Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida AQSh savdo vakilining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi K. Uilson bilan videokonferensiya o‘tkazildi.
Vazirlik xabarida aytilishicha, unda O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lishi doirasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Videokonferensiyada O‘zbekiston tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbarlari hamda JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya tarkibiga kiruvchi respublikaning qator vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Amerika tomoniga respublikaning JSTga a'zo bo‘lishi va zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash jarayoni to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.
K. Uilson O‘zbekiston hukumati tomonidan JSTga a'zo bo‘lish doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholab, Amerika tomonining bu jarayonda O‘zbekistonga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi. Hozirgi epidemiologik vaziyatga qaramasdan, ko‘rib chiqilayotgan tashabbuslarni tezlashtirish zarurligi ta'kidlandi.
Amerika tomoni koronavirus pandemiyasi davri va joriy yilning aprel oyi oxirigacha Jyenevadagi JST shtab-kvartirasida tadbirlarning bekor qilinishi O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha Ishchi guruhining 4-yig‘ilishiga va unga a'zo mamlakatlar bilan bo‘ladigan muzokaralarga yanada puxta va sifatli tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatidan O‘zbekiston tomoni foydalanishi mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirdi.