Koronavirusga qarshi yana bir muolaja - yaxshilik, ehson, zikr, tavba-tazarru, duo qilishdir

Jamiyat 15:55 / 12.04.2020 59128

Koronavirus pandemiyasi Yer yuzidagi aksar mamlakatlarni larzaga solishda davom etmoqda. Har bir davlat hukumati karantin tufayli cheklovlar bois vujudga kelgan murakkab vaziyatda imkoniyatidan kelib chiqqan holda fuqarolariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, xorijda qolgan vatandoshlarni yurtiga qaytarish choralarini ko‘rmoqda. O‘zbekiston hukumati ham bu borada qator sa'y-harakatlarni amalga oshirdi. Ammo, 30 martdan e'tiboran koronavirus tarqalishiga qarshi choralarni qat'iylashtirishga qaror qildi.

Afsuski, ayrim vatandoshlar ko‘rsatilayotgan yordamlarni oz sanayotgan bo‘lsa, boshqalari besabrliklarini karantinda zerikib ketishgani bilan izohlashmoqda. Toshkent shahridagi «Mirza Yusuf» jome masjidi imom xatibi Rahmatilla Sayfuddinov sabrsizlik va noshukrlik mavzusida Kun.uz o‘quvchilari uchun maxsus ma'ruza qildi.

Mana bir qancha kunlardan beri butun dunyoni tashvishga solib turgan bu balo O‘zbekistonda ham o‘zining tashvishlari, xatarlarini ko‘rsatmoqda. Xalqimiz bu sinovga ham sabr va matonat ko‘rsatib, bardosh berib kelmoqda.

Ammo afsuslar bo‘lsinki, ba'zi odamlarning xurmacha qiliqlari, xalqning ayni sinovli kunlarda asabiga tegadigan, boshqa insonlarni masxara qilgandek o‘zlarini tutishlari, karantinda uyda qolgani bois esi og‘ib qolgandek qiliqlari, yoki bo‘lmasa homiylar tomonidan ko‘rsatilgan yordamlarning hajmini oz deb noshukrchilik qilayotgani, yoxud ko‘cha-ko‘yda karantin qoidalariga rioya qilmaslikni eplayotganini namoyish qilayotganlarning ko‘payib borayotgani bizni xavotirga hamda tashvishga soladi. Biz buning ham muolajasini qilishimiz kerak.

Alloh taolo Qur'oni Karimning Shu'ro surasi 30-oyatida shunday marhamat qiladi: “(Ey insonlar!) Sizlarga ne musibat yetsa, bas, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa (gunoh) sabablidir. Yana U ko‘p (gunoh)larni afv etib turur. (Aks holda, musibat bundan ham ko‘p bo‘lur edi)”. Ya'ni, bandaning boshiga kelgan musibatga bandadan boshqasi sababchi emas.

«Mirza Yusuf» jome masjidi imom xatibi Rahmatilla Sayfuddinov

Bandalarga mehnatlar, balo-musibat, sinov-imtihonlar nima uchun beriladi? Bandalarning Robbi subhanahu taologa iymonini ziyoda qilish, Alloh adli va ehsoniga ziyoda qilish uchun yuboriladi.

Nima uchun biz shukr qilishga buyurilamiz? Alloh taolo Ibrohim surasining 7-oyatida shunday marhamat qiladi: “Yana Robbingiz e'lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”. Bu oyatda Alloh ham qasam ichgan va ta'kid bilan keltirganki, qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, ziyoda qilaman, deyapti. Qasamki, agar noshukrchilik qilsangiz, albatta azobim qattiqdir, deyapti.

Shuning uchun biz, Alloh subhanahu taolo bizlarning ko‘p gunohlarimizni kechirib yuborganligi uchun shukr qilamiz. Agar, har bir gunohiga azob berganida nima bo‘lardi? Hali ham Allohning azobi kelgani yo‘q, bu sinov-imtihondir. Bular bandaning iymonini charxlash uchun yuboriladi. Agar sinov Allohning azobi bo‘lganida edi, payg‘ambarlarga balo kelmagan bo‘lardi. Asharai mubashsharalardan bo‘lgan sahobalari Amvos vabosidan shahid bo‘lmagan bo‘lardi. Hayotida balolanmagan biror payg‘ambar ham yo‘q. Hattoki, sarkash qavm tomonidan qatl qilingan payg‘ambarlar ham bor.

Demak, turli ko‘rinishdagi bunday balolar Allohning azobi emas. Shuning uchun sarosimaga tushmaylik, xovliqmaylik, o‘zimizni bosib olaylik. Zotan, uyda o‘tirgan bo‘lsak-da, hamma narsa bor. Lekin, imom Ibn Qayyim “Zodil Ma'ot” kitoblarida shunday deganlar:

“Kasallik ko‘rinishidagi balolarning eng katta muolajasi bu – yaxshi ishlarni qilish, ehson, zikr, tavba-tazarru, duo qilishdir”.

Uyda o‘tiribmiz, bekorchi qilaylik, tavba-tazarru qilaylik, axir gunohlarimiz bois bu balo keldi. Uyda o‘tirar ekanmiz, vaqtimizni taqsimlab olaylik, bolalar tarbiyasi, o‘zimiz va Robbimizga, tavba-istig‘forga vaqt ajrataylik.

Mol-dunyo rizqning eng kichik ko‘rinishi hisoblanadi. Rizqning eng a'losi salomatlik, ofiyat, xotirjamlikdir. Shuning uchun Payg‘ambar alayhissalom “Allohdan ofiyat so‘ranglar”, - deb buyurdilar.

Ko‘proq yangiliklar: