Xitoyga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga cheklov yo‘q – Ibrohim Ergashev

Iqtisodiyot 18:13 / 01.04.2020 5512

«Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish mavsumi boshlanayotganini inobatga olib, eksportyorlarimizga hozirdan boshlab Xitoyga eksport kontraktlarini masofadan turib onlayn tarzda tuzishni tavsiya qilamiz.

Xitoy tarafining talabiga ko‘ra, eksportyorlarimiz respublikamizda mavjud va Xitoy ro‘yxatidan o‘tgan qadoqlash sexlari, dala va bog‘ egalari bilan shartnomalarni hozirdan tuzishlari lozim. Mazkur sexlarning ro‘yxati karantin.uz rasmiy saytida joylashtirilgan. Shu yerdan o‘zingizga yaqin va qulay bo‘lgan sexlarni tanlab, shartnomalar tuzishingiz mumkin.

Bundan tashqari, avvallari Xitoyga faqat samolyot orqali mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, endilikda Xitoy tomoni bilan 2019 yilning 1 noyabrida imozolangan hamkorlik kelishuviga muvofiq, O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini Qirg‘izistonning Irkeshtom va Turgart hamda Qozog‘istonning Xorgos va Alashankou postlari orqali temir yo‘l va avtotransportlarda tranzit sifatida olib o‘tilishiga ruxsat olingan. Bu kelishuv bo‘yicha ham hech qanday o‘zgarish va cheklovlar kiritilgani yo‘q», deya Ibrohim Ergashevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, karantin davrida harakatlar cheklanayotgani sababli tadbirkorlar uchun eksport-import jarayonlarida qulayliklar yaratish maqsadida ruxsat beruvchi va sertifikatsiya hujjatlarini rasmiylashtirish to‘liq elektron tizimiga o‘tkazilgan hamda to‘lovlar Payme tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

«Tashqi iqtisodiy faoliyat yurituvchi sub'yektlar bilan tuziladigan shartnomalar 100 foiz onlayn-oferta usuliga o‘tkazildi. O‘zbekiston prezidentining 2019 yildagi 4525-sonli qaroriga muvofiq, 2020 yilning yanvar oyidan boshlab meva-sabzavot va tekstil mahsulotlarini eksport qilish jarayonida tadbirkorlarga fitosanitar sertifikatlar bepul rasmiylashtirib berilmoqda. Ushbu to‘lovlarni Investitsiyalar va Tashqi Savdo vazirligining Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi tomonidan kompensatsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ayni kunlarda eksport-import tovarlar chegaraga kirib kelishi, Tashqi iqtisodiy faoliyat markazlariga yetib kelishi, shuningdek fitosanitar sertifikati ramiylashtirilgani to‘g‘risida tadbirkorlarni oldindan xabaror qilish tizimi, ya'ni sms-xabarnomalarni jo‘natish tizimi joriy qilindi.

Rossiya va O‘zbekiston O‘simliklar karantini xizmatlari orasida mahsulotlarni eksportga yuklayotganda ikki tomonlama oldindan elektron xabar berish tizimi yulga qo‘yildi. Xuddi shu tizimni joriy qilish bo‘yicha Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari bilan ham muzokaralar olib borilmoqda», deydi Ibrohim Ergashev.

Ko‘proq yangiliklar: