AQSh O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashish uchun 848 ming dollar beradi

O‘zbekiston 16:02 / 03.04.2020 10092

Muzokaralar chog‘ida AQSh davlat departamentining Covid-19 tahdidini bartaraf qilish bo‘yicha moliyalashtirish dasturiga O‘zbekiston ham qo‘shilgani hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligiga virus tarqalishiga qarshi kurashish uchun individual himoya vositalari to‘plami topshirilgani uchun Amerika tomoniga minnatdorlik bildirildi.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Covid-19 pandemiyasiga qarshi kurashishda tahdid ostida qolgan 64 davlatga favqulodda tibbiy va insonparvarlik yordami ko‘rsatish uchun AQSh hukumati tomonidan 274 million dollar ajratilgani haqida e'lon qilgan edi. 

Amerika tomoni respublikamizda amalga oshirilayotgan karantin choralari, koronavirus yuqtirganlarni axtarib topish, profilaktika qilish va tarqalishining oldini olish bo‘yicha oshirilayotgan sa'y-harakatlar bilan tanishtirildi. Qayd etilishicha, AQShdagi xususiy tibbiy korporatsiyalar, donorlar hamjamiyati va xayriya tashkilotlari bilan O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qarshi kurashishda ularning texnik ko‘magi va insonparvarlik yordamini jalb qilish maqsadida hamkorlik olib borilmoqda.

«Davlat departamenti vakillarining ma'lumotiga ko‘ra, Amerika tomonidan O‘zbekistonning ko‘rsatib o‘tilgan ehtiyojlarini qondirish uchun 848 ming dollar ajratilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu mablag‘lar AQShning xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) dasturi asosidagi navbatdagi transh bo‘lib, Qizil xoch va Qizil yarimoy jamiyatilari xalqaro federatsiyasiga va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga Covid-19’ga qarshi kurashishni qo‘llab-quvvatlash uchun berladi», — deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

Moliyalashtirish keng miqyosli testdan o‘tkazish uchun laboratoriyalarni jihozlash, Covid-19 ustidan epidemologik nazoratni yaxshilash, infeksiyani proflaktika qilish va tarqalishini nazorat qilishni ta'minlashda tibbiyot muassasalarining salohiyatini oshirish, tezkor yordam ko‘rsatish tizimi, zararlangan holatlarni aniqlash va davolash, shuningdek, virus haqidagi dezinformatsiyaga qarshi turishga yo‘naltiriladi.

Umuman olganda, Amerika tomoni bergan ma'lumotga ko‘ra, AQSh kongressiga 2020 yil uchun kiritilgan budjetda O‘zbekiston uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan moliyalashtirish summasi 2019 yilda ajratilgan ko‘mak hajmidan sezilarli ravishda ko‘proq.

Ko‘proq yangiliklar: