Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda

Jahon 21:59 / 27.11.2022 13598

25 noyabr kuni Shinjon-Uyg‘ur muxtor hududining yirik shahri Urumchida kovid cheklovlariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda G‘arb nashrlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga tayanib xabar tarqatdi; Reuters agentligi bu videoroliklar aynan Urumchida olinganini tasdiqlagan.

Roliklarda ko‘chada to‘plangan odamlar qo‘shiq kuylab, shiorlar aytayotganini ko‘rish mumkin — Reuters nashri yozishicha, namoyishchilar «Lokdaunni bekor qiling!» deya hayqirishgan va Xitoy madhiyasini kuylagan, unda «Qul bo‘lishni istamaydiganlar, o‘rningdan tur!» so‘zlari bor. BBC News nashri yozishicha, videolardan birida odamlar guruhi himoya to‘sig‘ini yorib o‘tishgan. The New York Times xabar qilishicha, ayrim roliklar internetning Xitoy segmentida keng tarqalgan, ammo keyin ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilgan.

Urumchida aholining katta qismiga o‘z uyini tark etish taqiqlangan lokdaun avgust oyidan buyon, ya’ni yuz kundan ortiq vaqt davomida saqlanib turibdi. Shu bilan birga, butun muxtor hududda 25 noyabr kuni kovidga chalinish bilan bog‘liq mingga yaqin yangi holat qayd etilgan, shundan faqat 20 holatda kasallik tashqi alomatlarga ega.

Namoyishlar Urumchidagi ko‘p qavatli uyda 24 noyabr kuni ro‘y bergan yong‘in ortidan bo‘lib o‘tdi, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida 10 kishi halok bo‘lib, to‘qqiz kishi tan jarohati olgan.

O‘t o‘chiruvchilar ishiga kovid cheklovlari xalal bergan bo‘lishi mumkin. Hodisa chog‘ida olingan kadrlarda o‘rnatilgan to‘siq tufayli uy oldiga yetib bora olmayotgan o‘t o‘chirish mashinasini ko‘rish mumkin. Undan chiqqan suvni yuqori qavatdagi olovga yetkazishning imkoni bo‘lmagan. The New York Times nashri yozishicha, bunday to‘siqlardan Xitoy shaharlarida lokdaunlar vaqtida cheklov choralari doirasida o‘rnatiladi. Shuningdek, Reuters xabariga ko‘ra, uyda yashovchilar lokdaun tufayli hududni tezda tark eta olmagani haqida fikrlar bor.

Ammo mahalliy favqulodda xizmat boshlig‘ining aytishicha, o‘t o‘chiruvchi mashinalar uy oldiga «o‘tish yo‘li juda tor bo‘lgani va shaxsiy avtomobillar ko‘pligi» tufayli kirib bora olmagan. Shuningdek, u binoda yong‘in vaqtida chiqish yo‘llari ochiq bo‘lgani, ammo ayrim yashovchilar bu yo‘l qayerda joylashganidan bexabar bo‘lganini aytgan.

Mahalliy ma’murlarning ta’kidlashicha, bu uy go‘yoki koronavirus cheklovlari nuqtayi nazaridan «past xavfli» deb tasniflangandi, bu esa aholi uyni erkin tark etishiga imkon berardi. Ammo South China Morning Post jurnalistlari yozishicha, bu so‘zlarning tasdig‘i topilmagan. Uyda yashovchilardan biri BBC News muxbiriga aytishicha, bu uydan faqat rasmiylardan ruxsat so‘rab, qisqa muddatga chiqish mumkin bo‘lgan.

26 noyabr kuni, Urumchidagi namoyishdan keyin, Xitoy nashrlarida Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyati rasmiylari yong‘in yuzasidan «sinchkovlik bilan tekshiruv» o‘tkazilishi va aybdorlar javobgarlikka tortilishini va’da qilgani haqida xabar tarqatildi. Shahar meri Mamtimin Xadir odamlar o‘limi yuzasidan hamdardlik bildirib, shahar aholisidan uzr so‘ragan (BBS News buni noodatiy hodisa deb baholagan).

Bu Xitoyda so‘nggi haftalarda kovid cheklovlariga qarshi ilk namoyish emas. Oktyabr oyi oxirida Tibet muxtor hududining Lhasa shahrida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y bergani ma’lum bo‘lgandi, o‘sha vaqtda bu hududda uch oydan buyon lokdaun amal qilayotgandi. Xabarlarga ko‘ra, bu yerda etnik ko‘pchilikka mansub bo‘lgan xanlardan iborat ishchi migrantlar norozilik bildirishgan. Noyabr oyi o‘rtalarida Guanchjouda ham norozilik namoyishlari va politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi, bu kovid avj olgan hududlardan biri bo‘lib turibdi.

Xitoy hukumati koronavirus keng tarqalgan aholi yashash manzillarida qat’iy cheklovlar joriy etishda davom etmoqda. Bu esa Xitoty iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aytiladi. Ammo yaqinda Xitoy Kompartiyasi qurultoyida kovidga qarshi «nol bardoshlik» siyosati muvaffaqiyatli deb baholandi. Xitoy rasmiy statistikasiga ko‘ra, mamlakatda pandemiya boshidan buyon koronavirusdan besh mingdan ortiqroq kishi vafot etgan.

So‘nggi kunlarda Xitoyda, rasmiy statistikaga ko‘ra, mamlakat uchun kunlik kasallanish bilan bog‘liq rekord ko‘rsatkichlar qayd etilmoqda — kuniga 32-35 ming kishida kasallik aniqlanmoqda. Oy o‘rtalarida mamlakatda ma’lum yumshatishlar joriy etilgandi — xususan, mamlakatga keluvchilar va kasallangan kishilar bilan yaqin aloqada bo‘lganlar uchun karantina muddati kamaytirilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: