Tramp OPeKni noqonuniy tuzilma deb atadi

Jahon 10:13 / 05.04.2020 10804

Trampning ta'kidlashicha, neft eksportchi davlatlarining OPeK tashkiloti o‘z-o‘zini yo‘q qilayotgan noqonuniy tuzilmadir. U bunday fikrni Oq uydagi brifingda aytib o‘tdi. 

“Men butun umrim davomida OPeKga qarshi chiqib kelganman, chunki u nima o‘zi? Bu kartel yoki monopoliya deb atash mumkin bo‘lgan noqonuniy tuzilmadir”, deb aytgan Tramp. Uning ta'kidlashicha, OPeK AQShga adolatsiz munosabatda bo‘lmoqda.

Tramp AQShdagi minglab, o‘n minglab ish o‘rinlarini himoyalash uchun import qilinuvchi neftga bojlar kiritishga tayyorligini aytgan. “Agar boj kiritishimiz kerak bo‘lsa, men buni qilaman”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp.

U, shuningdek, Saudiya Arabistoni bilan muzokaralar o‘tkazganini va podshohlik Rossiya bilan neftni qisqartirish bo‘yicha bitim tuzishiga umid qilishini aytgan. Trampning aytishicha, buning natijasida neft qazib olish hajmi kuniga 10 mln barrelgacha yoki undan ham ko‘proqqa qisqarishi mumkin. 

Avvalroq Tramp Rossiya va Saudiya Arabistoni neft olish hajmini oshirgani sababli neft suvdan ham arzonroqqa aylanganini, bu esa eng rivojlangan davlatlarga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganini aytgan.  

Bu orada Rossiya prezidenti Vladimir Putin 3 aprelda neft olish hajmini boshqa davlatlar bilan hamkorlikda qisqartirishga tayyorligini ma'lum qilgan. 

Neft bozori neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha OPeK+ kelishuvini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangandan keyin mart boshida qulagandi. Buning natijasida neft narxi 30 foizga tushib ketgan, uning ortidan butun dunyo bo‘ylab fond birjalari qulagan.

Bitim muvaffaqiyatsizlikka uchragach Saudiya Arabistoni neft olish hajmini ko‘paytirishi, Yevropaga uni yetkazish hajmini oshirishi hamda xaridorlarga katta chegirmalar berishini ma'lum qilgan. Rossiya kompaniyalari bunga neft olish hajmini oshirish bilan javob berishlari ma'lum qilingan.  

Biroq aprel boshida Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak Rossiya neft olish hajmini oshirmoqchi emasligini ma'lum qilgan.

Natijada OPeK+ davlatlari (OPeKga kiruvchi va unga kirmaydigan davlatlar) neft olish hajmini kamaytirish bo‘yicha navbatdan tashqari uchrashuv o‘tkazishga kelishib olishgan. Uchrashuv 8 yoki 9 aprelda o‘tishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: