“Supermarketlar peshtaxtalari hozircha, to‘la turibdi. Biroq, tez orada, oziq-ovqat yetkazib berishdagi zanjir uzilishi, ya'ni fermerlar, agroxo‘jaliklar, qayta ishlovchi korxonalar, logistika, chakana sotuvchilar va shu kabilar o‘rtasidagi hamkorlik izdan chiqishiga olib kelishi mumkin”, - deyiladi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining hisobotida.
Hozircha, buning bosh sababi oziq-ovqat tanqisligi emas, balki virusga qarshi kurash maqsadida jahon miqyosida ko‘rilayotgan choralardir. Chegaralarning yopilishi, harakatlar cheklanishi, yetkazib berish va aviatsiya sanoatida uzilishlar oziq-ovqat ishlab chiqarish jarayonini hamda ularni xalqaro ko‘lamda tashishni qiyinlashtirdi. Bu bilan kam oziq-ovqat muqobiliga ega mamlakatlarni katta xavf ostiga qo‘ymoqda.
“Aviakompaniyalar minglab samolyotlarining parvozini to‘xtatdi, dengiz portlari ham yopildi. Shu bilan oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa mahsulotlar solingan konteynerlar to‘planib qoldi, deyiladi hisobotda. Jahon oziq-ovqat ta'minotida vujudga kelgan beqarorlik kambag‘al va qashshoq aholiga ko‘proq zarar yetkazadi”, - deya ogohlantirmoqda BMTning Jahon Oziq-ovqat Xavfsizligi qo‘mitasi.
Shu munosabat bilan hatto xususiy shirkatlar, kompaniyalar va tashkilotlar ham oziq-ovqat fojiasining oldini olish uchun zudlik bilan harakat qilishga chaqirildi.
“Hukumatlar, tadbirkorlik sub'yektlari, fuqarolik jamiyatlari va halqaro agentliklar COVID-19 pandemiyasining global oziq-ovqat va insorparvarlik inqiroziga aylanib ketmasligi uchun favqulodda muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rishi kerak”, - deyiladi olimlar, siyosatchilar hamda Nestle va Unilever kabi kompaniyalar vakillarining jahon hukumatlariga yo‘llagan ochiq xatida.