Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida korxona va tashkilotlar faoliyati hamda fuqarolarning harakatlanishi vaqtincha cheklanib, qon mahsulotlari zaxirasi ham kamaydi. O‘tgan vaqt ichida onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlar uchun donorlar yordamiga muhtojlik sezila boshladi.
Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi bilan kelishgan holda hududiy qon quyish markazlari mutaxassislari tomonidan Samarqand, Jizzax hamda Navoiy garnizonlarida xizmatni o‘tayotgan ko‘ngilli harbiy xizmatchilardan donorlik qoni olishlari yo‘lga qo‘yilib, buning uchun yetarlicha shart-sharoit yaratildi, deb xabar bermoqda harbiy jurnalist, kapitan G‘ayrat Madrahimov.
"Ezgulik albatta, qaytadi" shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda donorlik qoni topshirgan harbiy xizmatchilar tibbiyot punktining o‘zida oqsil moddalarga boy mahsulotlardan tanovul qilishdi. Ular bir sutkaga dam olishga yuborildi hamda 3 kunga jismoniy mashqlardan ozod qilindi.
Ma'lumot o‘rnida, viloyat qon quyish ko‘chma stansiyasining kunlik quvvati 150 nafar donordan qon olishga mo‘ljallangan.