«Onlayn bozor o‘sadi, boshqa ko‘p segmentlarda inqiroz kuzatiladi». Akmal Payziyev biznesni saqlab qolish strategiyalari haqida

Iqtisodiyot 11:37 / 29.03.2020 25894

O‘zbekistonda karantin sharoitida biznesni saqlab qolish choralari qanday? Pandemiya tufayli eng ko‘p zarar ko‘radigan sohalar qaysilar? Onlayn xizmatlar sohasining taqdiri qanday bo‘ladi? MyTaxi hamda restoran va savdo nuqtalaridan yetkazib berish Express 24 loyihalari asoschisi Akmal Payziyev Kun.uz muxbirining ana shu savollariga javob berdi.

Nima deb o‘ylaysiz, pandemiya sharoitida O‘zbekistonda biznesda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Ya'ni taqdir taqozosi bilan onlayn xizmatlar yanada rivojlanadimi yoki aholi tushumlarining tushib ketishi ushbu yo‘nalish rivojlanishiga to‘sqinlik qiladimi?

— Yuzaga kelgan vaziyat – do‘konlar, qahvaxonalar yopilishi odamlarni yangi narsalarni o‘rganishga undamoqda. Odamlarni ayrim narsalarga o‘rgatish qiyin. Aytaylik, oddiy telefondan foydalansangiz, yangi telefonga o‘rganish, yoki bir dasturdan boshqasiga o‘tish qiyin.

Bugun esa yangi narsani o‘rganishga majbur bo‘lishyapti. Keyinchalik onlayn xizmatlardan foydalanishga o‘rganganlarning bir qismi uni tark etsa ham ko‘pchilik qoladi. Avvalgi bilan taqqoslaganda onlayn bozor yuzlab marta o‘sadi deb o‘ylayman. Hozirgi holat buni taqozo qilyapti.

Aholi tushumlarining bu jarayonga ta'siriga kelsak, onlayn xizmatlar orqali bozordan savdo qilish ham mumkin. Bozorni ham raqamlashtirish mumkin. Texnologiyalardan to‘g‘ri foydalanib, tadbirkorlar taklif berishsa, bu imkonsiz narsa esa emas. Barcha rivojlangan davlatlar ana shu bosqichdan o‘tishgan.

Karantin choralari MyTaxi va Express24ga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

— Karantin choralari sababli nafaqat MyTaxi, balki barcha taksi xizmatlarida buyurtmalar ko‘rsatkichi tushdi. Chunki ko‘pchilik uyda o‘tiribdi. Asosiy foydalanuvchilar biznesda, kompaniyalar, davlat xizmatlarida faoliyat yuritadigan odamlar. Bizda yetkazib berish tariflari ham bor. Unda aksincha buyurtmalar ko‘paydi.

Bundan tashqari, boshqa ijtimoiy ishlarni ham amalga oshiryapmiz. Masalan, Express24’ning market bo‘limida niqoblarni hech qanday komissiyalarsiz ishlab chiqaruvchilar narxida sotyapmiz. Har kuni yangi 3-4ta do‘konlar qo‘shib borilyapti. Express 24 Market’ga qo‘shish uchun navbatda 30-40ta do‘kon turibdi. Bundan tashqari, ko‘plab qahvaxona va restoranlar ham qo‘shib borilyapti. Unga ko‘plab do‘konlar ulanishining asosiy sababi – saytni yaratish ko‘p xarajat talab qiladi. Buning uchun 300 dollardan 500 ming dollargacha pul ketishi mumkin. Express 24 Market’ga esa bor-yo‘g‘i 2-3 kunda bepul ulanishlari mumkin.

Express 24 Market kurerlariga tibbiy qo‘lqop va antiseptiklarni bepul tarqatyapmiz. Kurerlarimiz mijoz bilan muloqot vaqtida va muassasadan buyurtma olayotganda niqob va qo‘lqopda bo‘lishi shart. Xavfsizlik talablariga rioya qilmaganlar tizimdan bloklanadi.

Hozir bizneslar qiyin vaziyatni boshdan kechirmoqda. Shuning uchun, MyTaxi’ning yetkazib berish xizmatidan foydalanishmoqda. Ularga qulay bo‘lishi uchun oziq-ovqat va boshqa tovarlarni yetkazib berishni 15 ming so‘mdan 8 ming so‘mga tushirdik.

Buguni kunda @mytaxisavob (https://t.me/mytaxisavob) va @mytaxi_hayriya_bot botini yaratdik. Ular orqali xayriya ishlarini amal oshirmoqchi bo‘lgan kishilar, keksalarga ko‘ngillilar tomonidan bepul transport xizmatlari ko‘rsatilyapti.

Inqirozni yengib o‘tish bo‘yicha rejalaringiz qanday? Karantin sharoitida biznesni saqlab qolish strategiyalarini ishlab chiqdingizmi?

Bu borada rejalarimiz mavjud. Yuqorida nomlari aytib o‘tilgan 2ta biznesdan tashqari boshqa yo‘nalishlar ham bor. Katta mijozlarning faoliyati qisqargani, qiyin ahvolda ekani sababli tushumlar ham tushgan. Bizda yuqori maosh oladigan IT-mutaxassislari ish joylari, jamoani saqlab qolish uchun hozirda olayotgan maoshining bir qismini to‘lab, qolgan qismini qarz sifatida ushlab turib, uni biznes karantindan chiqib, yaxshi holatga qaytganidan keyin to‘lash bo‘yicha kelishyapmiz.

Strategiyalardan yana biri – biz faoliyat olib borayotgan sohaning o‘zgarishi, yangi sharoitga moslashishi haqida o‘ylayapmiz. Karantin tugaganidan keyin inqiroz bo‘ladi. Ana shu inqirozga tayyormizmi, undan qanday chiqish bo‘yicha strategiyalarni tayyorlayapmiz.

Tadbirkor sifatida pandemiya tufayli qaysi sohalar eng ko‘p aziyat chekadi va qaysilari esa aksincha rivojlanadi deb hisoblaysiz?

Pandemiyadan keyin ancha vaqtga tatiydigan inqiroz boshlanadi. Kambag‘allik darajasi ortadi. Qimmat uy, mashina, mebel, sayohat kabi lyuks segmentlar buni juda qattiq sezadi. Sayohat segmenti buni allaqachon sezib bo‘ldi. Uning tiklanishiga 3-4 yil ketsa kerak.

Gigiyenik vositalarni ishlab chiqarish, onlayn xizmatlar, raqamli iqtisodiyot bilan bog‘liq sohalar esa rivojlanadi.

Gulzoda Ibrohimova suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: