O‘zbekistonda koronavirusga nechta test olingani ilk marta ma'lum qilindi

O‘zbekiston 15:31 / 31.03.2020 56607

31 martga qadar, O‘zbekistonda koronavirusga tekshirish uchun jami 22156ta virusologik tekshirish o‘tkazilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Bugungi kunga qadar koronavirusga tekshirish uchun jami 22156ta virusologik tekshirish o‘tkazilgan. Bir kunning o‘zida 3173ta test o‘tkazilgan va 6ta test natijasi ijobiy chiqqan holatlar mavjud», – dedi Otabekov 31 mart kungi brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bemorlardan 17 nafarining kasalligi bir kishiga borib taqaladi.

«Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan infeksiyaning tarqalish yo‘llari va yosh bo‘yicha yuqish darajasi yuzasidan tahlillar olib borilmoqda. Koronavirus bilan kasallanishning har bir yangi holati epidemiologik nuqtayi nazardan o‘rganiladi.

Hozirgacha ma'lum faktlarga ko‘ra, bitta infeksiya manbasidan 17 kishiga kasallik yuqqan holat aniqlangan. Kasallanganlar orasida bolalar ham bor», – dedi Bosh davlat sanitariya inspektori.

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor 15 martda aniqlangan edi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, bemorlar soni 158 nafarni tashkil etmoqda.

O‘tgan hafta prezident Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan 300 mingta ekspress-test sotib olishga ko‘rsatma bergandi. Bugun Xitoydan 200 mingta test-sistemasi xarid qilingani ma'lum bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: