«O‘zkomnazorat» Zoom ilovasidan foydalanishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Fan-texnika 18:00 / 08.04.2020 15707

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi Zoom ilovasidan foydalanishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

«Karantin vaqtida ijtimoiy tarmoqlarda faollashuv kuzatilmoqda. Bunday vaqtda nafaqat internet foydalanuvchisi bo‘lgan fuqarolar, balki davlat organlarida, xo‘jalik yurituvchi subektlarda faoliyat olib borayotgan hamda masofadan ishlashga o‘tgan xodimlar, ularning rahbariyati, AKT yo‘nalishidagi mas'ullar ham hushyor bo‘lishi talab etiladi.

Karantin vaqtida Zoom dasturi ommalashdi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, messenjer bitta platformada barcha kommunikatsiya xizmatlarini taqdim eta oladi. Kompaniya karantin sabab barcha pulli servislarni bepul qildi. Biroq kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar ilovani ishlatish shaxsga doir ma'lumotlar o‘g‘irlanishi va ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanish mumkinligini bildirmoqda.

Masalan, Checkpoint Research kompaniyasi Zoom’ni yuklab olish uchun qalbaki saytlar va ilovalar yaratilgani haqida ma'lum qilgan. Ularni yuklab olish oqibatida foydalanuvchilarning bank hisob raqamlari haqidagi ma'lumotlar o‘g‘irlanadi. Epidemiya boshlanganidan beri nomida Zoom so‘zi ishtirok etgan 1700ta domen ro‘yxatga olingan. Ularning 70tasi o‘tgan haftada ro‘yxatga olingani va umumiy domenlar sonining chorak qismi o‘ta shubhali ekanligi aytilmoqda.

Shuningdek, tarmoq orqali foydalanuvchilarning onlayn suhbatlari hujumga uchrashi, chatlarga pornografiya, zararli fayllar tarqatilishi mumkin. Eng yomoni ushbu yangi messenjer orqali shaxsga doir ma'lumotlar, elektron mablag‘lar, foto, videofayllar va yana boshqa axborotlar oshkor etilishi xavfi yuqori», deyiladi inspeksiya xabarida.

Inspeksiya Zoom ilovasidan butunlay foydalanmaslikni so‘ramagan, shunchaki bu nomdagi soxta ilovalardan ogohlantirib ba'zi tavsiyalar ham bergan. Masalan, videokonferensiya amalga oshirayotganda ishonchli parol qo‘llash, konferensiya tarzidagi muloqot vaqtida admin tomonidan cheklov o‘rnatish, chatlarga begonalarni kiritmaslik.

«O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi fursatdan foydalanib ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan foydalanishda quyidagi tavsiyalarni taqdim etgan:

  1. Shaxsiy ma'lumotlar, elektron pochta paroli, telefon raqami, plastik karta raqami va boshqa axborotlarni oshkor etmaslik;
  2. Shubhali botlar, turli kanallar hamda firibgarlar tomonidan ochilgan boshqa manbalarga ishonmaslik;
  3. Masofadan ishlashga o‘tgan davlat organlari yoki xo‘jalik yurituvchi subektlar xodimlari axborotlar bilan ishlashda tegishli tartib va qoidalarga amal qilish, axborot xavfsizligi me'yorlariga rioya qilish;
  4. Elektron hujjat almashinuvi uchun ishlatiladigan dasturiy ta'minotlardan foydalanishda, elektron pochtalar orqali ma'lumot yuborish, ularni qabul qilishda axborot xavfsizligi qoidalariga amal qilish;
  5. Uydan turib masofadan ishlayotgan xodimlarga o‘z korxonasi yoki muassasasidagi AKT mutaxassisi belgilagan qoidalarga bo‘ysunish;
  6. O‘zi va boshqa hamkasblari bilan ish bo‘yicha yozishmalarda shaxsiy elektron pochtadan foydalanmaslik;
  7. Onlayn rejimda ishlash, videokonferensaloqa tarzidagi muloqotlar uchun ishonchli parollardan foydalanish;
  8. Kompyuterda iloji boricha ishonchli dasturiy mahsulotlarni ishlatish;
  9. Begona havolalarga kirmaslik;
  10. Ishonchsiz manbalardan fayllar yuklamaslik, ma'lumot almashinuvida arxivlashtirilgan hamda shifrlangan fayllardan foydalanish, shuningdek muhim axborotlarning zaxira nusxasini olib qo‘yish tavsiya qilinadi.
Ko‘proq yangiliklar: