Ko‘pchilik yirik kompaniya rahbarlari va ishchilar bundan oldin ham inqirozlarni boshdan kechirishgan. Inqirozlarning har biri o‘zgacha bo‘lishi va har safar tadbirkorlar hamda firmalar unga moslashishi ularga ma'lum. Shunga qaramay, ishbilarmonlik olamida ahamiyatli shok holati yuzaga kelmoqda, deb yozadi The Economist.
Jahon YaIMning 50 foizdan ortig‘ini ishlab chiqaradigan mamlakatlar karantinda ekanini hisobga olsak, biznesdagi bu galgi krizis avvalgilariga qaraganda ancha jiddiy. Karantindan chiqish ham oson bo‘lmaydi: talab barqaror emas, ishlashga bir ruxsat berilib, yana qayta taqiqlanishi mumkin.
Uzoq muddatli istiqbolda inqirozni yenggan firmalar yangi muhitga moslashishiga to‘g‘ri keladi. Inqiroz va unga qarshi ko‘rilayotgan choralar 3ta tendensiyani tezlashtiradi: yangi texnologiyalarning joriy etilishi, yetkazib berishning eskirgan global zanjiridan chekinish, oligopoliya (ya'ni kam sonli sotuvchilar hukmron bo‘lgan bozor tuzilmasi, unda tarmoqqa yangi firmalarning kirishi yuqori to‘siqlar bilan cheklanadi).
Ko‘plab yirik kompaniyalar hozirgi vaziyatga javoban mardonavor ish olib bormoqda, odatda shafqatsiz sanaluvchi korporativ gigantlar ijtimoiy mas'uliyatini anglab yetishmoqda. Parfyumeriya biznesidagi Dior qo‘l uchun LVMH dezinfeksiya vositalarini ishlab chiqarmoqda, General Motors esa ventilyatorlar ishlab chiqarmoqchi, Alibaba asoschisi esa butun dunyoda niqoblar tarqatmoqda, BMW tibbiy niqob ishlab chiqarishni boshlash arafasida.
Chakana savdoda o‘zaro raqib bo‘lgan supermarketlar bozordagi muvozanatni kafolatlash uchun hamkorlik qilmoqda.
Biznes muzlatilishidan ko‘rilgan moliyaviy zarar haqidagi hisob-kitoblarni ma'lum qilgan kompaniyalar hozircha ko‘p emas. Natijada Uoll-strit tahlilchilari 2020 yilda daromadlarda birozgina pasayish bo‘lishini kutmoqda.
Bularning bariga aldanib qolish kerak emas. So‘nggi turg‘unlik yillarida AQShdagi yirik kompaniyalarning uchdan ikki qismi savdolar tushganidan aziyat chekdi. Eng yomon chorakda pasayish 15 foizgacha yetdi. Joriy inqirozda esa pasayish 50 foizdan ortiq bo‘lishi tayin.
Jahonda neftga talab deyarli uchdan bir qismga pasaydi. Amerika temir yo‘llari orqali yuborilgan avtomobil va ehtiyot qismlar 70 foizga tushib ketdi. Ko‘plab firmalar 3-6 oy mobaynidagina jon saqlash uchun zaxira va mablag‘ga ega. Natijada ular ishchilarni ishdan bo‘shata boshladi. AQShning 16,8 mln aholisi ishsiz qoldi. Yevropada esa davlat subsidiyalari uchun da'vogar firmalar soni bir millionga yetishi mumkin.
So‘nggi ikki inqiroz mobaynida kredit reytingiga ega kompaniyalarning o‘ndan bir qismi butun dunyo bo‘ylab defolt e'lon qildi. Hozirda kompaniyalarning inqirozni yengishi ularning tarmog‘i, balansi, davlat tomonidan beriladigan qarz, kafolat va yordamni qanchalik osonlik bilan olishiga bog‘liq.
Hozirda kichik firmalar hammadan ko‘p aziyat chekyapti: Amerikada ularning yarmidan ko‘pi vaqtinchalik yopiq. Ularda kapital bozoriga kirish imkoniyati ham yo‘q. Hozircha AQShda kichik firmalar uchun ajratilgan 350 mlrd dollarning bor-yo‘g‘i 1,5 foizi to‘lab berildi. Britaniyaning ham bu boradagi sa'y-harakatlari ham sust kechmoqda.
Karantin choralari yumshatilib, kasallikni davolash yoki oldini olishda siljish kuzatila boshlagach, yangi oraliq davr boshlanadi. Nafaqat moliyaviy qudrat, balki kashfiyotchilik ham firmalarga to‘liq sur'atda ishlashda asosiy afzallik manbayiga aylanadi.
Zavodlarda liniyalar jismoniy masofalanish, masofadan monitoring qilish va tozalash ishlari uchun qayta ko‘rib chiqiladi. Iste'molchilar bilan ishlaydigan firmalar mijozlarni xotirjam qilishi kerak: dasturga qo‘shib №95 niqoblar tarqatayotgan kompaniyalar, sinov rejimida ishlashni boshlagan restoranlarning reklamalarini bir tasavvur qilib ko‘ring.
Dunyodagi 2 mingta eng yirik kompaniyalarning chorak qismidan ko‘prog‘ining mablag‘i qarzidan ko‘proq. Ulardan ayrimlari o‘z raqobatchilarini sotib olib, bozordagi ulushini mustahkamlaydi.
Tashkilotlar rahbariyatidagi kengashlardan endilikda nafaqat joriy faoliyat, balki uzoq muddatli istiqbollarni baholash ham talab etiladi.
Inqiroz uchta tendensiyani kuchaytirishi lozim. Birinchidan, yangi texnologiyalarning yanada tezroq joriy etilishi. Yer sayyorasi elektron tijorat, raqamli to‘lovlar va masofadan ishlash sohasida tezkor kursni boshdan kechirmoqda. Tibbiyot sohasidagi innovatsiyalar, jumladan irsiyatni tahrirlash texnologiyalari ayniqsa e'tiborni jalb etadi.
Ikkinchidan, yetkazib berishning global zanjirlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bu esa savdo urushlari boshlab bergan tendensiyani yana kuchaytiradi.
Uchinchidan, kompaniyalar xavsizlik yostiqlarga katta ahamiyat qarata boshlaydi. Yuqori darajada avtomatlashgan zavodlarga e'tibor kuchayadi. Joriy yilda transchegaraviy investitsiyalar 30-40 foizga tushib ketishi mumkin. Global firmalarning tushumi kamayadi, biroq ularning o‘zgarishlarga bardoshliligi ortadi.
Krizis hozirgi mavjud stazisni kuchaytirishi mumkin
Stazis deganda barcha kuchlar teng va qarama-qarshi, ya'ni bir-birini to‘ldirib turuvchi barqarorlik holati tushuniladi.
So‘nggi yillarda kuzatilayotgan bir tendensiya – korporativ birlashuvning o‘sishi, hukumatlarning xususiy sektorga mablag‘ yo‘naltirishi va gigant kompaniyalarning dominant roli kuchayib borishini ijobiy holat deb bo‘lmaydi.
1990 yillardan keyingi davrda Amerika sanoati tarmoqlarining uchdan ikki qismi anchagina birlashishga ulgurdi. Bu – iqtisodiyotning yashovchanligiga zarar keltiradi. Endilikda ayrim kompaniya rahbarlari siyosatchilar va yirik korxonalar bilan hamkorlikning yangi davrini e'lon qilishmoqda.
Saylovchilar, iste'molchilar va investorlar bu g‘oyaga qarshi kurashishlari kerak. Chunki bu – korrupsiyaning urchishi, raqobatning kamayishi va iqtisodiy o‘sish sur'atining sekinlashishini anglatadi.
Barcha inqirozlar kabi COVID-19 krizisi ham o‘tadi. Vaqt o‘tishi bilan ishbilarmonlik energiyasining yangi to‘lqini yuzaga keladi. Mana shu yangi to‘lqin – doimiy ravishda katta ta'sirga ega, tanish-bilishlari ko‘p firmalarning yangi oligarxiyasi tomonidan bo‘g‘ib qo‘yilmasligi kerak.