Daniya hukumati uch oy fuqarolarining 90 foiz maoshini to‘lab beradi

Jahon 02:22 / 02.04.2020 9144

Shu tariqa ish beruvchi ham, inqiroz vaqtida ishini yo‘qotishi mumkin bo‘lgan mehnatga layoqatli qatlam ham zarar ko‘rmaydi. Bu haqda The New York Times yozmoqda.

Shuningdek, Daniya hukumati davlat binolarini ijara asosida ishlatayotgan korxonalardan ijara puli olmaydi. Bu choralar uchun Daniya hukumati 6,3 milliard dollar pul sarflaydi. Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham bunday choralar ko‘rilgan. Masalan, Niderlandiyada hukumat daromadi kamida 20 foiz kamaygan korxonalar ishchilarining 90 foiz maoshini to‘lab beradi. Britaniya esa fuqarolarining 80 foiz maoshini to‘lab berishni bo‘yniga olgan.

«Tadbirkorlik qatlamiga yordam bersangiz, odamlarning normal hayot tarziga qaytishi oson bo‘ladi va bu bankrotlikning oldini oladi», deydi Daniya iqtisodiy kengashi vakili bo‘lgan Kopengagen universiteti iqtisodchisi Karl-Yoxan Dalgaard.

Ma'lumot uchun, xalqaro iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga ko‘ra, soliqlar 2018 yilda Daniyada ishlab chiqarish hajmining 49 foizini tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich Niderlandiyada 39, Britaniyada 34, AQShda esa 24 foizni tashkil qilgan.

Skandinaviyada soliqlarning yuqori ekani aytiladi, ammo ular buning evaziga ko‘plab qulayliklarga ega bo‘lishadi. Uzoq muddatli mehnat ta'tillari, bepul meditsina va ta'lim shular jumlasidan. Xalqaro iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, Daniyada ishini yo‘qotgan odamlar keyingi olti oyda oldingi maoshining 90 foizi miqdoridagi pul bilan yashay oladi. Taqqoslash uchun AQShda bu ko‘rsatkich 30 foizga teng. Ya'ni, amerikaliklar boshlang‘ich daromadining 30 foizi bilan bir oy yashay oladi.

Ekspertlarning fikricha, Daniya va Niderlandiyadagi ishni AQSh ham qilganida, dunyo iqtisodiyoti kamroq zarar ko‘rardi, ammo AQSh ishchilarning maoshini to‘lab berishi uchun kamida 5 trillion dollar sarflashi kerak bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: