Facebook va Twitter Braziliya prezidentining karantinga amal qilmayotgani videosini o‘chirib tashladi

Jahon 08:14 / 31.03.2020 5538

Folha de Sao Paulo nashrining yozishicha, Bolsonaru 29 mart kuni Twitter’da koronavirus pandemiyasi ortida joriy qilingan karantin vaqtida boshqa odamlar bilan masofani saqlash qoidalarini buzayotgani aks etgan bir nechta videoni e'lon qilgan. Bu videolarda prezident poytaxt Brazilia ko‘chalarida o‘z tarafdorlari bilan yaqin turib muloqot qilayotgani va ularni iqtisodiy inqirozga yo‘l qo‘ymaslik uchun uarantinga ketmaslikka chaqirayotgani aks etgan. Keyinroq bu roliklar ijtimoiy tarmoqdan o‘chirib tashlangan. 

Shuningdek, Bolsonaru ishtirokidagi roliklar Facebook va Instagram’dan ham o‘chirilgan. Facebook matbuot xizmati ushbu videolarni “ijtimoiy tarmoq qoidalarini buzuvchi” deb atab, ijtimoiy tarmoqlar qoidalari zararli axborot e'lon qilishga yo‘l qo‘ymasligini ta'kidlab o‘tgan. 

“Biz Facebook va Instagram’dan hamjamiyatimizning odamlarga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan xabarlarga yo‘l qo‘ymaydigan me'yorlarini buzuvchi kontentni o‘chirib tashladik”, deyilgan kompaniya bayonotida.

Bolsonaru koronavirus pandemiyasi sababli qat'iy karantin kiritilishiga qarshi chiqib keladi. Uning fikricha, bu iqtisodiyotga jiddiy xavf hisoblanadi. Uning pozitsiyasi o‘z hududlarida virus tarqalishi oldini olish uchun cheklovchi choralar qabul qilayotgan ba'zi shtatlar gubernatorlari pozitsiyasiga zid kelmoqda. Braziliya muxolifati prezident koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning jiddiyligini tan olishni istamayotgani sababli uning iste'fosini talab qilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: