«Karantinni qanday o‘tkazyapmiz?» - Senat videoroliklar tanlovini e'lon qildi

O‘zbekiston 23:43 / 31.03.2020 7953

«O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) hamkorlikda oilalardagi munosabatlarni yanada yaxshilash, ota-onalar va farzandlar, aka-ukalar, opa-singillar, buva-buvilar va nabiralar o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish hamda ibratli oilaviy an'analarni keng targ‘ib etish, shuningdek, o‘smirlarda murakkab vaziyatni foydali harakatlarga yo‘naltirish, o‘z-o‘zini rivojlantirish, yangi bilim va ta'lim olish uchun vaqtdan samarali foydalanish layoqatini yuksaltirish maqsadida «Karantinni qanday o‘tkazyapmiz?» nomli videoroliklar tanlovini e'lon qiladi», deyiladi xabarda.

Tanlov ikki yo‘nalishda tashkil etiladi. Ya'ni barcha aholi qatlamlari uchun «Karantin paytida uyda, oila davrasida vaqtni qanday o‘tkazyapmiz?» mavzusida hamda o‘smirlar uchun «Maqsadimga erishish yo‘lidagi g‘oyalarim» yo‘nalishida o‘tkaziladi.

Tanlovga mobil telefon, yuqori aniqlikdagi videokamerada suratga olingan va tanlov mavzusiga mos bo‘lgan, 2 daqiqadan oshmagan, o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida tayyorlangan videomahsulotlar 2020 yil 1 apreldan 25 mayiga qadar qabul qilinadi.

Tanlov uchun tayyorlangan videorolik materiallar YuNFPAning Facebook’dagi sahifasiga joylashtirilib, unda ishtirokchining ismi va videorolik mavzusi ko‘rsatilishi yoki videoning Youtube’dagi manzili yuborilishi lozim.

Tanlov natijalariga ko‘ra, har bir yo‘nalishda 3ta eng yaxshi, jami 6ta material tanlab olinadi va ikki yo‘nalish bo‘yicha 1, 2 va 3-o‘rinlar sohiblari noutbuk, planshet va smartfonlar bilan taqdirlanadi.

Tanlov g‘oliblari 2020 yil 1 iyun kuni e'lon qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: