Xomashyoga ixtisoslashgan davlatlarning pozitsiyasi kuchsizlanadi. O‘zbekistonning ham - Yuliy Yusupov

Iqtisodiyot 22:51 / 13.04.2020 19848

Vebinarni kuzatgan Kun.uz muxbiri taniqli iqtisodchining fikrlarini o‘zbek tilida keltirib o‘tadi.

Koronavirus O‘zbekiston neft-gaz sohasiga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

– Xomashyo ishlab chiqaruvchilari uchun og‘ir davr boshlanyapti. Chunki uning qiymati tushmoqda. Inqirozdan keyin ham u keskin o‘sishi fakt emas. Xomashyo deganda foydali qazilmalar – neft-gazni nazarda tutyapman. Aytish mumkinki, bu xomashyoga tobelikdan chiqish uchun yaxshi imkoniyat. O‘zimiz istamas ekanmiz, ana shunday vaziyatdan foylanib, haqiqatan ham raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni boshlash kerak.

Inqiroz davrida xomashyo resurslari narxining tushishi umumiy tendensiya. Inqirozdan keyin ham ularning narxi keskin oshmaydi. Zamonaviy texnologiya, zamonaviy ishlab chiqarishdan foydalangan iqtisodiyotlar yutadi. Eng avvalo xizmatlar tarmog‘i ustunlikka ega bo‘ladi. Ilm-fan, tibbiyot, xavfsizlikka katta e'tibor qaratiladi.

Koronavirusdan keyin dunyo qay darajada o‘zgaradi? Turli o‘yinchilarning poziyatsiyasi qay darajada o‘zgaradi? Dunyo Xitoyning ta'siri ostiga tushib qolmaydimi?

– Fikrimcha, inqirozda yuqori texnologik iqtisodiyotlar yutadi. Xitoy yuqori texnologik mamlakat emas. U sanoatga ixtisoslashgan iqtisodiyot. To‘g‘ri, u dunyoning asosiy sanoat mamlakati, biroq G‘arbning yuqori texnologik iqtisodiyotlariga yetishiga hali ancha bor. Shuning uchun Xitoyning pozitsiyasi kuchayadi deb o‘ylamayman.

Yevropaning rivojlangan mamlakatlari va AQShning pozitsiyasi kuchayishi mumkin. Xomashyoga ixtisoslashgan mamlakatlarning pozitsiyasi esa kuchsizlanadi. Jumladan, O‘zbekistonning ham. Biz jahon bozoriga sotayotgan narsaning narxi tushmoqda. Agar pozitsiyamizni yaxshilashni istasak, jahon iqtisodiyotida muayyan o‘ringa ega bo‘lish uchun islohotlar o‘tkazishimiz va raqobatbardosh ishlab chiqarish uchun sharoit yaratishimiz kerak.

O‘zbekistonning pandemiyadan keyingi istiqboli nimalardan iborat?

– O‘zbekistonning istiqboli shundan iboratki, uning tadbirkor va mehnatsevar xalqi bor. Bu esa inson kapitalining nisbatan yuqori darajasi. Ta'lim tizimi idealdan uzoq bo‘lsa ham ta'lim va sog‘liqni saqlash darajasi hozirda bizda mavjud bo‘lgan iqtisodiyot darajasidan yuqori. O‘zbekistonning geografik joylashuvi qulay. Biz undan foydalanmaymiz, dengizlardan uzoqlik vaziyatini yanada chuqurlashtiramiz.

Geografik joylashuvimizning qulayligi nimadan iborat? Transport yo‘laklari O‘zbekiston orqali o‘tadi, iqlim yoqimli, boy tabiat resurslari mavjud. Bu esa sanoat uchun xomashyo bazasi hisoblanadi. Turizm uchun yaxshi imkoniyatlarga egamiz. Biz o‘z afzalliklarimizni jahon iqtisodiyotiga integratsiya qilish, xalqaro mehnat taqsimotida ishtirok etish, qo‘shimcha qiymat yaratishning jahon zanjirida ishtirok etish orqali ishga solishimiz kerak. Bu afzalliklarni ishga solish uchun 2017 yilda boshlangan liberal islohotlarni davom ettirishimiz kerak. Mazkur islohotlarsiz raqobatbardosh iqtisodiyotni yarata olmaymiz.

Ko‘proq yangiliklar: