AQShda o‘tgan uch hafta mobaynida 17 million kishi ishidan ayrilgan va hukumatdan yordam so‘rab murojaat qilgan. Bu – AQShdagi ishchi kuchlarining qariyb 10 foizini tashkil etadi.
Hozir boy yoki kambag‘al, rivojlangan yoki rivojlanayotgan bo‘lmasin, dunyoning qaysi mamlakatiga qaramang – odamlar qachon normal hayotga qaytamiz, deb so‘rashmoqda. Qolaversa, yaqin kelajakda iqtisodiy-moliyaviy yetishmovchilik yanada kuchayadimi, degan xavotirlar ham yo‘q emas.
«Amerika ovozi» radiostansiyasi Koronavirus pandemiyasi vaqtidagi iqtisodiyotni yaxshiroq tushunish, qolaversa, AQSh, O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi vaziyatni tahlil qilish uchun xalqaro bankir Farhod Inog‘omboyev bilan suhbatlashdi.
U uzoq yillardan beri Nyu-Yorkda, AQSh qimmatbaho qog‘ozlari bozorida faoliyat yuritib keladi. Shu yilning o‘zida o‘zining sinfdoshi va biznes sherigi bilan O‘zbekistonda investitsiya bankiga asos solgan. Inog‘omboyev yangi bankning faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida yaqingacha O‘zbekistonda edi. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli AQShga qaytgan.
Dastlab u AQShdagi hozirgi holatni baholadi.
«Qo‘shma Shtatlar koronavirus tufayli kirib kelgan hozirgi inqirozga bor moliyaviy qudrati va barcha iqtisodiy resurslarni tashlagan. Hozirgi moliyaviy inqiroz 2008 yildagisiga solishtirilganida banklar yoki moliyaviy institutlar inqirozi emas.
Hozirgi paytda banklar, ayniqsa Amerikadagi banklar likvidlik tarafdan ham, kapitallashuv tomonlama ham ancha kuchli va imkoniyatlari ham bor. Boz ustiga, inqirozga qarshi kurashish uchun Amerika hukumati va prezident Tramp tarixda misli ko‘rilmagan eng yirik rag‘batlantirish paketiga imzo chekdi.
2,2 trillion dollarlik paket inqirozga qarshi kurashishning umumiy xarji emas, Kongressning taxminiga ko‘ra umumiy paketning hajmi 6 trillion dollardan iborat. 2,2 trillion uning bir qismi.
Bu yordam puli ichiga nimalar kiradi? Moliya vaziri Stiven Mnuchenga ko‘ra, ayni paytda eng katta zarar ko‘rayotgan sohalardan biri kichik va o‘rta biznes, ayniqsa restoran va mehmonxonalar xizmati, aviakompaniyalar, albatta yirik biznes namoyondalari ham bor. 1 trillion dollarga yaqin yordam puli shu sohalarga sarflanadi.
Mnuchenga ko‘ra, eng muhim jihatlardan biri – Amerika fuqarolariga hukumat kishi boshiga 1200 dollardan ajratmoqda. Bu degani – masalan, er-xotin va voyaga yetmagan ikki farzanddan iborat 4 kishilik o‘rtahol oilaga 3400 dollar nafaqa ajratiladi.
Bundan tashqari, Moliya vazirligi kichik va o‘rta biznesda ishchilarning majburiy bo‘shatilishini oldini olish uchun chuqur subsidiyalashtirilgan kreditlar ajratmoqda», – deydi Farhod Inog‘omboyev.
– O‘zbekiston, qolaversa uning qo‘shnilari Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham koronavirusga qarshi kurashmoqda. Bu yo‘lda qator iqtisodiy choralar ko‘rmoqda. Shu paytgacha ular qanday samara berdi va yaqin kelajakda yana nimalarni kutishimiz mumkin?
– O‘zbekiston uchun bu vaziyat tarixda ko‘rilmagan bir murakkab inqiroz, katta sinov bo‘lyapti. O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar albatta qandaydir bir ijobiy natijalar bermoqda, chunki O‘zbekiston o‘z atrofdagi qo‘shnilariga qaraganda choralarni tez ko‘rdi va chegaralarni tezroq bekitdi.
Misol uchun, Rossiya va ba'zi mamlakatlar bu choralarni ancha kech qo‘lladi. Chegaralar bekitildi, mamlakat ichida ijtimoiy va ommaviy tadbirlar, yig‘ilishlar bekor qilindi. Bu choralar O‘zbekistonga COVID-19ga chalinganlar sonining pasaytirishda katta rol o‘ynaydi, deb bilaman.
Hukumat tarafidan ko‘rilayotgan iqtisodiy choralarga kelsak, xabarlarga ko‘ra, o‘tgan haftada prezident tomonidan bir qator qarorlarga imzo qo‘yilgan. Shular qatorida ba'zi sektorlarda, kichik va o‘rta biznes, sayyohlik va turizm sohalari kabilarda yil oxirigacha soliqlar bekor qilindi yoki keskin ravishda kamaytirildi. Nafaqa oluvchilar soni oshirildi, biznes va tadbirkorlik sub'yektlari uchun subsidiyalashtirilgan kreditlar ajratilishi belgilandi.
Lekin yana bir narsani aytib o‘tmoqchi edimki, hozir O‘zbekistonda ko‘plab banklar beto‘xtov onlayn rejimda ish olib bormoqda. Banklar bilan birga savdo do‘konlari, supermarketlar ham onlayn rejimga o‘tgan. Bu juda pozitiv xabar. Chunki bu mamlakat uchun raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalarning nechog‘lik muhim ekanini ko‘rsatib beradi.
Markaziy Osiyo bozorlari va hukumatlari uchun albatta bu inqiroz juda katta zarar keltiradi. Inqirozdan so‘ng ham yo‘qotilgan imkoniyatlarni tiklab olish uchun ancha vaqt ketadi, deb o‘ylayman. Chunki koronavirus pandemiyasi bartaraf etilganidan keyin ham Markaziy Osiyo bozorlari, qolaversa Yevropa, Osiyo va Rossiyadagilari ham chuqur retsessiyada bo‘ladi. Bu degani Markaziy Osiyo davlatlari uchun eksport mahsulotlarini jo‘natish murakkab masalaga aylanadi.
Mamlakatlarda o‘sib borayotgan turizm sohasi birinchi navbatda zarar ko‘radi. Ayniqsa O‘zbekistonda keyingi ikki-uch yilda turizm sohasi qanchalik shiddat bilan rivojlanib kelayotgan, bular orqali minglab yangi ish joylari yaratilgan edi. Mana shu sohalarni tiklash ham hali ozgina vaqt oladi.
– Markaziy Osiyo bo‘ylab iqtisodiyo vaziyat shundoq ham og‘irlashib borayotgan edi. Koronavirus pandemiyasi tufayli ishsizlik ko‘lami yanada kengayadi. Moliyaviy yetishmovchilik avj oladi, degan xavotirlar yangramoqda…
– Dunyo neft bozorlarining qulashi, ayniqsa Rossiya va Qozog‘iston orqali O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiyotlariga o‘z ta'sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Chunki ayniqsa Rossiyada Markaziy Osiyodan borib million vatandoshlarimiz, tojikistonliklar va qirg‘izistonliklar borib ishlamoqda. Mehnat migrantlari orqali bu davlatlarga milliardlab pul kelib tushayotgan edi.
– Koronavirusga qarshi kurashda va pandemiya oqibatlarini yengishda Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston, uning qo‘shnilari hamnafas, yakdil ekanini eslatib turibdi. Xo‘sh, ular nima qila oladi. Qanday imkoniyatlar bor?
– Ba'zi iqtisodchilarning fikricha, karantindan so‘ng Amerika iqtisodiyoti tezda o‘zini o‘nglab oladi. Agar shunday bo‘lsa, bu hol Amerika bilan do‘stona aloqada bo‘lgan mamlakatlarga o‘zining ijobiy ta'sirini o‘tkazadi. Chunki AQSh texnologiya, kapital va boshqa resurslar orqali mintaqaga ko‘p yordam ko‘rsata oladi.
Markaziy Osiyoga to‘xtalsak, mintaqa AQSh uchun strategik deb hisoblanadi. Shuning uchun Amerika iqtisodiyotining qayta oyoqqa turishi O‘zbekistonga ham o‘zining ijobiy ta'sirini o‘tkazadi.