AQSh hukumati 11 apreldan boshlab koronavirus pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qabul qilingan qonunga ko‘ra bir martalik to‘lovlarni to‘lashni boshladi. Bu haqda AQSh daromadlar xizmati (IRS, Internal Revenue Service, soliq tashkiloti) Twitter sahifasida e'lon qilindi.
«IRS bugun soliq to‘lovchilar hisob raqamiga dastlabki to‘lovlarni amalga oshirdi. Bilamiz, bugun juda ko‘pchilik bu mablag‘ni kutib turibdi, shu bois biz to‘lovlarni imkon qadar tezroq davom ettiramiz», deyiladi xabarda.
Iqtisodiy choralarni ko‘zda tutuvchi va 2 trln mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan bu qonun AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan mart oyi oxirida imzolangandi. Hujjat ishsizlik nafaqalari, shifoxonalarga ko‘mak, biznesni yoki tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Bundan tashqari, AQSh fuqarolari 1200 dollardan oladi.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda kasallikka chalinganlar 533 mingdan oshgan, vafot etganlar soni 21 mingga yaqinlashmoqda.