Koronavirus: Ispaniya va Italiyada kunlik qurbonlar soni kamaymoqda

Jahon 23:47 / 05.04.2020 52854

Ispaniyada qatorasiga uchinchi kun koronavirus qurbonlari soni kamaydi - 5 aprel kuni bu mamlakatda 674 bemor vafot etdi, bu esa juma kundagidan 135taga kam.

Ispaniyada Covid-19 qurbonlari - 12 418taga yetdi, virusdan zararlanish holatlari esa - 130 759ta.

Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches shu kunlarda «kasallik o‘z cho‘qqisidan o‘tishi» haqida gapirgandi.

Sanches 15 mart kuni joriy etilgan karantin choralarini 25 aprelga qadar uzaytirdi va bu choralar hayotni qutqarishi, qo‘shimcha ikki hafta karantin sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari ishini yengillashtirishini qayd etdi.

Kunlik o‘lim holatlari bo‘yicha bugungi ko‘rsatkich so‘nggi o‘n kundagi eng past ko‘rsatkich, 26 mart kunidan buyon ilk marta bir kunda qurbonlar soni 700 nafardan kamroq bo‘ldi.

Dunyoda nimalar bo‘lmoqda
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda virusdan zararlanganlar soni 1 mln 258 mingdan oshgan, 68 mingdan ortiq bemor vafot etgan, 259 mingdan ortiq kishi sog‘aygan. Ayni vaqtda zararlanish holatlarining har to‘rtinchisi Qo‘shma Shtatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, bu mamlakatda virusdan zararlanish holatlari soni 327 871.

Amerikada eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud Nyu-York shtati bo‘lib turibdi, bu yerda Covid-19’dan kasallanish oqibatida so‘nggi bir kunda 594 kishi vafot etdi, ammo epidemiya boshlanganidan buyon kasalxonalarga olib kelingan bemorlar soni birinchi marta kamaydi. Shu bilan birgalikda, shtat gubernatori Endryu Kuomo hali ijobiy o‘zgarish haqida gapirishga erta ekanini aytmoqda. Shtatda jami 4159 kishi koronavirus qurboniga aylandi.

Infeksiya tarqalishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar quyidagi tartibda joylashadi: AQSh, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya.

Xitoy oltinchi o‘ringa tushib ketgan: u yerda virusdan zararlanish holatlari deyarli o‘smayapti - 81 669 holat; so‘nggi bir kunda 30 kishida virus aniqlandi, avvalgi kundagidan 11taga ko‘proq.

Rossiyada so‘nggi bir kunda zararlanganlar soni 658taga oshdi va jami miqdor 5 389taga yetdi. Moskvada yana 536 bemor aniqlandi, jami miqdor 3893ta.

Singapurda kutilmaganda kasallanishlar soni oshib ketdi - 60 foizlik o‘sish. Yakshanba kuni 120 kishida virus aniqlandi, shanba kuni 75 holat qayd etilgandi. Kasallanganlarning ko‘pchiligi - ishchi muhojirlar, ular ish joyida virus yuqtirgan, 120 holatdan 4tasi xorij bilan bog‘liq. Endilikda Singapurda Covid-19’dan zararlanishning 1 309 holati qayd etilgan, 6 kishi kasallikdan vafot etgan.

Germaniyada ham qatorasiga uchinchi kun kasallanish holatlari pasaymoqda - yakshanba kuni 5 936ta yangi holat qayd etildi, Robert Kox instituti ma'lumotiga ko‘ra, bu o‘tgan kundagiga nisbatan 146taga kam.

Italiyada so‘nggi bir kunda 525 kishi Covid-19 qurboniga aylangan - bu esa 19 mart kunidan buyon eng past ko‘rsatkichdir. Shuningdek, kasalxonaga yotqizilganlar va intensiv terapiya talab etiladigan bemorlar sonida ham pasayish kuzatilgan.

Epidemiya boshlanganidan buyon Italiyada 129 mingga yaqin kishi virus yuqtirgan, 15887 kishi vafot etgan.

Fransiyada ham so‘nggi kunda qurbonlar soni kamaydi - shanba kuni 441 bemor o‘limi qayd etilgan, yakshanba kuni 357. Ayni vaqtga kelib mamlakatda virusdan zararlanish holatlari soni 90 mingdan oshdi, 5889 kishi shifoxonalarda, 2189 kishi keksalar uylarida vafot etdi, jami qurbonlar soni - 8078 nafar.

Britaniyada so‘nggi bir kunda 621 kishi koronavirusdan kasallanish oqibatida olamdan o‘tdi, jami qurbonlar soni 4 934 nafarga yetdi. Mamlakatda bir kunda virusdan zararlanish bilan bog‘liq yana 5 903 holat qayd etilgan, jami 47,8 mingdan ortiq kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi agar odamlar ijtimoiy masofa saqlashga rioya etmasa, hukumat ko‘chada sport bilan shug‘ullanishga taqiq qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Bu bayonot dam olish kunlarida ko‘plab britaniyaliklar oilaviy sayrlarga chiqishi ortidan yangradi.

Yakshanba kuni London shahri hokimiyati Lambet tumanidagi Brokvel-park xiyobonini yopib qo‘ydi, shanba kuni bu yerga 3 mingdan ortiq kishi guruh-guruh bo‘lib kelgandi.

Shotlandiya hukumatining bosh tibbiy maslahatchisi doktor Ketrin Kaldervud esa dam olish kunlarida o‘zining shahar tashqarisidagi uyiga borib, ijtimoiy masofalanish tartibini buzgani uchun politsiya tomonidan ogohlantirildi. Kaldervud xonim o‘z harakati uchun uzr so‘radi, ammo undan iste'fo talab qilish boshlangan.

Le Soir nashri ma'lumotiga ko‘ra, Belgiya epidemiologik pikdan o‘tgan. So‘nggi kunda intensiv terapiya bo‘limiga yotqizilgan Covid-19 bemorlari soni 1261 nafarni tashkil etdi, bu bir kun oldingidan 16taga ko‘p. So‘nggi bir kunda 164 o‘lim qayd etildi, 504 kishi sog‘aydi.

Avstraliyada «Ruby Princess» kruiz layneri yo‘lovchilari orasida koronavirusga chalinganlar borligiga qaramay, kemadagilarga Sidneyda qirg‘oqqa tushirilishiga ruxsat berilgani yuzasidan jinoiy ish ochilib, tekshiruv boshlandi.

Kemadagilarning 600 nafarida koronavirus aniqlangan, 10 kishi vafot etgan.

Bu laynerda kasallangan yo‘lovchilar Avstraliyadagi jami holatning 10 foiziga teng - shu vaqtgacha Avstraliyada 5 548 kishida koronavirus aniqlangan.

Bahrayn hukumati karantin tartibini buzuvchilarni kuzatish uchun elektron tamg‘adan foydalana boshladi.

Bu mamlakatda koronavirusdan zararlangani gumonlanganlarning har biri o‘z bilan datchik olib yurishi kerak, bu datchik maxsus elektron ilovaga ulangan bo‘ladi. Tartibni buzuvchilarga 3 oylik qamoq yoki 26 ming dollar jarima jazosi tahdid soladi. Bahraynda shu vaqtgacha 261 kishi virus yuqtirgan, ularning 4 nafari vafot etgan.

Bugun jahonning eng qashshoq davlatlaridan biri bo‘lmish Janubiy Sudanda ham ilk marta koronavirusdan zararlanish holati qayd etildi.

Ko‘proq yangiliklar: