O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yilning 6 fevral kuni neft-gaz sanoatidagi ishlar natijadorligi, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgan edi.
O‘tgan qisqa davrda, berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosi yuzasidan dizel yonilg‘isining narxini amalda arzonlashtirish choralari ko‘rildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ dizel yonilg‘isi bir litrining birjalardagi bahosini 14 aprel kunidan e’tiboran 5600 so‘m sifatida belgiladi va so‘nggi uch oy davomida narx deyarli 2 000 (ikki ming) so‘mga arzonlashtirildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan dizel yonilg‘isi bir litrining birjalardagi narxlari 2020 yilning yanvar-fevral oylari (2019 yil davomida o‘rtacha 7300 so‘m) davomida 7500 so‘mlik qiymatni saqlab qolgan edi.
Joriy yilning mart oyida esa dizel yonilg‘isi bir litrining birjalarda e’lon qilingan narxi 7089 so‘mgacha pasaytirildi.
Respublikamizda koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy inqirozni oldini olish, shu bilan birgalikda jahon bozorida neft xomashyosi narxi tushib ketganligi natijasida arzon narxlarda xomashyo import qilindi va bu bilan tannarxning sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
Bundan tashqari, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining agrotexnik ishlarini amalga oshirishlari uchun, «O‘zbekneftgaz» AJ o‘z mablag‘lari hisobidan dizel yonilg‘isi zaxirasini ham yaratdi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 30 mart kunidan boshlab Buxoro neftni qayta ishlash zavodida O‘zbekistonda ilk bora «Yevro-4» va «Yevro-5» sinfli ekologik toza hamda sifatli dizel yonilg‘isining ishlab chiqarilishi ham yo‘lga qo‘yildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ