O‘zbekistonda koronavirus tufayli amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiy faoliyatga salbiy ta'sir ko‘rsatadi - Moody’s

Iqtisodiyot 12:18 / 13.04.2020 19468

Moody’s xalqaro reyting agentligining 2020 yil 8 aprelda e'lon qilingan hisobotida O‘zbekiston bank tizimi prognozi “barqaror” darajada saqlab qolingani ma'lum qilindi.

Moliya vazirligining xabar berishicha, bunda respublika bank tizimining MDH mamlakatlariga nisbatan koronavirus pandemiyasining ta'siriga bardoshliroq ekanligi asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, O‘zbekistonda davlat sektorining mamlakat iqtisodiyoti va bank tizimida salmoqli ulushga ega ekanligi va moddiy zaxiralar yaratganligi koronavirus tarqalishi sababli iqtisodiy faoliyat buzilishining banklarning aktivlari sifatiga bo‘lgan ta'sirini cheklaydi. Mustahkam moddiy zaxiralar va oldingi katta daromadlar iqtisodiy sharoitning yomonlashuvi natijasida ko‘riladigan zararlarni qoplash uchun yetarli hisoblanadi. Biroq, davlat banklaridagi kreditlarning o‘sishi ularning likvidlik zaxiralariga nisbatan bosimni kuchaytiradi.

Moody’s agentligiga ko‘ra, quyidagi omillar O‘zbekiston bank tizimining barqarorligiga ijobiy ta'sir qilishi kutilmoqda:

bank tizimi kredit portfelida davlat korxonalariga berilgan kreditlar ustunlik qilishi va ushbu qarz oluvchilar davlatning yordamiga suyanishi mumkinligi berilgan kreditlar ishonchliligini oshirib, banklar aktivlarining sifati yomonlashishi xavfini kamaytiradi;

respublikaning asosiy savdo hamkor davlatlari, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Turkiya milliy valutalarining sezilarli darajada qadrsizlanishiga qaramay, so‘mning qiymati AQSh dollariga nisbatan barqaror bo‘lib qoldi. Bu, o‘z navbatida, xorijiy valutada ifodalangan aktivlarning inflatsiyaga uchrash xatarini cheklaydi va kapitalizatsiya darajasining barqarorligini ta'minlaydi;

YaIMning 52 foizi qiymatiga teng zaxiralar bilan O‘zbekiston hukumati mamlakat iqtisodiyoti va bank tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun katta salohiyatga egadir.

Shu bilan birga, agentlik tomonidan quyidagi salbiy omillar sanab o‘tildi:

koronavirus pandemiyasi tufayli hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiy faoliyatga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bundan, birinchi navbatda, kichik va o‘rta biznes sub'yektlari, jismoniy shaxslar, nooziq-ovqat iste'mol tovarlari chakana savdosi, umumiy ovqatlanish korxonalari, transport va turizm sohasiga oid biznes sub'yektlari va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar zarar ko‘radi;

banklarning milliy valutadagi omonatlarini xorijiy valutaga konversiya qilish natijasida omonatlar chiqib ketishini oldini olish bo‘yicha sa'y-harakatlari bilan bog‘liq moliyalashtirish xarajatlari oshgan sari sof foizli marja (Net interest margins) kamayadi. Bu, yuqori zaxira to‘lovlari bilan birga, rentabellikning pasayishiga olib keladi;

sektorning o‘rtacha likvidlik koeffitsiyenti 2020 yil 1 mart holatiga jami aktivlarning qariyb 16 foizini tashkil qildi. Davlat banklarida kreditlashning o‘sishi hisobiga likvidlik zaxiralari bosim ostida qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: