Transportdan foydalanish stikerini soxtalashtirish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi – IIV

Jamiyat 14:17 / 30.03.2020 12829

Bu haqda bugun, 30 mart kuni AOKA qoshidagi maxsus shtabda tashkil etilgan onlayn brifingda IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ma'lumot berdi.

«Agar huquq-tartibot organlari xodimlari soxta stikerlardan foydalayotgan haydovchini aniqlasalar, ular Jinoyat kodeksining 228-moddasiga binoan, soxta hujjat tayyorlash va undan foydalanganlik uchun javobgarlikka tortiladi», – dedi Shohruh G‘iyosov.

Uning aytishicha, hozirgacha bunday soxtalashtirish holatlari aniqlanmagan.

Foto: Kun.uz

IIV matbuot kotibi fuqarolarni ham bu kabi noqonuniy holatlarni aniqlash va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda faol bo‘lishga chaqirdi.

Jinoyat kodeksi, 228-modda: Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish

Soxtalashtiruvchining o‘zi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlashi yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishi yoxud bunday hujjatlarni sotishi, shunday maqsadlarda korxona, muassasa yoki tashkilotning qalbaki shtamplari, muhrlari, blankalarini tayyorlash yoxud sotish –

BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, –

2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Hujjatning qalbaki ekanini bila turib, undan foydalanish –

BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yirik shaharlarida shaxsiy avtotransportdan foydalanish cheklovi 20 aprelgacha amal qilishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: