SSV matbuot kotibi: Bemorlarning 65 nafari viloyatlardagi kasalxonalarda davolanmoqda

Jamiyat 13:57 / 31.03.2020 32619

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari bo‘yicha statistik ma'lumotlarni keltirdi.

«Ayni paytda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasidan zararlanish holatlari 158tani tashkil etmoqda. Ularga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida, xalqaro standartlar bo‘yicha tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, bemorlar bilan yaqin muloqot qilgan fuqarolar ham zudlik bilan aniqlanib, ular salomatligi ustidan 14 kunlik statsionar karantin kuzatuvi ham o‘rnatilgan. Bemorlarning 73 nafari erkak, 85 nafari ayollar bo‘lsa, shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir. 

Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning aksariyati poytaxtimizda muolaja olishmoqda va ular orasida yurtimizning turli hududlaridan bo‘lgan fuqarolarimiz ham bor. 

Jumladan, hozirda Toshkent shahrida yurtimiz bo‘yicha eng ko‘p bemor, ya'ni Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida jami davolanayotgan 92 nafar bemordan 7 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 1 nafari vafot etgan. Hududlar kesimi bo‘yicha: Toshkent shahridan 73, Buxorodan 2, Qashqadaryodan 2, Navoiydan 2, Samarqanddan 7, Sirdaryodan 1 hamda Toshkent viloyatidan 5 nafar bemor poytaxtimizdagi ushbu tibbiyot muassasasida davolanishga yotqizilgandi. 

Qolgan 66 nafar bemor (shundan bir nafari vafot etgan) mamlakatimizning turli hududlaridagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonalarda davolanishmoqda», deyiladi Furqat Sanayevning telegram kanalida berilgan xabarda.

Yaqin orada viloyatlar kesimi bo‘yicha ham batafsil ma'lumot berilishi kutilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, koronavirusdan zararlanish holatlari shu vaqtgacha Toshkent shahridan tashqari, Toshkent, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Andijon, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: