Qashqadaryoda Tojikiston fuqarosining yuk mashinasidan «solyarka» o‘g‘irlashdi

Jamiyat 00:01 / 12.04.2020 21295

Joriy yil 4 apreldan 5 aprelga o‘tar kechasi Qashqadaryoda noodatiy o‘g‘irlik sodir etildi. 24 yoshli Tojikiston fuqarosi A.S. G‘uzor tumani Mustaqillik MFY hududidagi to‘yxona oldida «Scania» rusumli yuk mashinasini qarovsiz qoldiradi.

Qarovsiz mashinani ko‘rgan uch yigit esa vaziyatdan foydalanib qoladi. Ular yuk mashinasi yoqilg‘i saqlash bakining qulfini buzib, nasos yordamida 300 litr dizel yoqilg‘isini o‘g‘irlashadi. Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, «solyarka» o‘g‘irlaganlar 20, 22 hamda 23 yoshli fuqarolar bo‘lgan.

Bu holat yuzasidan G‘uzor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-moddasi bilan (o‘g‘rilik) ish qo‘zg‘atilgan. Sh.T., A.Q. va J.E. gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan va protsessual tartibda ushlangan.

Ma'lumot uchun, bunday turdagi jinoyat bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha jarima, uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilish, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: