FVV yong‘in xavfsizligi bo‘yicha eslatma bilan chiqdi

Jamiyat 14:10 / 29.03.2020 5359

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Davron Kambarov fuqarolar uyda o‘tirishi talab etilayotgan karantin davrida yong‘in xavfsizligiga e'tiborli bo‘lish zarurati haqida eslatib o‘tdi.

«Karantin talablarini bajarish uchun fuqarolarimiz xonadonlarda qolib, boshqa oddiy kunlarga qaraganda uylardagi barcha elektr va gaz ta'minotini vositalarini ishlatishlari sir emas. Ayniqsa, hovli uy-joylarda uy egalari tomonidan ochiq olovdan foydalanib, o‘choqlarda ovqat tayyorlashlarini ko‘rishimiz mumkin.

Shundan kelib chiqqan holda, ochiq olovdan foydalanishda e'tiborsiz bo‘lmaslik, ehtiyotkorlik va yong‘in xavfsizligi choralarini ko‘rish, alanga va cho‘g‘larni o‘chirmasdan qoldirmaslik, nosoz bo‘lgan elektr sim va vositalarini ta'mirlash yoki umuman ishlatmaslik, tabiiy gazdan, ayniqsa gaz ballonlarni foydalanish qoidalariga rioya etish, bolalarni uyda yolg‘iz qoldirmaslik so‘raladi», deya Davron Kambarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, obektlarni muhofaza qilish maqsadida 1100 nafar yong‘in-qutqaruv tuzilmalari shaxsiy tarkibi, 300ga yaqin maxsus texnikalar, FVDTning tegishli xizmatlarining 12 000 nafardan oshiq shaxsiy tarkibi va 2500dan oshiq maxsus texnikalari shay holatga keltirilgan.

«Muammoli vaziyatlar yuzaga kelganda «o‘zim chorasini ko‘raman» demasdan, zudlik bilan kerakli tashkilotlar, ya'ni 101, 102, 103, 104 telefon raqami orqali mutaxassislarini chaqirishingiz so‘raladi. Favqulodda vaziyatlar xavfini sezganingizda yuqorida aytib o‘tilgan va 1050 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling», deya qo‘shimcha qildi Davron Kambarov.

Ko‘proq yangiliklar: