Ehtiyojmandlar 1197 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin – Toshkentda Xayriya markazi ish boshladi

Jamiyat 08:02 / 03.04.2020 18275

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilbar Najmiddinovaning aytishicha, birinchi ish kunida shahardagi 514 ta mahallalar tomonidan berilgan ro‘yxat asosida 2000 ga yaqin oila ro‘yxati shakllantirilgan. Markazning birinchi kunida shaharning 11 tumanidagi 770 oilaga kundalik eng zarur bo‘lgan oziq-ovqat (tovuq go‘shti, un, guruch, kartoshka, piyoz, shakar, yog‘, makaron) mahsulotlari yetkazib berilgan. Bunda 100 nafar ko‘ngillilar bevosita qatnashgan. 

Ehtiyojmandlar qanday aniqlanadi?

 

Mahalla raislari va o‘rinbosari tomonidan oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon mahsulotlariga ehtiyoj sezib, ularni xarid qilishga qiynalayotgan yolg‘iz keksalar, kam ta'minlangan oilalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, nogironligi bor fuqarolar ro‘yxati shakllantirilgan.

Toshkent shahrida vaqtincha yashayotgan fuqarolarga ham yordam ko‘rsatiladimi?

 

Albatta, avvalambor, shunday fuqarolarga ham. 1197 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Toshkent shahrida istiqomat qilib turgan manzilini bildirsa, uzog‘i 2 kunda ularga mahsulotlar yetkaziladi. Yosh bolali yordamga muhtoj oilalarga tagliklar, bolalar bo‘tqalari ham yetkazib berish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, niqoblar, antiseptik vositalar, rezina qo‘lqoplar bilan ham ta'minlash mumkin bo‘ladi. 

Koll-markazning ko‘ngilli operatori sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan «Ko‘ngilli shifokorlar» tashkiloti koordinatori Kamola Safarovaning aytishicha, yordamga ehtiyojmand fuqarolar markaz huzurida tashkil etilgan 1197 raqamli call-markaziga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z murojaatlarini qoldirishlari mumkin. Ular maxsus dasturda qayd etiladi, kun yakunida jamlangan holda tumanlar va murojaatlar mazmuni bo‘yicha saralanadi. Safarovaning so‘zlariga ko‘ra, har bir operator bir kunda kamida 30 nafar fuqaro murojaatini qabul qilmoqda, ayrim hollarda ularning soni 70 nafarni tashkil etmoqda. 

Markaz hukumat, hokimlik va homiylar mablag‘lari hamda ko‘magi asosida kelib tushgan murojaatlarni qanoatlantirib boradi.

Markazning faoliyatida jamoatchilik nazoratini ta'minlayotgan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Obidjon Latipovning xayriya ishlari qanday tashkil etilganiga doir fikrlariga ham qiziqdik. Latipovning ta'kidlashicha, u ertalabdan kelib, markaz faoliyati bilan tanishgan va yaxshi tashkil etilganini e'tirof eta oladi. Shahar kengashi deputati, xayriya ishlarining markazlashuviga doir ijtimoiy tarmoqlardagi turli fikrlarga ham munosabatini bildirar ekan, har qanday yangilik dastlabki onlarda turli fikrlar bilan qarshilanishi tabiiy ekaniga urg‘u berdi. Unga ko‘ra, ish bor joyda kamchilik bo‘ladi, biroq bu kamchiliklar vaqt o‘tishi bilan bartaraf etish mumkin bo‘lgan ishlarda namoyon bo‘lmoqda. 

Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmatining ma'lum qilinishicha, Markazning birinchi ish kunida Mega Logistics servis, Kefayat, Grand Capital, Uzmill LTD, Grand Sugar, Demes Trade, Tanho, Masterpack, Akfa, Art Décor group, Global Export company, New Unique Servis, Candy Gold, Craffers hamda Victoriya Style mas'uliyati cheklangan jamiyatlari hamda O‘zparrandachilik kombinatlari saxovat qo‘llarini cho‘zishgan. 

Kun.uz tahririyati imkoniyati bor vatandoshlarni aholining yordamga muhtoj, ehtiyojmand qatlamiga insonparvarlik yordamlarini ko‘rsatishni yanada jadallashtirish uchun faol bo‘lishga chaqirib qoladi. Bu ishda faol bo‘layotganlar, turli shaklda hissa qo‘shayotganlarga esa, Alloh savoblarini ko‘paytirib bersin!

Ko‘proq yangiliklar: