Hujjatda belgilanishicha, Vazirlar Maxkamasi bir hafta muddatda “2020—2022 yillarda Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining manzilli dasturi“ni ishlab chiqib, tasdiqlaydi.
Denov tumani hokimligi tuzilmasida Denov shahrini kompleks rivojlantirish masalalari bo‘yicha hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.
Surxondaryo viloyati hokimligi:
a) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qurilish va Moliya vazirliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Denov markazidagi yirik sanoat korxonalarini xatlovdan o‘tkazadi va xatlov natijalariga ko‘ra, ularni tuman markazidan ko‘chirish masalasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
b) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilgan holda, Denov tumani markazidagi sobiq ”Pivo-konserva ishlab chiqarish zavodi” bino va inshootlari o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish choralarini ko‘radi;
v) Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda Denov tumanidagi “Xoja Alouddin Attor” me'moriy obidasini ta'mirlash va obodonlashtirish hamda ”Said-Otaliq” madrasasi majmuasini ta'mirlash-tiklash ishlarini amalga oshiradi;
g) Qurilish vazirligi va O‘zbekiston Musulmonlar idorasi bilan birgalikda tumandagi markaziy jome masjidini tuman markazidan tashqariga ko‘chirish bo‘yicha taklif tayyorlaydi;
d) Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Denov shaxriga kirish qismida qurilayotgan yangi bozorga tutash hududda shaharning Bosh rejasiga asosan 4r-108 “Denov aylanma yo‘li” va M-41 “Bishkek-Termiz-Dushanbe” avtomobil yo‘lini bog‘lovchi temir yo‘l ustidan o‘tuvchi hamda Denov tumani markazidagi “Guliston” va “Lolazor” mahallalarini bog‘lovchi Qizilsuv daryosi ustidan o‘tuvchi yangi ko‘prik qurilishini ta'minlaydi.