Yetishtirgan mahsulotlari xorijda ham mashhur bo‘lgan Yangiyo‘ldagi Niyozbosh qishlog‘i dehqonlarining siri nimada?

Jamiyat 14:05 / 10.04.2020 25443

O‘zbekistonda mahalla raisi va profilaktika inspektoriga tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalarini rasman ogohlantirish, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanishi bo‘yicha taqdimnoma kiritish vakolati beriladi. O‘z navbatida tomorqadan samarali foydalangan fuqarolarga soliq imtiyozlari beriladi.

Davlat rahbari boshchiligida 8 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tomorqachilikni rivojlantirish oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbasi ekanini ta'kidlagan, «bunday davrda tomorqani qarovsiz tashlab qo‘yish xiyonat deb baholanishi kerak», deb aytgan edi. Prezident Sh.Mirziyoyev barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerakligini ta'kidlagan, tomorqasiga ekin ekmagan fuqarolar yer solig‘ini oshirilgan stavkada to‘lashini ma'lum qilgandi.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin holati joriy qilinganligiga qaramasdan, Toshkent viloyatida bahorgi dala yumushlari, tomorqada meva-sabzovot mahsulotlari yetishtirish yumushlari bir zumga ham susaygani yo‘q. Eng asosiysi, bu yerda tomorqadan foydalanish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. Bu borada viloyat hokimligi tomonidan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi bilan hamkorlikda muntazam ravishda fuqarolarga zarur tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berib borilmoqda. Joriy yilda ham bunday tadbirlar davom ettirilib, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, bahorgi ekish yumushlarini tashkil etish va mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha bir qator choralar ko‘rilyapti.

 

Tomorqachilikdagi boy tajribadan bu yil ham unumli foydalanilmoqda. Bugun issiqxonalar bilan birga, dala sharoitida ham sabzovot mahsulotlari yetishtirish qizg‘in pallaga kirgan. Buni poytaxtimiz bozorlarida sotilayotgan pomidor, bodring, karam va ko‘katlarni ko‘rib, ishonch hosil qilish mumkin.

Yangiyo‘llik mirishkor dehqonlarning tomorqasida qulupnay pishganiga ancha bo‘ldi. Bozorlarga kirgan kishi to‘kinlikni ko‘rib, to‘g‘risi, shukrona aytishi shubhasiz. Ko‘z tegmasin ham deydi. Ha, yurtimizdagi to‘kinlik va barakaga ko‘z tegmasin. Tezroq sinovli kunlar o‘tib, yana tinch va xotirjam kunlarimiz qaytib kelsin. Hammaning ko‘nglida shu gap. Katta-kichikning qo‘li duoda.

Biz Yangiyo‘l tumanida bo‘lib, xonadonlarning tomorqasidagi ekinlar bilan qiziqdik. Tumanning 66 ta mahallasidagi 34 ming 403 ta xonadonning tomorqa maydonlari 2061 gektardan iborat. «Niyozbosh» mahallasi hududidagi tomorqa yerlari esa 248 gektarni tashkil qiladi.

— Bir necha yildan beri oilam bilan qulupnay yetishtiraman, — deydi «Yuksalish» mahallasining Istirohat ko‘chasidagi 151-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Islom Isroilov. — Bu yil ham 40 sotix maydonda ushbu meva ekinini parvarish qildik. Qulupnayning pishganiga bir necha kun bo‘ldi. Yangiyo‘l shahri va poytaxtimizdagi bozorlarga olib chiqyapmiz. Savdo yomon emas. Daromadi ham shunga yarasha bo‘ladi. Tomorqadan yiliga uch martagacha hosil olamiz.

«Guliston» mahallasining N.Avazov ko‘chasi 19-uyda yashovchi Sodirjon Muhiddinov oilasi esa turli ko‘katlar yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Butun oila a'zolari shu yumush bilan mashg‘ul. Daromadi ham yaxshigina. Ko‘katlarni Rossiyaga ham jo‘natishadi. Bo‘sh vaqti bo‘lsa, barcha tomorqada mehnat qiladi. Yoki «Faravon» mahallasining O. Qo‘chqorov ko‘chasidagi 199-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Nuriddin Rahimovlar oilasi gulchilik bilan shug‘ullanadi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Poytaxtimiz aholisini kuz-qish oylarida ham yozdagi kabi yoz ne'matlari bilan ta'minlashda viloyat aholisining xizmati katta, albatta. Tajribali dehqon bir qarich yerning ham qadrini yaxshi biladi. U tomorqasining chetini ham bo‘sh qoldirmaydi. Yoz mavsumida dala sharoitida, qish paytida esa issiqxona barpo etib, mahsulot yetishtiradi. Ayniqsa, Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyo‘l, Parkent tumanlari aholisi yerdan foydalanishning hadisini olgan.

Umuman viloyatda bugungi kunda 451,9 ming xonadonning 30,8 ming gektar maydondagi tomorqasidan samarali foydalanish choralari belgilangan. Tomorqalarning 16,0 ming gektari, ya'ni 52 foizida ertapishar, jumladan, 9,5 ming gektar maydonda sabzovot, 3,0 ming gektarda kartoshka, 706 gektarda poliz va 1,7 ming gektarda boshqa ekinlar yetishtirish mo‘ljallanmoqda. 12,1 ming gektar, ya'ni 39,3 foizida esa o‘rtagi ekinlar ekiladi.

Tomorqachilikda bu yil yaxshi bir tashabbusga qo‘l urildi. Aholi tomorqalariga arzon ko‘chat, urug‘liklar yetkazib berish maqsadida barcha tumanlarda «Tomorqa–2020» yarmarkalari o‘tkazildi. Bunday tadbir tabiiyki, o‘z samarasini beradi. «Tomorqa xizmati» korxonalari tomonidan 53,4 ming  aholi xonadonlari bilan mahsulot yetishtirish va sotib olish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi kutilyapti.

Bunday keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini berishi shubhasiz. Viloyatda joriy yilda tomorqalardan 2-3 marotabadan hosil olishga bel bog‘landi. Natijada, aholi iste'molidan ortgan qismi poytaxtimiz aholisi va xorijdagi iste'molchilarga yetkazib beriladi.

Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: