlari berildi, xususan, turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etildi, barcha korxonalarning banklardan olingan kreditlar bo‘yicha qarzlarni to‘lash muddatlari uzaytirib berildi (umumiy 12 trillion so‘m miqdorida), yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushirildi, asosiy iste'mol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aksiz solig‘i undirilmasligi va bir qancha o‘ta muhim choralar belgilandi.

Bugungi kungacha tadbirkorlarni himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar ko‘proq davlatning o‘z qonuniy daromadlaridan voz kechish va korxonalarning aylanma mablag‘larini imkon qadar saqlab qolishga qaratilgan.

Aholining kam daromadli qatlamlarini himoya qilish borasida esa bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni to‘lash uchun muddatini 6 oydan 1 yilgacha avtomatik uzaytirish, boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash, karantin davrida yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlarini bepul yetkazib berish kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy yordam berish mexanizmlari jalb etilganini aytib o‘tish mumkin.

Lekin deyarli ikki hafta o‘tgandan so‘ng tadbirkorlar muhitida karantin muddati va undan keyin bo‘ladigan iqtisodiy sharoit haqida munozaralar yana kuchaymoqda. Asosiy masalalarni quyidagi savollar ko‘rinishida muhokama qilishimiz mumkin:

1. Karantin muddati davomida, ya'ni 20 aprelgacha Covid-19’ning tarqalish sur'atlarini pasaytirish jarayonini jilovlab bo‘larmikan?

2. Karantin sharoitida bo‘lsa ham, mavjud cheklanishlarni biroz qayta ko‘rib chiqish evaziga (umumiy hushyorlikni buzmagan holda), qanday qilib faoliyatni sekin-asta jonlantirish mumkin?

3. Agar kasallik tarqalishini to‘la jilovlashga erishilmasa, karantin muddati uzayish ehtimoli katta bo‘lsa, vaqtincha ta'til berilgan, uyda ishlashga o‘tkazilgan xodimlar bilan aprel oyi uchun oylik maosh to‘lovlari qaysi manba hisobiga bo‘ladi? Axir mamlakat iqtisodiyotining 60 foizi ichki mahsulotini yaratayotgan kichik va o‘rta korxonalarda bugungi kunda oborot mablag‘lari qolmagan va ana shu oylik maosh to‘lovlari uchun manba yo‘q (dori-darmon va oziq-ovqat tizimi va do‘konlaridan tashqari);

4. Karantindan chiqqan taqdirda ham, ishlab chiqarishni, uzilgan kooperatsion aloqalarni tiklash, mijozlar bilan bo‘lgan dastlabki kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqish va umuman, faoliyat jur'atini tiklashga kamida 1-2 oy vaqt va bir qancha aylanma mablag‘lar talab etiladi. Ularning manbayi qanday bo‘ladi?

5. Ba'zi sohalarda ishlab chiqarish sikllari (qurilish materiallari sanoati, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, tekstil) bir necha oyni tashkil etadi. Endi bir oyoqqa turganda muddati cho‘zilgan soliqlar, kreditlar va resurs to‘lovlari birdaniga talab qilinsa, iqtisodiy ahvol yana qay darajada bo‘ladi?

Birinchi savol, albatta, eng muhim omil bo‘lib, bugungi kunda unga javob berish qiyin va faqat umid bilan cheklanib qolamiz. Lekin boshqa savollarga oydinlik kiritish maqsadida bir necha biznes vakillari bilan o‘tkazgan suhbatlarimizda, hatto karantin sharoitida ishga tushirilishi mumkin bo‘lgan bir necha rezervlar borligi ma'lum bo‘ldi. Shular haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

Birinchidan, xalq xo‘jaligiga o‘ta kerakli bo‘lgan va bugungi kunda davlatning bojxona hududida to‘planib qolgan noiste'mol mollarni turli import soliqlari (aksiz va qo‘shilgan qiymat solig‘i) va bojxona to‘lovlarisiz, korxona rahbarlarining kafolati evaziga erkin almashuv rejimiga kiritishga ruxsat berish.

Bugungi kunda ana shunday muhim chora iste'mol mollari, ya'ni oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlari uchun tatbiq qilingan. Tadbirkorlarning umumiy fikricha, ana shu qarorni boshqa noiste'mol mahsulotlar uchun ham mustasnosiz kiritish juda katta ijobiy amaliy ahamiyatga ega bo‘lar edi. Dastlabki hisoblarimiz bo‘yicha, gap O‘zbekiston bojxona hududiga kirib kelgan, 0,5-0,6 mlrd AQSh dollari miqdoriga teng bo‘lgan mahsulotlar haqida ketyapti. Agar ana shu import qilinayotgan mahsulotlar ichki bozorda o‘rtacha 50 foiz ustama qiymat yaratadi deb tasavvur qilsak, bu 1-2 oy ichida 0,75-0,9 mlrd AQSh dollariga teng aylanma mablag‘lari deganidir.

Ikkinchidan, kichik va o‘rta korxonalarga o‘zlari asosiy amaliy operatsiyalarini bajarayotgan banklar orqali 3-5 yillik foiz asosida 18 oyga mo‘ljallangan aylanma mablag‘larini oylik maoshlar va ishlab chiqarishni tiklash maqsadlariga ishlatish sharti bilan markazlashtirilgan kreditlar berish. Bizda «Har bir oila tadbirkor», «Yosh tadbirkor», «Obod mahalla» dasturlari asosida markazlashtirilgan kredit resurslarini taqsimlash va o‘zlashtirish tajribasi bor. Ana shu tajribani bu o‘rinda ham kengroq qo‘llasa bo‘ladi, ba'zi o‘zgarishlar bilan. Bunday kreditlar bugungi sharoitdan kelib chiqqan holda banklar tomonidan tegishli garov, imkoni bo‘lmaganda esa, sifati past bo‘lgan garovlar evaziga ham (blank krediti) berilishi maqsadga muvofiq. Banklar bu tarzda kreditlarning pulli, muddatli va maqsadlilikka bo‘lgan talablarini buzmaydilar va iloji boricha o‘z tavakkalchiligini himoya qiladilar.

Lekin, albatta, bu hol banklarda berilgan kreditlarning sifati pastligiga olib keladi va Markaziy bank tomonidan garovga olinadigan mol-mulk ro‘yxatini va ularni baholash mexanizmini, shubhali kreditlarga bo‘lgan rezerv talablarini qayta ko‘rib chiqishini taqozo qiladi. Bunday siyosat markazlashtirilgan maxsus mablag‘lar hisobiga, Markaziy bank tashabbusi va nazorati ostida amalga oshirilishi hamda ajratilgan mablag‘lar tijorat banklari ro‘yxati va mijozlari talabiga mos ravishda amalga oshirilishi kerak. Tijorat banklari o‘z ixtiyorlari bilan ruxsat berilgan taqdirda ham, bunday tavakkalchilikka bormaydilar. Bu jarayonga bankning eng ishonchli va uzoq muddat mijozi bo‘lgan korxonalar vakillaridan jamoatchilik nazorati jalb etilsa, aminmizki turli noxush korrupsiya hollari keskin kamayadi.

Uchinchidan, aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun olingan kreditlar hisobiga korxonalar oylik maoshlarini to‘lasalar, ijtimoiy jamg‘arma fondiga ajratmalar va individual daromad solig‘i to‘lovlari muddati kredit to‘la qoplanuviga qadar kechiktirilishi maqsadga muvofiq.

Qisqa qilib aytganda, davlatning bevosita iqtisodiy yordami bugungi kunda kimga berilishi kerak: aholigami yoki korxonalarga degan savolga, biz korxonalarga deb javob beramiz. Chunki har bir hujjatga korxona rahbari va ta'sischilari imzo chekadi, demakki javobgarlik va belgilangan maqsadga erishish darajasi ancha yuqori bo‘ladi. Qolaversa, har bir ta'sischi faqatgina bir kunini emas, balki kamida 2-3 yillik faoliyatini o‘ylab ish tutadi.

Albatta, bu ko‘rsatilgan takliflar barcha jabhalar va muammolarni qamrab olmaydi. Lekin tadbirkorlarga nisbatan ishonch va biznes muhitini sog‘lomlashtirishda eng kichik va muhim qadamlar deb qaraladi.

Abdulla Abdukadirov

Iqtisodiy tahlilchi

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamaydi

Ko‘proq yangiliklar: