Stikersiz qo‘lga tushgan haydovchilarga qanday chora ko‘riladi?

Jamiyat 01:39 / 02.04.2020 49936

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida maxsus ruxsatnomalarsiz harakatlanayotgan avtotransport egalarining javobgarligi haqidagi savolga javob berdi.

«Javobgarlik masalasi bo‘yicha bir narsani tushuntirishimiz kerak. Bugungi kunda bu haydovchilar ko‘chaga chiqqani uchun yo‘l harakati qoidalarini buzganlik to‘g‘risida javobgarlikka tortilmaydi. Chunki ular yo‘l harakati qoidasini buzmayapti. Bu yerda karantin, epidemologiyaga qarshi kurashish qonunlari bilan bog‘liq javobgarlik bor.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi bo‘yicha karantin qoidalarini buzish degan modda bilan javobgarlikka tortiladi. Unda belgilangan jarimalar juda yuqori. 4 million so‘mdan boshlanadi. Shuning uchun hammaga tavsiya va talab ham shundan iboratki, bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak», – dedi Davletov.

Ma'lumot uchun, MJtKning 54-moddasiga asosan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzganlar quyidagicha miqdorda jarimaga tortiladi:

  • fuqarolar – BHMning 20-30 baravari (4 460 000 – 6 690 000)
  • mansabdor shaxslar – 30-50 baravari (6 690 000 – 11 150 000)

Vazir Ruslanbek Davletov ruxsatnoma beriladigan alohida holatlarga ham to‘xtaldi.

«Maxsus komissiyaning bayonida aniq yozilgan. U yerda asosiy mezonlarga to‘g‘ri kelmaydigan, hayotiy zaruriyat bo‘ladigan holatlarda maxsus komissiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri topshirig‘iga asosan biz Adliya vazirligining o‘zida ham stikerlarni rasmiylashtirib beramiz.

Bu – alohida hollarda. Masalan, to‘qimachilik sanoati korxonalarida bugungi kunda niqob ishlab chiqarilyapti. Niqob ishlab chiqarilishini to‘xtatmaslik uchun Toshkent shahrida joylashgan bo‘lsa, birga ishlab, eng minimal ravishda xodimlarni ishdan olib borib, olib kelishda zarur bo‘lgan xizmat mashinalariga individual ravishda ruxsat beryapmiz.

Ana shunday holatlar uchun Adliya vazirligida bu shtabni tashkil qilganmiz», – deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: