Bugun, 12 aprel kuni Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasining koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashgan bir guruh tibbiyot xodimlari yuksak ehtirom bilan kuzatildi.
«Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab minglab tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashda, karantinda saqlanayotgan fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishda, haqiqiy ma'noda, qahramonlik ko‘rsatishmoqda. Ular safida poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasining ahil jamoasi ham fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilishmoqda.
Bugun ushbu klinikaning bir guruh tibbiyot xodimlari Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tomonidan chuqur minnatdorlik izhor etilib, yuksak ehtirom bilan reabilitatsiyaga kuzatildi. Endilikda ular o‘rnida navbatdagi fidoyi tibbiyot xodimlari faoliyat boshlashadi.
Shu o‘rinda e'tirof etish kerakki, mazkur klinikaning bilimli va matonatli jamoasi sa'y-harakatlari tufayli shu kungacha jami 37 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi. Tez fursatlarda ushbu klinikadan yana o‘nlab bemorlarning sog‘ayib chiqishi kutilmoqda. Ayna paytda bu yerda 112 nafar bemorga shifokorlar tomonidan kecha-yu kunduz xalqaro standartlar asosida, samarali davolash muolajalari olib borilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
«Bemorlarning sog‘ayishi yo‘lida klinikamizda bor mahoratini ishga solib, fidoyilik ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarining o‘rni alohida. Davolash jarayonida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, shuningdek, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari tavsiyalaridan foydalanilmoqda. Bundan tashqari, yurtimizning pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog kabi yetuk mutaxassislari bilan telemuloqot o‘rnatilib, zarur tavsiyalarni olishayotgani ham shifokorlarimizga qo‘l kelmoqda. Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolayotgan viloyatlarimizdagi tibbiyot muassasalari shifokorlari bilan ham doimiy muloqotda bo‘lib, tajriba almashib turibmiz», deydi tibbiyot fanlari doktori, professor, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori Erkin Musabayev.
«Eng muhimi, oilasi, yaqinlari, xalqimiz uchun ishda qolib, koronavirus infeksiyasiga bemorlarni shifo ulashishga intilayotgan tibbiyot xodimlari har qancha e'tirofga loyiq.
Mamlakatimiz Prezidentining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan qator videoselektor yig‘ilishlarida, uch marta xalqimizga yo‘llagan murojaatlarida ham shifokorlarimiz mehnatiga alohida e'tibor qaratdi. Jumladan, ushbu kurashning oldingi saflarida chinakam jasorat va matonat ko‘rsatayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlarga chuqur minnatdorlik bildirdilar. Bu e'tirof tibbiyot xodimlarining kuchiga kuch qo‘shishi, epidemiya balosini aritishda yanada fidoyilik bilan mehnat qilishlarida turtki bo‘lishi shubhasiz», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.