13 aprel kuni «O‘zbekiston24» telekanalida chiqish qilgan Usmonxon Alimov O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus infeksiyasining tarqalishi oldini olish bo‘yicha fatvosini o‘qib eshittirdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan musulmonlarga yurtimizdagi epidemiologik vaziyat barqarorlashmaguncha quyidagi ko‘rsatmalarga qat'iy rioya qilish tavsiya etildi:
1) Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarimiz tarovih namozlarini, xatmi Qur'onlarni o‘z oila a'zolari bilan xonadonlarida o‘tkazsinlar;
2) Muborak Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarimizning ruhini ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan qorilarning xatmi Qur'onlari onlayn tarzda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilsin;
3) Iftorlik savobidan umidvor bo‘lgan saxovatpesha musulmonlarimiz iftorlik marosimlari uchun mo‘ljallagan mablag‘larini «Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari» orqali moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga yetkazsinlar.
4) Barcha musulmonlarimiz qo‘ni-qo‘shni va yaqin qarindoshlarni to‘plagan holda iftorlik uyushtirishlari karantin talablariga zid kelishi barobarida Alloh taoloning ishboshilarga itoat qilish haqidagi Niso surasi: «Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!...» 59-oyatiga xilof ekanini anglashlari lozim;
5) Zakot mablag‘larini hamda fitr va fidya sadaqalarini «Vaqf» xayriya jamoat Fondi va uning hududiy bo‘linmalari hisob raqamlariga yoki «Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari»ga topshirishlari tavsiya etiladi.
6) Ramazon oyi davomida barcha telekanallar orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan ko‘rsatuvlar Media-rejasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari hamda xalqimiz orasida obro‘li diniy ulamolarimizning ushbu bayonotda belgilangan vazifalarni xalqimizga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil qilinsin va keng yoritilsin;
7) Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali, «Ramazon – rahmat va sabr oyi» mavzusidagi ma'ruzalarni muntazam onlayn tarzda berib borishni yo‘lga qo‘ysinlar;
8) Musulmonlarimiz xonadonlarida Alloh taolodan koronavirus balosini tez kunlarda bartaraf etishini so‘rab, ixlos bilan duo qilsinlar.