Davlat xaridlari sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish, davlat elektron xaridlari operatorlari o‘rtasida raqobat muhitini oshirish maqsadida Moliya vazirligi huzuridagi Axborot hisoblash markazi tomonidan budjet va korporativ xaridlar bo‘yicha elektron tender (tanlov) o‘tkazish yuzasidan axborot tizimi ishlab chiqildi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, mazkur elektron tizim o‘zining xorijdagi analoglaridan qolishmaydi, hatto jarayonlarni avtomatlashtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha ularning aksariyatidan ustun ekanligini namoyish etadi, hamda tender va savdo tanlovlarini uzoq masofalardan turib o‘tkazish imkonini beradi. Bu koronavirus epidemiyasi tarqalgan sharoitda juda dolzarb sanaladi.
Respublika qonunchiligiga muvofiq tizim tanlovga va tenderga asoslangan savdolarning ball usulida va arzon narxlash metodida o‘tkazilishini ta'minlaydi. Buyurtmachilarga jahonda tan olingan baholash usullarining ikkitadan bittasini mustaqil tanlash, da'vogarlarning takliflarini baholaydigan mezonlarni aniqlash, bu mezonlarning ahamiyatini belgilash (ulardan har qaysisi buyurtmachilar uchun u yoki bu ko‘rsatkichning muhimligiga bog‘liq holda turli miqdordagi ballar berishi mumkin) imkoni beriladi. Miqdor ko‘rsatkichlariga asoslangan mezonlar (mutaxassislarning soni, bozordagi ish staji, narxi, yetkazib berish muddati va boshqalar) tizim yordamida mustaqil avtomatik rejimda, inson omillarini jalb qilmagan holda baholanadi. Sifat (ekspert) mezonlari «Onlayn» rejimda ishlay oladigan tanlov (tender) komissiyasi a'zolari tomonidan baholanadi.
Tizimni ishlab chiqishda savdo jarayonining ochiqligini hamda raqobatni ta'minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa shu kabi huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Mazkur elektron tanlov va tender tizimining joriy etilishi biznes yuritish (Doing Business) sharoitlari ko‘rsatkichlarini yaxshilashga hamda OESR xalqaro tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi tavsiyalardan birini bajarishga imkon beradi.
Hozirgi vaqtda Moliya vazirligi tomonidan barcha budjet korporativ buyurtmachilarda tender va tanlov savdolarini bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkazish jadvali ishlab chiqilmoqda.