Uzcard Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasiga e'tiroz bildirdi

Iqtisodiyot 15:23 / 12.04.2020 24373

“Uzcard” yagona umumrespublika protsessing markazi Davlat soliq qo‘mitasi va MB tomonidan qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan Davlat soliq qo‘mitasiga bank hisoblari to‘g‘risidagi axborotni elektron tarzda uzatish tartibini tasdiqlash haqida"gi qaror loyihasiga qarshi ekanligini bildirdi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda internet-marketing tobora rivojlanib bormoqda. Barcha kerakli narsalarni uydan chiqmasdan turib onlayn sotib olish imkonini beruvchi foydali kanallar juda ko‘p va istalgan inson ushbu kanallarga obuna bo‘lishi mumkin. Tajribali va endigina o‘z ishini boshlagan tadbirkorlar o‘z bisneslarini rivojlantirish, savdo ko‘rsatkichlarini ko‘tarish va foyda olish uchun bu kanallardan keng foydalanadilar

Biroq shu kunlarda, Davlat soliq qo‘mitasi ushbu tijoratning boshqa tomoni xam mavjud ekanligini ko‘rsatib berdi.

Ularning fikriga ko‘ra, ushbu onlayn-do‘konlarning assortimenti odatda tadbirkorlik sub'yektlari sifatida ro‘yxatga olingan kichik savdo nuqtalaridan farq qilmaydi, yagona farq shundaki, mahsulot yoki xizmatni hisoblashda bunday "sotuvchilar" aksariyat hollarda pulni shaxsning kartasiga o‘tkazishni so‘rashadi (P2P).Ushbu "tadbirkorlarning" aksariyati davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Ushbu daromad deklaratsiya qilinmaydi va shuning uchun soliqqa tortilmaydi, bu "Yashirin iqtisodiyot" ning gullab-yashnashiga zamin yaratadi.

Shunday qilib, Davlat soliq qo‘mitasi O‘zR MB bilan birgalikda Davlat soliq qo‘mitasi, MB va respublikaning tijorat banklari o‘rtasida elektron ma'lumotlar almashish mexanizmini yo‘lga qo‘yuvchi, "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron tarzda topshirish tartibini tasdiqlash haqida"gi qaror loyihasini tayyorladi va joylashtirdi.

Ammo hozirdanoq ushbu loyiha ko‘plab organlar tomonidan rezonansli deb e'tirof etildi.

“Uzcard” o‘z navbatida loyihaning O‘zbekiston Respublikasining amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlariga zid ekanligini ta'kidlaydi. Xususan, Nizom loyihasining 3-bandida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan quyidagi ma'lumotlarni so‘rash ko‘zda tutilgan:

1. Yuridik shaxslar va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqalariga o‘tkazilgan pul mablag‘lari oqimi to‘g‘risida;

2. Yuridik shaxslar va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar hisobvaraqalaridagi pul qoldiqlari to‘g‘risida;

3. Jismoniy shaxslarning barcha bank kartalari bo‘yicha olingan pul mablag‘lari aylanmasi bo‘yicha, agar bir oy ichida 30 mln. so‘mdan oshsa (chet el valutasidagi ekvivalentida ham), shuningdek P2P tranzaksiyalari soni ( jismoniy shaxslarning kartadan kartaga amalga oshirgan pul o‘tkazmalar ) o‘ndan orsa. Ushbu ma'lumotlar maxsus himoyalangan aloqa kanallari orqali uzatiladi;

4. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida hisobvaraqalarni ochgan yuridik shaxs-rezidentlarning hisobvaraqalari va ma'lumotlari, ularning qoldiqlari va pul o‘tkazmalari to‘g‘risida.

Bunday holda, bu harakatlar qonuniymi degan savol o‘rinli bo‘ladi, chunki tijorat banklardan talab qilinishi kerak bo‘lgan ushbu ma'lumot O‘zR Soliq kodeksining 134-moddasiga zid keladi, unga ko‘ra soliq organining talabiga binoan bank soliq organlariga yozma so‘rov olingan kundan boshlab uch kun ichida mijoz to‘g‘risida ma'lumot taqdim etish kerak: 

1) mijozning bankdagi hisobvaraqalari va omonatlari (depozitlari) mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;

2) mijozning hisobvaraqalari va omonatlari (depozitlari) bo‘yicha pul mablag‘lari qoldig‘i to‘g‘risida ma'lumotnoma;

3) mijozning hisobvaraqalari va omonatlari (depozitlari) bo‘yicha operatsiyalar to‘g‘risidagi hisobotlar;

4) soliq to‘lovchining soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq boshqa ma'lumotlar.

Bundan tashqari, ushbu Nizom loyihasining 3-bandidagi talab qilingan ma'lumotlar quyidagi qonun hujjatlari normalariga zid keladi:

- “Bank siri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasiga binoan, yuqorida ko‘rsatilgan ma'lumotlar bank siridir va Davlat soliq qo‘mitasi hisoblangan uchinchi shaxslarga oshkor etilishi taqiqlanadi;

- jismoniy shaxslarning plastik kartalaridagi naqd pullar to‘g‘risida so‘ralgan ma'lumotlar tijorat banklari mijozlarining ma'lumotlarini identifikatsiyalashni ham ko‘zda tutishi hisobga olinsa, u holda "Shaxsiy ma'lumotlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14, 18, 19 va 21-moddalariga muvofiq Davlat soliq qo‘mitasi organlariga tijorat banklari tomonidan ma'lumot taqdim etish va ularni keyinchalik qayta ishlash faqat bank mijozining roziligi bilan amalga oshirilishi kerak.

Shu bilan birga, "Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasiga muvofiq idoraviy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunlari asosida qabul qilinishi va ularga zid bo‘lmasligi kerak. Qabul qilinishi rejalashtirilgan ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasining "Bank siri to‘g‘risida"gi qonuni bilan himoyalanishi va tartibga solinishini hisobga olsak, idoraviy hujjatni qabul qilish orqali bunday ma'lumot olish O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid keladi.

Mamlakat milliy pul tizimini tashkil etish, naqd pulsiz pul muomalasini rivojlantirish, kuchli tartibga soluvchi bazani shakllantirishning juda uzoq va qiyin yo‘lini bosib o‘tdi va “Uzcard“ning fikriga ko‘ra, tartibga solish organlari uchun ma'lumot manbai sifatida normativ hujjatda bank xizmatlarini, xususan P2P xizmatini ishlatish noto‘g‘ri va aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday harakatlar aholiga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytiradi va o‘nlab yillar davomidagi mashaqqatli ishlarni yo‘qqa chiqaradi. Bundan tashqari, bu harakatlar moliyaviy-kredit va ularga aloqador tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining nazarida obro‘siga putur yetkazadi.

Naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish va naqd pul aylanishini qisqartirish o‘rniga, bu normalar teskari jarayonga olib keladi, bu pulni naqdlashtirishning yangi sxemalari paydo bo‘lishiga, pul aylanmasining ko‘payishiga va biznesning yashirin sektorga o‘tishiga yordam beradi.

 Ha, shubhasiz, qarzdorlar hisob-kitob bo‘yicha to‘lashlari kerak, shuning uchun so‘ralgan ma'lumotlarning shakli va mohiyati amaldagi qonunchilikka zid ekanligini hisobga olgan holda, loyihani yuqorida ko‘rsatilgan qonunchilikka va O‘zbekiston Respublikasining soliq qonunchiligiga muvofiqlashtirish tavsiya etiladi.

Umuman olganda, ushbu me'yoriy hujjat, xususan, P2P bank xizmati vositasidan soliq to‘lovchilarni javobgarlikka tortish uchun ma'lumot manbai sifatida foydalanish "yashirin bozor" hajmini kamaytirish muammosini hal etmaydi, aksincha, korrupsiya mexanizmlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha zamin yaratadi” deyiladi "Uzcard"ning bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: