Vebinarni kuzatgan Kun.uz muxbiri taniqli iqtisodchining fikrlarini o‘zbek tilida keltirib o‘tadi.
Valuta kursiga nima bo‘ladi?
Almashinuv kursi bozorda aniqlanadi hamda talab va taklifning nisbati hisoblanadi. Valutaga avvalo importyorlar ehtiyoj sezadi. Bu biz siz bilan iste'mol qiladigan, iqtisodiyot, sanoat iste'mol qiladigan import tovarlardir. Valuta taklifi eksportchilarimiz tomonidan ishlab topiladi. Bu xomashyo eksporti va mehnat migrantlari ishlab topgan pul.
Valuta taklifi asosan ana shu ikki yo‘nalish orqali keladi. Inqiroz tufayli bizda valutaning kelishi keskin qisqaradi, eksport qisqaradi va migrantlardan keladigan tushumlar ham keskin qisqaradi. Iqtisodiyot, valuta kursini «ushlab turadigan» yagona narsa bu – oltin eksportidan keladigan tushumlar. Ular istiqbolda o‘sishi kerak.
Almashinuv kursiga ta'sir ko‘rsatadigan yana bir muhim omil – asosiy savdo hamkorlarimiz – Rossiya va Qozog‘iston valutalarining devalvatsiyasidir. Ular neft narxiga o‘ta tobe, bu kurslar esa tushib ketdi. Mazkur vaziyatda valuta kursi o‘zgarmagan holda, rossiyalik va qozog‘istonliklar mahsulotlari bilan taqqoslaganda, ularning mahsuloti yaxshiroq sotilgani uchun mahsulotlarimiz o‘z-o‘zidan raqobatbardoshligini yo‘qotadi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun doimiy devalvatsiya asosiy hisoblanadimi?
Devalvatsiya muayyan darajada tovarning raqobatbardoshligini oshiradi. Eksportga yo‘naltirilgan ko‘plab mamlakatlar undan foydalanadi. Agar so‘m devalvatsiya qilinsa, tovarlarimiz xorij bozorlarida arzonlashadi, bozorlarimizdagi xorij tovarlari esa qimmatlashadi. Korxonalarimiz yanada raqobatbardoshga aylanadi. Buni (sun'iy devalvatsiyani – tahr) mohirona va juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish kerak. Chunki devalatsiya – inflatsiyaning muhim manbayi. Shuning uchun ushbu instrumentdan foydalanishdan oldin dastlab inflatsiyani jilovlash kerak.
Shu sababli Markaziy bank hozirda kursni ushlab turishi ham, uni devalvatsiya qilishi ham kerak emas. Kursni talab va taklifdan kelib chiqib, muvozanat darajasiga yo‘naltirishi lozim.