Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi «SULTON TEX GROUP» xususiy korxonasi rahbari Nurbek Ergashevdan murojaat kelib tushdi.
U boshiga tushgan ko‘rguliklar yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyevga ham videomurojaat yo‘llagan.
Bugungi kunda paxtachilikka ixtisoslashtirilgan klaster korxonasi hisoblanadigan ushbu korxona 2011 yilda to‘qimachilik sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish bilan o‘z faoliyatini boshlagan.
Klaster Qarshi tumanida 15 ming gektar ekin maydonida paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishni tashkil etgan bo‘lib, 500dan ziyod fermer xo‘jaligi bilan paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Korxona klasterga aylantirilgan 2018 yil 13–14 dekabr kunlari prezident Shavkat Mirziyoyev korxonaga tashrif buyurib, korxona tomonidan foydalanishga topshirilgan loyiha qiymati 17 mln AQSh dollaridan iborat ip yigiruv fabrikasi va Qarshi tumanida paxtani klaster usulida yetishtirish bo‘yicha tashkil etilgan ishlar bilan tanishib, yuqori baho bergan. Shuningdek, 2019–2020 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan trikotaj mato fabrikasi, tikuv fabrikasi, paxta tozalash zavodi va yog‘ ishlab chiqarish zavodi loyihalarini ma'qullab, tegishli topshiriqlar bergan.
Murojaatda aytilishicha, topshiriqlarning katta qismi o‘tgan davr ichida bajarilgan.
Bugungi kunga qadar 40 mln AQSh dollari miqdoridagi 7ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 2280ta ish o‘rinlari yaratilgan.
Joriy yil yakuniga qadar 24 mln AQSh dollari miqdoridagi yana 4ta loyiha va 2021 yilda 36 mln AQSh dollari miqdoridagi 4ta loyiha ishga tushirilib, jami ish o‘rinlari soni 3700tani tashkil etishi ko‘zda tutilgandi.
Ammo mahalliy investor va bank kreditlari evaziga rivojlanib borayotgan ushbu korxona sanoqli kunlar ichida jar yoqasiga keltirib qo‘yildi.
Nurbek Ergashevning Kun.uz muxbiriga hikoya qilib berishicha, barchasi O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari (yaqingacha Buxoro viloyati hokimi) O‘ktam Barnoyevning 2020 yil 20 mart kuni Koson tumanida Qashqadaryo viloyatida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish xamda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida o‘tkazgan yig‘ilishidan keyin sodir bo‘lgan.
Paxta hisobidan g‘alla
Yig‘ilish bayonida Qashqadaryo viloyati hokimligi (Z.T.Mirzayev), «Agrobank» ATB (Mamatqulov) Markaziy bank viloyat Bosh boshqarmasi (Rajabov) va tijorat banklarining g‘allani mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va kimyoviy preparatlar bilan ishlov berish uchun yetishmaydigan mablag‘larni tijorat krediti, paxta-to‘qimachilik klasterlariga ajratiladigan paxta imtiyozli kredit mablag‘lari va fermer xo‘jaliklarining ustav fondiga jamg‘ariladigan mablag‘lar hisobidan (!) qoplash to‘g‘risidagi takliflari ma'qullansin, deyilgan.
(Qiziq holat: Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari davlat xaridi fondidan g‘alla yetishtirishga ajratilgan (kimyo va texnika xizmatlariga) pulning o‘zi qani?)
Qashqadaryo viloyati hokimligi (Z.T.Mirzayev) tumanlar sektor rahbarlari bilan birgalikda besh kun muddatda ustav fondiga 16,6 mlrd co‘m mablag‘ jamg‘arish choralarini ko‘rsin;
(Ya'ni, shundoq ham holi voy bo‘lib turgan fermerlar besh kun muddatda o‘z ustav fondlarini 16,6 milliard so‘mga oshiradi — topgan-tutganini bankka olib borib topshiradi. Ularni bu ishga majburlash jinoyat ekanini sektor rahbarlari hisoblanuvchi prokurorlar bilisharmikan?)
«Agrobank» ATB (Mamatqulov) tijorat banklari bilan birgalikda bir hafta muddatda fermer xo‘jaliklariga ajratiladigan tijorat krediti, paxta-to‘qimachilik klasterlariga ajratiladigan paxta imtiyozli krediti va fermer xo‘jaliklarining ustav fondiga jamg‘ariladigan jami 73,8 mlrd co‘m mablag‘ni ilovaga muvofiq mineral o‘g‘itlar va kimyoviy preparatlar xarid qilish uchun yo‘naltirsin;
(Paxtachilikka ixtisoslashgan klasterlar va fermerlar o‘lpon tariqasida topshirgan pullar g‘alla uchun mineral o‘g‘itlar va kimyoviy preparatlar xarid qilishga yo‘naltiriladi. Ertaga paxtaga, masalan, o‘g‘it kerak bo‘lganda pul qayerdan olinadi?)
Moliya vazirligi (Ergashev), «Agrobank» ATB (Mamatqulov) va tijorat banklari bilan birgalikda g‘alla o‘rish kombaynlarini ta'mirlash uchun talab etiladigan 7,8 mlrd co‘m mablag‘ni 2020 yil paxta hosili uchun ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan to‘lab berish choralarini ko‘rsin.
(Hattoki g‘alla o‘rish kombaynlari paxta hosili uchun ajratilgan imtiyozli kreditlar hisobidan to‘lab beriladi — kursivdagi ta'kidlar muallifga tegishli).
Nurbek Ergashevning aytishicha, uning «cheki»ga g‘alla uchun 5,8 milliard so‘m pul o‘tkazib berish tushgan. U bunday qila olmasligi, bank kreditidan maqsadsiz foydalana olmasligini aytganidan so‘ng unda muammolar boshlangan.
Lekin, tadbirkor nega o‘zi uchun umuman foydasi bo‘lmagan narsaga pul o‘tkazib berishi kerak? Bitta «Sulton teks» emas, qolganlari ham. Nega?
O‘zining aytishicha, Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev viloyatga tashrifi chog‘ida uni chaqirib, unga «mening topshirig‘imni qilmaysanmi hali, sen klaster sifatida tugatilasan», degan.
«Jazo» uzoq kuttirmagan. 2020 yil 8 aprel kuni Vazirlar Mahkamasida «Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari — klasterlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» o‘tkazilgan yig‘ilishda respublikada samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan va tugatilishi lozim bo‘lgan 16ta klaster korxonalari ro‘yxati tasdiqlangan.
Ularning orasida Qarshi tumanidagi «Sulton teks» MChJ ham bor.
Yig‘ilish bayonida «Sulton teks» MChJga quyidagicha ayblovlar qo‘yilgan:
1 . Paxta xomashyosini chuqur qayta ishlashning to‘liq siklni qamrab olgan qayta ishlash quvvatlari mavjud emas.
2. 2020–2021 yillar uchun aniq hisob-kitoblarga asoslagan loyihalar ishlab chiqilmagan.
3. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga amaliy yordam ko‘rsatilmasligi oqibatida paxta yetishtirishda hosildorlik past bo‘lib 2019 yilda 19,4 sentnerni tashkil etgan va 2018 yilga nisbatan 10,9 sentnerga pasaytirib yuborilgan.
4. Fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan moddiy resurslar va ko‘rsatilgan xizmatlar narxlarini oshirilgan qiymatda taqdim etib kelgan. Oqibatda, fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligi ta'minlanmayapti.
Xulosa: Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati to‘xtatilsin, o‘rnida fermer xo‘jaliklari kooperatsiyasi tashkil etilsin.
Ishlar boshlab yuborilgan: ayni paytda Qarshi tumanidagi fermerlarga ichki ishlar xodimlari tomonidan bo‘sh shartnomaga imzo va muhr qo‘ydirib olinmoqda. Ya'ni, 5,8 milliard so‘mni to‘lab bersa — «Sulton teks»da go‘yoki hali ham imkon bor. To‘lamasa — fermerlar yetishtirgan paxtasini boshqa tashkilotlarga topshirishadi.
Ammo, Nurbek Ergashevning tushuntirishicha, korxonada paxtani chuqur qayta ishlashning barcha bosqichlari mavjud. Jumladan, paxta tozalash zavodi, yog‘ ishlab chiqarish zavodi, ip yigiruv fabrikasining 1-bosqichi, trikotaj mato fabrikasi, tayyor kiyim kechak tikuvchilik fabrikasi, paxta zararkunandalariga qarshi kurashish bo‘yicha biolaboratoriya, qolaversa 8,5 mln. AQSh dollariga xarid qilingan 330ta zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari.
2020–2021 yillarda 60 million dollarlik 8ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan va amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangan. Ular orasida zamonaviy urug‘chilik sexi, sifat sertifikat laboratoriyasi, asal tayyorlash va qadoqlash-qurilish ishlari yakunlangan, uskunalar olib kelingan, ip yigiruv fabrikasining ikkinchi bosqichi, to‘qima mato fabrikasi, bo‘yoq fabrikasi, chorvachilik loyihasi, sut va go‘shtni qayta ishlash kabilar bor.
Nurbek Ergashev bu ko‘rguliklarning ortida Qarshi tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Aripov gavdalanib turganini aytmoqda. Chunki N.Ergashev avvaldan bu rahbar bilan kelishmay keladi. Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevga ham soxta va noto‘g‘ri axborotlarni aynan u tayyorlab bergani aytildi.
Akrom Aripov haqida ikki og‘iz. U Qarshi tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘tishdan avval viloyat qishloq xo‘jaligi inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
U shu yil yanvarida Nishon tumanida viloyat hokimi Zoir Mirzayevning topshirig‘iga ko‘ra fermer dalasiga kirib, g‘allani payhon qilgan qo‘ylarni so‘ydirib tashlagani bilan internetda mashhur bo‘lgan edi.
Bu boradagi fikrlari bilan tanishish uchun unga qo‘ng‘iroq qildik. Akrom Aripov matbuotga bu borada hech narsa deya olmasligi, barchasi bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev imzolagan bayonnomalarda aks etganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, u klaster Qarshi tumaniga hech narsa qilib bermayotgani, bu korxonadan tumanga foyda yo‘qligini ham qo‘shimcha qildi.
Biroq Nurbek Ergashevning aytishicha, korxonada ishlayotgan ishchilarning 80 foizi Qarshi tumanidan bo‘lib, xorijdan kelib ishlayotgan ishchilar ham bor.
Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi xorijga eksport qilinadi. Jumladan, 2019 yilda 15,2 mln AQSh dollari miqdorida, 2020 yilning I choragida 4,1 mln AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirilgan.
2019 yil paxta hosili bo‘yicha Qarshi tumanidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan 21,5 mlrd so‘m QQS, 3,5 mlrd so‘m yagona yer solig‘i, 3,6 mlrd so‘m ish haqiga tegishli to‘lovlar, jami 28,6 mlrd so‘m Qarshi tumani budjetiga to‘langan.
Bundan tashqari, korxonaning Qarshi tumanidagi yer va mulklari bo‘yicha soliqlar ham tuman budjetiga to‘lanadi. Korxona soliq to‘lovchi sifatida yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasida ro‘yxatga olingan.
«Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga amaliy yordam ko‘rsatilmasligi oqibatida paxta yetishtirishda hosildorlik past bo‘lgani» haqidagi da'volar ham yolg‘on. Qarshi tumanida 2018 yilda 15 ming 700 gektar yer maydoniga paxta ekilgan bo‘lib, 30895,5 tonna paxta yetishtirilgan yoki 19,6 sentner hosildorlikka erishilgan.
2019 yil klaster tizimi joriy etilgandan so‘ng 15 ming gektar yer maydoniga paxta ekilgan bo‘lib, 30647,3 tonna paxta yetishtirilgan yoki 20,4 sentner hosildorlikka erishilgan. Ya'ni, hosildorlik 2019 yilda 2018 yilga nisbatan 0,8 sentnerga oshgan.
«Fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan moddiy resurslar va ko‘rsatilgan xizmatlar narxlarini oshirilgan qiymatda taqdim etib kelgan. Oqibatda, fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligi ta'minlanmayapti», degan vajni ko‘rsatishmoqda.
Ammo korxona tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan fermer xo‘jaliklariga ko‘rsatilgan mexanizatsiya xizmatlari narxi viloyat va tuman «Mashina traktor parklari» tomonidan belgilangan narxlardan past qilib belgilangan.
Fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilgan mineral o‘g‘itlar va boshqa moddiy resurslar narxi ham tuman va viloyat agrokimyota'minot korxonalari tomonidan belgilangan narxlardan past qilib belgilangan.
Bu borada go‘yoki Nurbek Ergashevdan «aziyat» chekkan bir guruh fermerlarning ham videomurojaati chiqdi. Ular hattoki, «Sulton teks» bizni ezib yubordi, agar bizni ezmaganida mana bu karantin kunlarida xalqimizga ko‘proq xayriya qilib yordam qilgan bo‘lar edik», deya bloger Aqida Xonimga ham qo‘ng‘iroq qilib aytishibdi.
Eng qizig‘i, fermerlar Nurbek Ergashevning tumandagi selektor yig‘ilishlariga kelmaydi, deb ayblashmoqda. Bu ayblovlar fermerlardan ko‘ra ko‘proq tuman hokimligining aybloviga o‘xshab qolmoqda. Ya'ni, ularga gap o‘rgatilgan. Ergashev selektor yig‘ilishiga kelish-kelmasligining fermerga nima qizig‘i bo‘lishi mumkin?..
To‘g‘ri, hozir karantin chog‘ida borib, klaster bilan shartnoma imzolagan fermerlarning barchasi bilan bitta-bitta gaplashib, ularning haqiqiy fikrini to‘plab chiqish imkonsiz. Lekin kimlardir mana shu holatdan o‘z manfaati yo‘lida ham unumli foydalanayotganga o‘xshayapti.
Nurbek Ergashevning bu boradagi fikri bilan ham qiziqdik:
«Men 570 fermer bilan ishlayman. Ularning orasida har qanaqasi bor. Shu 10–15 fermer tuman hokimligining buyurtmasini bajarmoqda. Mening fermerlardan bir tiyin qarzim qolmagan. 2019 yil 31 dekabrgacha barchasi bilan to‘liq hisob-kitob qilib bo‘lganman. Ularga bayram ham tashkil qilib berganman. Viloyat hokimi ham kelib ishtirok etib, sovg‘alarni topshirgan edi.
Lekin ayrim fermerlar borki, sifatsiz urug‘ini olib kelib topshirib, evaziga ikki barobar ko‘proq haq olishni istaydi. Men o‘zim urug‘chilikni rivojlantirish maqsadida qo‘lidan ish keladigan fermerlar bilan sifatni qattiq nazorat ostida olib borib ishlamoqdaman».
Ma'lum bo‘lishicha, Nurbek Ergashev bu paxtachilik sohasida diydiyolarga ilk marta duch kelayotgani yo‘q. Avval ham urug‘chilik masalasida mojarolar chiqqan. Sifatsiz urug‘ni qabul qilishdan bosh tortgani uchun o‘sha vaqtda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Muhiddin Esonov (bu shaxs ham Buxoro viloyatining sobiq hokimi) tomonidan bosim uyushtirilayotgani haqida jurnalistlarga gapirib bergan edi.
Endi nima bo‘ladi?
Klasterlar respublika prezidenti tashabbusi bilan paxtachilik sohasida majburiy menatga barham berish, paxtani o‘zi yetishtirib, mahalliy bozorga tannarxi arzon mahsulotlar ishlab chiqarish, xorijga eksport qilib valuta tushumini ko‘paytirish maqsadida tashkil etilgan edi.
«Sulton teks»da shu ishlar yo‘lga qo‘yilgan, zamonaviy texnologiyalar bilan qurollangan korxona endi birjadan qimmat narxga paxta sotib olib, rentabelligi past mahsulotlar ishlab chiqarishga yoki faoliyatini tugallashga majbur qilinmoqda.
Xo‘sh, klaster yopildi ham deylik. Fermerlar kooperatsiyasi nima qiladi? Paxtasini paxta tozalash zavodlariga topshiradi. Ular — birjaga chiqaradi. Bundan kim yutadi? Albatta, sifati past urug‘chilik paxtasi uchun ikki barobar ko‘p haq oladigan fermerlar va ortiqcha pulni ular bilan «arra» qiladigan «kattalar».
Ishning ko‘zini biladigan tadbirkorlar, xalq, davlat budjeti esa, odatdagidek, yutqazadi. Bu teskari seleksiya oqibati bo‘lmasdan nima?
Eng yomoni — klaster rahbari, yerga mehr berib ishlash uchun, paxtani zamonaviy usulda yig‘ib terib olish uchun 8,5 million dollarga zamonaviy traktorlar va paxta terish mashinalari xarid qilgan. Ular nima bo‘ladi?
Sarmoyador bir ishni boshlash uchun ulkan sarmoya kiritar ekan, nega unga davlat yerni kafolatlab bera olmayapti? Bunaqada odamlarda davlatga ishonch qoladimi?
Klaster qandaydir xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, unga yordam berish emasmi davlatning vazifasi? Uni noqonuniy topshiriqni bajarmagani uchun jazolab, 2 mingdan ziyod odamni ishsiz qoldirishdan nima naf?
Fermerda prezidentga murojaat qilish, dardini jurnalistlarlar orqali xalqqa aytishdan boshqa imkoniyat yo‘q. Sohadagi rahbar xodimlar esa prezidentga vaziyatni o‘zi istagandek, tadbirkorning zarariga so‘zlab bera oladi.
Yo biz qonun bilan ishlashimiz kerak yoki qonun yo‘qligini tan olishimiz lozim.
Vaziyat o‘ta va o‘ta jiddiy. Lekin nima bo‘lganda ham, gullab-yashnayotgan, yaqin kelajakda ulkan rejalarni amalga oshiraman, deb turgan korxonaga buldozer solib, vayron qilmaslik kerak. Bunday ishlar yangi ish boshlamoqchi bo‘lib turgan mahalliy tadbirkorlarga, qolaversa, O‘zbekistonga investorlarning qiziqishini so‘ndirishga xizmat qiladi-ku, axir?!
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz maxsus muxbiri.
P/S: Tahririyatga ma'lum qilishlaricha, Qashqadaryoda «SULTON TEKS» MChJ korxonasining qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yengil mashinalarga «sizlar endi klaster emassizlar», degan vaj bilan «ov» boshlangan va xizmatdagi mashinalar yoppasiga jarima maydonchalariga qo‘yish boshlangan.