Andijonda ag‘darilib ketgan Damas voqeasida YPX xodimi qay darajada aybdor? 2-qism

Jamiyat 14:25 / 02.04.2020 19586

Avvalgi maqolamizda Andijonda Damas avtomashinasining ag‘darilib ketishi hodisasida YPX xodimi ham qonun talabini buzganligi haqida so‘z yuritilgan edi. «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra bunday xulosa qilish uchun asoslar yetarli emasligi ma'lum bo‘ldi.

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi «Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 149-sonli qaroriga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda vakolatli davlat organlari (shu jumladan YPX inspektori – muallif) tomonidan ushlangan transport vositalarini saqlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tanlab olingan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Ushlangan transport vositalarini saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun tanlab olingan yuridik shaxslar vakolatli davlat organining xabari (murojaati) asosida qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash joyiga olib kelishni (tashishni) ta'minlaydilar.

Mazkur qarorda ham, ushbu qaror bilan tasdiqlangan «Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomda ham xodimga transport vositasini jarima maydoniga o‘zi boshqarib kelish huquqi (vakolati) berilmaganini ta'kidlagan edik.

Shuningdek, Nizomning 6-banida ushlash joyiga kelgan transport vositalarini olib kelish va saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxsning vakili transport vositasini to‘xtash joyiga olib kelish (tashish) va unga joylashtirish choralarini ko‘rishi aytilgan edi.

Biroq, qonun hujjatlarining chuqur tahlili shuni ko‘rsatdiki, Vazirlar Mahkamasining ushbu qaroriga asosan YPX xodimini to‘la aybdor qilib ko‘rsatish mutlaq to‘g‘ri fikr emas.

Chunki «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonunning 17-moddasida ichki ishlar organi xodimi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda transport vositalarini va shaxslarni ushlashni, ko‘rikdan o‘tkazishni amalga oshirish, shaxslarni transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni olib qo‘yish, shuningdek transport vositalarini saqlab turiladigan joyga qo‘yish uchun olib borish huquqiga egaligi belgilangan.

Lekin, aynan ushbu qoida ham YPX xodimini o‘zganing transport vositasini boshqarish huquqini bermasligi mumkin.

Chunki, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-1-moddasiga ko‘ra, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polislarida nazarda tutilmagan foydalanish davrida transport vositalarini boshqarish, xuddi shuningdek faqat mazkur sug‘urta polislarida ko‘rsatilgan haydovchilar ayni shu transport vositalarini boshqarishi to‘g‘risida mazkur sug‘urta polislarida nazarda tutilgan shartlarni buzgan holda transport vositalarini boshqarish huquqbuzarlikni keltirib chiqarishi qayd etilgan.

Demak, bundan kelib chiqadiki, YPX xodimi tegishli sug‘urta polisiga ega bo‘lmay turib, transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmasligi mumkin.

Shunga ko‘ra, bu kabi holatlarda YPX xodimlari qanday yo‘l tutishlari lozimligi haqida IIV YHXBBdan munosabat kutib qolamiz.

Dilshod Abduqodirov

huquqshunos

Ko‘proq yangiliklar: