— Virus o‘tganidan keyin deglobalizatsiya jarayonlari qanchalik kuchli bo‘ladi yoki globalizatsiya kuchayadimi?
«Hozirgi AQSh ma'muriyati globallashuv yaxshi emas deb qabul qilgan hukumatlardan biri hisoblanardi. Shaxsan prezident Donald Tramp Meksika bilan devor qurilishi yoki Xitoy bilan savdo urushini targ‘ib qiluvchilaridan biri edi. Bu ishlari uchun dunyo hamjamiyati, xalqaro tashkilotlardan ancha tanqidga uchragan edi.
Hozir esa uning globallashuv haqidagi ritorikasini hech kim tanqid qilmay qo‘ydi. Insonlar uchun bu pandemiya xuddi globallashuv tufayli yuz berdi degan fikr kelyapti», dedi Behzod Hoshimov.
U koronavirusni bartaraf etishda nafaqat jamiyatdagi insonlar, balki davlatlar ham bir-biriga yordam berishayotganini aytib o‘tdi.
«Optimistik fikrim shundan iboratki, hozir nafaqat jamiyatdagi insonlar bir-biriga yordam berishyapti, balki davlatlar ham bir-biriga yordam beryapti. Masalan, AQSh O‘zbekistonga yordam beryapti, Rossiya O‘zbekistonga testlar beryapti va hokazo.
Davlatlar o‘zining siyosiy kelishmovchiliklarini bir chetga surib, masalani hal qilishyapti. Yaqinda «Katta yigirmatalik» davlatlari rahbarlarining videokonferensiyasi bo‘ldi. Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon bankining rahbarlari ham u yerda ishtirok etishdi. O‘sha yerda ham kambag‘al va rivojlanayotgan mamlakatlarga qanday qilib yordam berilishi kerakligi haqidagi fikrlar yangradi.
Shuning uchun siyosiy nuqtayi nazardan qarasak, balki globallashuv haqida gapirish «moda»dan chiqqanga o‘xshayapti.
Dunyo bir-biriga qanchalik muhtoj ekanini bilib qoldi. Pandemiya shuni ko‘rsatdiki, dunyoning eng zaif nuqtasi – [virus] butun dunyoni birga cho‘ktirishi mumkin. Hozir pandemiya bilan kurashda kasallik hamma yerda yo‘q bo‘lmagunicha dunyoda ham kasallik yo‘q bo‘lmaydi. Chunki bir-birimizga bog‘liqmiz. Ularda nima bo‘lsa bo‘ldi, biz o‘z masalamizni hal qilsak bo‘ldi, degan fikr bo‘lmaydi.
Misol uchun, raketa uchishida hamma detallari zo‘r bo‘lib turib, eng zaif detali buzilsa, raketa portlaydi. Yuzta parametr bo‘lsa, minimumi muhim. Agar hamma buni yengsa, hammaga yaxshi, hamma yengmasa, hammaga yomon», - dedi Hoshimov.
U koronavirusning tarqalishiga beparvo mamlakatlar haqida gapirib, buni jiddiy qabul qilmaslikning asoratlari, oqibatlari yomon ekanini ta'kidladi.
To‘liq suhbatni «MFaktor» loyihasining YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.