Zamon bilan hamnafas «Oqtosh don» AJ: muhim pallada mas'uliyat unutilmaydi

Jamiyat 15:00 / 10.04.2020 15546

Ana shunday korxonalardan biri bo‘lgan «Oqtosh don» AJ ham mas'uliyatni his qilgan holda o‘z faoliyatini davom etttirmoqda. Jamiyat tarkibidagi korxonalar bugungi muhim kunlarda ham xalqimiz uchun sifatli un mahsulotlari va omixta yem yetkazib berayapti.

«Oqtosh don» AJ qurilishi 1983 yilda boshlanib, 1989 yilda «Oqtoshdonmahsulotlari» nomi ostida ilk mahsulotini ishlab chiqargan.

O‘shanda korxona tegirmoni sutkasiga 300 tonna bug‘doyni qayta ishlab un va omixta yem ishlab chiqarishga mo‘ljallangan edi. 1992 yilda korxonada sutkasiga 630 tonna omixta yem ishlab chiqaradigan yangi sex ishga tushiriladi.

1995 yil 4 aprelda Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni ko‘llab quvvatlash qo‘mitasi Samarqand viloyat boshqarmasining №101-k-PO buyrug‘iga asosan korxona nomi «Oqtosh don» AJ deb o‘zgartiriladi. 1999 yilda jamiyat tarkibida sutkasiga 160 tonna urug‘lik g‘alla tayyorlaydigan Zirabuloq urug‘chilik sexi ishga tushiriladi.

2004 yil 6 avgustda Vazirlar Mahkamasining 376-sonli qaroriga asosan, Kattaqo‘rg‘on shahar Ustaboyev kuchasi 1-uyda joylashgan «Kattaqo‘rg‘ondon» AJ «Oqtosh don» AJning filiali etib birlashtiriladi.

«Kattaqo‘rg‘ondon» filiali tarkibidagi sutkasiga 150 tonna urug‘lik g‘alla tayyorlaydigan Ishtixon urug‘chilik sexi 2011 yilda ishga tushirilgan.

Korxonani bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish dasturiga muvofiq 2014 yilda «Oqtosh don» AJga Ukrainaning «Mogilyov-Podolskiy» korxonasida ishlab chiqarilgan sutkasiga 200 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega yangi uskuna va jihozlar keltirilib o‘rnatildi.

Shundan keyin ham «Oqtosh don» AJ o‘z uskunalarini yangilashda davom etib kelayapti. Jumladan, 2018-2019 yillarda ushbu jamiyatga qarashli «Kattaqurg‘ondon» filialiga Turkiyadan «Makinaenerji» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sutkasiga 100 tonna 1-navli un, 100 tonna omixta yem mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega uskuna va jihozlar olib kelib o‘rnatildi.

Korxona tarkibidagi turli tegirmonlarda xalqimiz uchun sifatli un, chorvadorlar uchun omixta yem ishlab chiqarilmoqda. «Oqtosh don» AJda jami 430 nafar ishchi mehnat qiladi.

Jamiyat ishchi-xodimlari jami 60 mln 305 ming so‘mlik qishki va yozgi maxsus kiyimlar bilan ta'minlandi.

2019 yilda jamiyatning ilg‘or va faol ishchi-xodimlaridan 33 nafari 80 mln 380 ming so‘m pul mukofoti va 21 mln 300 ming so‘mlik qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 305 nafar ishchi-xizmatchi rag‘batlantirilib ularga 83 mln 200 so‘mlik moddiy yordam berildi.

Jamiyat ishchi-xodimlari uchun turli sog‘lomlashtirish sanatoriyalariga 8 mln 400 ming so‘mlik imtiyozli va bitta bepul yo‘llanma ajratildi. Shuningdek, 3 yildan beri ishchi-xodimlarning farzandlaridan 100 nafari yozgi ta'tilda «Bahora» yozgi bolalar dam olish oromgohida dam olib kelayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 12 sentyabrdagi «Aholining kam ta'minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida jamiyat tomonidan ta'minlangan fuqaroning uyi ta'mirlab berildi, nogironi bor yana bir xonadonga uy qurib berildi.

Joriy yilda jamiyatning barcha bo‘lim va sexlarida ishchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida yuvinish, kiyinish, dam olish xonalari kapital ta'mirlanib, qattiq va yumshoq mebel jihozlari bilan ta'minlandi. Bundan tashqari, ishchi-xodimlar ovqatlanadigan oshxona ta'mirlanib, barcha kerakli jihozlar o‘rnatildi.

Korxona atrofidagi ichki va tashqi hududlar obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirildi. Jamiyat hududida limon va pomidor yetishtirish issiqxonalari barpo etilgan.

Yurtimizga koronavirus pandemiyasi kirib kelganidan so‘ng jamiyat barcha mas'uliyatni his qilgan holda barcha obektlarni dzinfeksiya qilish, xodimlarning ish jarayonida sanitar qoidalariga e'tiborli bo‘lishiga katta e'tibor bermoqda. Xodimlarga niqob va qo‘lqoplar tarqatilmoqda.

Bundan tashqari «Oqtosh don» AJ yurtimizda karantin tartiblari joriy etilganidan so‘ng Narpay tuman hokimligi bilan hamkorlikda 50 tonna un mahsulotini tumandagi kam ta'minlanganlar va yordamga muhtoj oilalarga tekinga tarqatdi. Bundan tashqari, jamiyat jami 70 tonna un mahsulotini tuman bozor va mahallalarida arzon narxda yetkazib berdi.

«Oqtosh don» AJ haqida qisqacha ma'lumot

Tizim: «O‘zdonmahsulot» AK.

Korxona nomi: «Oqtosh don» AJ («Oqtosh don» AJ).

Faoliyat turi: Don mahsulotlarini qayta ishlash.

Manzili: Samarqand viloyati, Narpay tumani, J.Mirzayev ko‘chasi 2-uy.

Rahbar: Xudoyberdiyev To‘ra Hasanovich.

«Oqtosh don» AJ ma'muriyati

Ko‘proq yangiliklar: