Hashamat ko‘z-ko‘z qilinadi-yu, xayriyaga kelganda yashirinmi?

Jamiyat 17:50 / 02.04.2020 61886

Ijtimoiy tarmoqlarning ayrim foydalanuvchilari (ular orasida taniqli ijodkorlar, blogerlar ham bor) san'atkorlardan xayriya so‘rashni qoralab, umuman xayriya so‘rab olinmasligini bildirgan.

Shuningdek, artistlar tomonidan o‘tkazilgan 350 mln so‘mni ham argument sifatida ko‘rsatib, ular buni oshkor qilish niyatida bo‘lmaganlarini bildirishgan.

Xo‘p, fikrlar xilma-xilligi yaxshi, ammo bir necha savollar borki, ularga ham javob berib qo‘yilsa zarar qilmaydi:

1. San'atkorlarimiz xayriyalarini oshkor qilishni istamabdilar, bu pinhon bo‘lishi kerakligini bildiribdilar. Behad ezgu niyat! Ammo bu yerda juda oddiy mantiq buzilmayaptimi? Shu paytga qadar kiygan ko‘ylaklari, mingan mashinalari, hashamatli uylarining g‘ishti qayerdan kelganigacha batafsil gapirganlar «cho‘ntakdan chiqar va xalqqa yetar» chog‘da pinhonlikni eslab qoldilarmi?

2. San'atkorlar Vatan haqida jo‘shib kuylaydilar va ularning bu odatlari hammaga o‘rnak qilinadi, o‘zlari ham bu mavzuda ko‘zga yosh olib yuboradilar. Endi bir o‘ylaylik, shu Vatanning boshiga sinov kelganda pinhona ish qilgilari kelib qoldimi? Xudo saqlasinu, shu Vatan sarhadiga dushman bostirib kelsa, boshqalarga «sizlar borib himoya qilib turaveringlar, biz buyoqda pinhon kurashamiz» desalar qalay bo‘ladi?

3. Endi bevosita ular o‘tkazgan 350 mln so‘mga nazar tashlaylik. Oshig‘i olchi BITTA artistning avji mavsumdagi 4-5 kunlik daromadi bu. Biz ko‘rgan va havas qilgan qo‘sh-qo‘sh mashinalarning yarmi, uylarning nari borsa o‘ndan biri bu. FAQAT BITTASINING!

Hoy, to‘ying ko‘paygur, oshig‘i olchilar, to‘ydan-to‘yga sakrayotganlar, xursandchilikda «xalqimizga xizmat qilganlar» necha kishi edi?!

4. Nega boshqa sohalar qolib, artistlarga yopishaverasan, deysizmi? Avvalo boshqa soha vakillari bu jamg‘arma ochilishi bilan imkoniyatlari qadar mablag‘ o‘tkazib berishdi va berishmoqda. Oddiy odamlar ham xayriyaning turli shakllarida qo‘llaridan kelganlaricha muhtojlarga ko‘mak bermoqdalar.

Eng muhimi – shou-biznes vakillari hamisha omma e'tiborida bo‘lgan, dinmi, siyosatmi, maishiy mojaromi, taom tayyorlashmi – hammasida ular edi. Har birining instagram-u telegramida yuz minglab obunachisi bor edi. Xayriyada ham o‘rnak ko‘rsatsalar yoki hech bo‘lmaganda ommaning e'tirozi tug‘ilgunga qadar ism-shariflarini yashirib bo‘lsa ham bu ishlari haqida ma'lumot bersalar, e'tirozlarga o‘rin qolmasdi.

Katta ehtimol bilan (shaxsiy taxmin, adashgan bo‘lsam xursandman) o‘sha 350 mln. ham «yuqoridan» turtki bo‘lganidan keyin o‘tkazilgan. Buni aniqlash oson, fond tushumlarini kuzatish kifoya.

5. Aslida gap artistlarda ham emas, shifokorni tepkilagan, olimni tanimagan, o‘qituvchini pisand qilmagan Sizu-bizda edi. O‘zimiz san'atkorlarni «ko‘tardik», o‘zimiz ularni haddan ortiq izzat qildik, topganimizni tiqishtirdik. Mana, sinov davrida kim aslida kimligi, xalq koriga kimlar ko‘proq yarashi ma'lum bo‘ldi, qoldi.

Posskriptum. Turli ma'lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda 30 mingdan ortiq qo‘shiqchi bor va ularning (taxminan) 29 ming nafarini ko‘pchilik tanimaydi. Bu 29 minglikka kirganlar amal-taqal qilib kun kechirishadi va ularga e'tiroz bo‘lishi mumkin ham emas. Qolaversa, san'atkorlar orasida shu paytgacha ham, bugun ham xalqni chindan o‘ylagan ustoz san'atkorlar, asl fidoyilar bor, ularga zarracha taalluqli emas bu gaplar.

Postposskriptum. Ko‘pni ko‘rgan bir kishi «artistning qo‘shig‘ini eshitu, o‘zini qo‘yaver» degandi. Bugun shu gapga yana bir ishonch hosil qildim. Qo‘shiq eshitamiz va ortig‘ini kutmaymiz!

Abror Zohidov.

MUALLIF FIKRLARI TAHRIRIYaT NUQTAYI NAZARIDAN FARQLANIShI MUMKIN

Ko‘proq yangiliklar: