O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan «CENTIL» yuridik firmasi hamkorlikda mahalliy tadbirkorlar, fermerlar, import va eksport jarayoni ishtirokchilari hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun obektiv murakkab sharoitda ularni himoya qilish maqsadida mazkur eslatma ishlab chiqildi.
1. Bizning biznesimizga COVID-19 tufayli zarar yetmoqda. Kreditlar, yetkazib beruvchilar, ijara va boshqalar uchun to‘lovlarni to‘xtatib turishimiz mumkinmi?
Bunday qila olmasligingiz ehtimoli yuqoriroq. Shartnoma shartlarini diqqat bilan o‘qing. Agar sizning shartnomangizda fors-major holatlari, ayniqsa, epidemiyalarning boshlanishi va ularning o‘ziga xos oqibatlari to‘g‘risida batafsil yozilmagan bo‘lsa (tajribaga asoslanib, biz ular yozilmagan, deb taxmin qilamiz), katta ehtimol bilan, siz hatto epidemiya kabi nazorat qilish imkonsiz bo‘lgan holatlardan ham shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik uchun asos sifatida foydalana olmaysiz. Gap shundaki, mablag‘ yetishmasligi yoki kontragentlar tomonidan majburiyatlarning bajarilmasligi fors-major holatlari emasligi Fuqarolik kodeksida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu bilan birga, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi umumiy ovqatlanish, turizm korxonalaridan, o‘quv markazlaridan va ushbu karantin davrida faoliyati to‘xtatilgan boshqa korxonalardan davlat mulkini ijaraga olganlik uchun haq olinmasligini e'lon qildi. Ta'kidlanishicha, investorlar investitsiya majburiyatlarini bajarishlarini kechiktirishi mumkin. Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan barcha tijorat banklariga pul mablag‘lari oqimlari pasayishi kuzatilayotgan va loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kechikish paydo bo‘lgan korxonalar tomonidan kreditlarni qaytarishni uzaytirish imkoniyatlarini o‘rganish tavsiya qilindi.
2. Ha shunday, ammo bizda fors-major sharti yoritilgan. U bizga yordam beradimi?
Bunday holatda barchasi uning batafsil yozilganligiga bog‘liq bo‘ladi. Agar ushbu shartda epidemiya yuzaga kelganida, shartnomalarning ijrosi to‘xtatib qo‘yilishi aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa, unda siz bajarish muddatini kechiktirishingiz mumkin. Shuni unutmang, fors-major bu birinchi navbatda shartnomani amalda bajarish imkonsizligidir, resurslar yoki istaklarning yetishmovchiligi emas.
Masalan, bosh hisobchi yoki direktorning karantinga joylashtirilishi va davlat idoralari tomonidan ularning bank hisobraqamiga kirish uchun elektron kalitlar bilan qo‘l telefonlarining olib qo‘yilishi bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin. Bunday holda obektiv holatlar sababli shartnomani bajarish imkonsizligi ko‘rinib turadi. Ba'zi yirik shartnomalarda Material Adverse Effect boblariga, ya'ni xarajatlarni qoplash, shartnomalarni to‘xtatib turish va hatto bekor qilishgacha bo‘lgan shartlarni keltirib chiqaruvchi fors-major holatlarining oqibatlari ko‘rsatib o‘tiladigan havolalar mavjud bo‘lishi mumkin.
3. Agar fors-major sharti mavjud bo‘lmasa-chi?
Bu unchalik muhim emas. Bunday holda Fuqarolik kodeksidagi (333-modda) umumiy shartlar va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 fevraldagi №63-son qarori qo‘llaniladi. Qanday bo‘lmasin, yodda tutish lozim, fors-major holatlari siz bilan har doim ham fikri bir joydan chiqmasligi mumkin bo‘lgan kontragent bilan muzokaralar mavzusi bo‘lib, bunday holatda nizoni barcha jihatlarni inobatga olgan holda sud hal qiladi. Shuningdek, ta'kidlash lozimki, Fuqarolik kodeksiga binoan, qarzdorning kontragentlari tomonidan majburiyatlarning buzilishi, shuningdek, bozorda zarur tovarlarning va qarzdorda zarur mablag‘larning yo‘qligi fors-major holatlari sanalmaydi.
4. Bizda haqiqatan ham mablag‘ yo‘q va yetkazib beruvchilar pand berdi. Bu holda nima qilish kerak?
Kelishish kerak. Ko‘p hollarda masala shunday yechiladi. Bunda, shuningdek, kreditni qayta ko‘rib chiqish, yetkazib berish muddatlarini, to‘lov muddatlarini, loyiha parametrlarini, mahsulot ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish lozim. Shunda, ehtimol, kontragent sizga yordam beradi va shartnomalar bo‘yicha jarima qo‘llamaydi. Har qanday holatda ham, barcha yangi kelishuvlarni shartnomalarga kiritiladigan o‘zgartirishlarda imkon qadar batafsilroq aks ettirish lozim.
5. Biz Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan beriladigan fors-major sertifikati haqida eshitdik. Bu yordam beradimi?
Ha, bu yordam berishi mumkin. Ta'kidlash lozimki, sertifikatlar faqat tashqi iqtisodiy shartnomalar bo‘yicha 1–2 kun ichida beriladi. Mazkur havolada kontaktlar hamda sertifikatlarni berish tartibining tavsifi ko‘rsatilgan. Ishning natijasi fors-major holatlari va shartnomani bajarmaslik oqibatlarining shartlari qay darajada batafsil bayon qilinganiga bog‘liq bo‘ladi. Ehtimol, sizning kelishuvingizga binoan epidemiyalarning boshlanishi fors-major holati deb hisoblanishi mumkin va bu kelishuv tomonlarni majburiyat va javobgarlikdan ozod qiladi.
6. Shartnoma bo‘yicha qo‘llaniladigan qonunchilik O‘zbekistonniki bo‘lmasa-chi?
Agar sizning tashqi iqtisodiy shartnomangiz bo‘lsa, u O‘zbekiston qonunchiligi bilan tartibga solinmasligi mumkin. Bunday holda, fors-major holatlari yuzaga kelishi bilan bog‘liq masalalar kelishuv orqali tanlangan mamlakat qonunchiligi bilan hal qilinadi. Sizga kontragentingiz bilan bog‘lanishingizni va ularning mamlakatida fors-major holatlari yuz berganligi to‘g‘risida rasmiy e'lon berilganligini aniqlashtirishni maslahat beramiz.
7. Yerni ijaraga berish shartnomalari, davlatga paxta xomashyosi va meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish to‘g‘risida nima deyish mumkin?
Standart yetkazib berish shartnomalarida, odatda, fors-major to‘g‘risida qoidalar mavjud emas. Biroq, Fuqarolik kodeksining normalaridan foydalanib, o‘z manfaatlarini himoya qilishga harakat qilish mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlari egalari kengashiga murojaat qilish yordam berishi mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga murojaat qilish foydali bo‘lishi mumkin (http://www.chamber.uz).
Shu bilan birga, 2020 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovlari bo‘yicha penya hisoblashdan ozod qildi. Shuningdek, ularga nisbatan soliq qarzlarini undirishni ta'minlash choralarini qo‘llanmaydi.
8. Men kontragentga xabarnoma yuborishim kerakmi?
Albatta. Mavjud vaziyat to‘g‘risida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining COVID-19 bo‘yicha rasmiy bayonotiga tayanib, o‘z vaqtida xabarnomani taqdim qilish shartnomani bajarishda kechikishlar yuzaga kelganda, muzokaralar paytida va hatto sud jarayonida sizning foydangizga yaxshi dalil bo‘lishi mumkin. Xabarnoma buyurtma xat, faks yoki xabarning haqiqiyligini tasdiqlovchi boshqa usul bilan yuborilishi maqsadga muvofiq.
9. Bizda sug‘urta polisi bor. Bu yordam beradimi?
Ehtimol. Bularning barchasi sizning sug‘urta qoplamangizga bog‘liq. Agar bu biznesni to‘xtatilish xavfi (business interruption) sug‘urtasi yoki import-eksport xavfini sug‘urtalash bo‘lsa, endi, epidemiya yoki pandemiya holatlarida sug‘urta qoplamasi bo‘lgan sug‘urta polisini olishning ayni vaqtidir. Ushbu sug‘urta turlari savdo-sotiqdagi yoki yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar yoki transport markazlarining yopilishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar, karantin, tranzit paytida musodara, embargo va boshqa xatarlar tufayli kelib chiqadigan zararlarni qoplaydi.
Shuni esda tutish lozimki, ko‘plab sug‘urta polislari sizning biznesingizni to‘xtatib qo‘yish zarurati tufayli yuzaga kelgan «tijorat daromadining haqiqiy yo‘qotilishi» to‘g‘risidagi dalillarni talab qiladi. Shuning uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘qotishlarni hujjatlashtirishga tayyor bo‘ling. Umuman olganda, sug‘urta ishlarida javob tezligi — asosiy faktorlardan biri. Shu sababli, sug‘urta korxonasini sug‘urta hodisasi to‘g‘risida eng qisqa vaqt ichida xabardor qilish va hujjatlarni to‘plashni boshlash juda muhimdir.
10. Bizning kontragentimiz o‘z risklarini sug‘urta qilgani ma'lum bo‘ldi. Bu muammoni hal qiladimi?
Ha, bu muammoni hal qilishi mumkin, ammo faqat sizning kontragentingiz uchun. Uning xatarlari sug‘urtalaganligi siz shartnomani bajarmasligingiz mumkin degani emas.
Shartnoma huquqining asosiy tamoyili — uning shartlari bajarilishi kerak.
Sug‘urtalovchi o‘z kontragentingizga yetkazilgan zararni qoplaganidan so‘ng, kontragentning huquqlari unga subrogatsiya deb ataladigan mexanizm orqali o‘tadi. Sodda qilib aytganda, sug‘urtalovchi sizning kontragentingiz o‘rnini egallaydi va buning oqibatida sizga qarshi bo‘lgan barcha huquqlarini qabul qilib oladi.
11. Karantin nima va kim tomonidan joriy etiladi?
Karantin — bu infeksiya tarqalishini, odamlar, transport vositalari, yuklar va boshqalar harakatini cheklash chora-tadbirlari. Karantinni chegara nazorat punktlarida joriy etilgan sanitar-karantin nazorati bilan adashtirmaslik lozim. «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, cheklovchi tadbirlar (karantin) – yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma'muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlaridir.
Karantin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Qoraqalpog‘istonda Vazirlar Kengashi) va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ma'lum bir obekt yoki hududga nisbatan joriy etilishi mumkin; ular karantinni amalga oshirish muddatlari va tartibini ham belgilaydilar. Mamlakatimizda karantin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 26 martdagi №176-son qarori bilan rasman joriy etildi.
12. Karantin paytida ishtirokchilar va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishini chaqirishimiz kerak. Buni qanday amalga oshirish mumkin?
Buni masofadan turib amalga oshirishingiz mumkin. Mas'uliyati cheklangan jamiyatlarda uchrashuvlarni masofadan turib aloqa vositalari yordamida o‘tkazish mumkin. Aksiyadorlik jamiyati bilan bog‘liq vaziyat ancha murakkabroq, chunki uchrashuvlarni masofadan turib o‘tkazish taqiqlanmagan bo‘lsa-da, aksiyadorlarni aniqlash va ishtirok etuvchi aksiyadorlarning saylov byulleteniga imzo qo‘yish zarurati uchrashuvlarni jismoniy ishtiroksiz o‘tkazishga imkon bermaydi. Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi barcha aksiyadorlik jamiyatlarini koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida barcha rejalashtirilgan umumiy aksionerlik uchrashuvlarini kechiktirishga chaqirmoqda.
13. Kechiktirilgan valuta tushumlari bilan qanday yo‘l tutish lozim?
Sizning eksport shartnomalaringiz doirasidagi tushumlar 120 kun (ba'zi hollarda, 180 kun) ichida tushishi shart. Kechiktirilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 30 sentyabrdagi №416-son qaroriga muvofiq, juda jiddiy sanksiyalarga duchor bo‘lishingiz mumkin. Biroq, aynan shu qarorda fors-major holatlari yuzaga kelganda sanksiyalar qo‘llanilmasligi ta'kidlangan. Shu munosabat bilan, kontragentdan ularning mamlakatida karantin qo‘llanilishining yoki epidemiya e'lon qilinishining rasmiy tasdig‘ini olish juda muhimdir.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son farmoniga muvofiq, muayyan cheklashlar bilan kafolat to‘lovini ta'minlamasdan tovar eksport qilinishiga ruxsat berildi. Shu bilan birga, 2020 yil 1 oktyabrga qadar tashqi savdo operatsiyalaridan muddati o‘tgan debitorlik qarzdorliklari uchun korxonalarga jarimalarni qo‘llash to‘xtatildi.
14. Bo‘lg‘usi shartnomalarda qanday yo‘l tutish lozim?
Hozirgi pandemiya sharoiti shartnoma va qonun-qoidalarni ishlab chiqishda albatta chuqur iz qoldiradi. Kelajakda shartnomalar imzolash paytida biz tomondan O‘zbekistondagi mijozlar uchun maxsus ishlab chiqilgan COVID-19 shartini shartnomada yoritishni tavsiya qilamiz.
15. Ha, barchasi oson emas. Bunday paytlarda davlat yordam berishi kerak emasmi?
Albatta. Aynan shunday qiyin paytlarda barqarorlikning yagona ishonchli manbai sifatida davlat apparati ishining asosiy jarayonlari ishga tushadi. Prezident Sh.Mirziyoyev 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son farmoni bilan, eng avvalo, epidemiyaga qarshi kurashish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, foizsiz kreditlar berish, transport xarajatlarini qoplash orqali tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab quvvatlashga qaratilgan 10 trillion so‘m miqdorida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasini tashkil etdi.
Shu bilan birga, hudud va tarmoqlarda eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etishi mumkin. Buning uchun Investitsiya va tashqi savdo vazirligiga murojaat qilish lozim. Bundan tashqari, joriy yil uchun ayrim soliq turlari va budjetga ajratmalar sezilarli darajada kamaytirildi.
COVID-19 sharti
Agar tomonlar majburiyatlarini bajarish imkonsizligi koronavirus infeksiyasi (COVID-19) pandemiyasi va (yoki) Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya deb e'lon qilingan yoki qilinmagan har qanday boshqa epidemiya va kasalliklar kelib chiqishi natijasida bo‘lgan va shu sababli davlat organlari tomonidan majburiyatlarning bajarilishini cheklaydigan harakatlar va qarorlar qabul qilingan, tomonlar oldindan ko‘ra olmaydigan va oqilona chora tadbirlar bilan uning oldini olishi ilojsiz bo‘lgan hollarda (bundan buyon «Maxsus fors-major holatlari» deb ataladi) tomonlar mazkur shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi. Bunday hollarda tomonlar shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini to‘la va oqilona bajarish uchun barcha choralarni qo‘llashi lozim.
Tomonlar maxsus Fors-major holatlari pul mablag‘ tushumlariga, uchinchi shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan, tovar va xizmatlar tushumiga ta'sir qilishi va shuningdek, maxsus fors-major holatlariga duchor bo‘lgan tomonga salbiy iqtisodiy oqibatlar olib kelishi mumkinligini tushunadi va rozi bo‘ladi. Shu sababli, maxsus fors-major holatlariga duchor bo‘lgan tomonda pul mablag‘lari, boshqa manbalari yetarli bo‘lmagan yoki ushbu majburiyatlarining bajarilishi uchinchi shaxslar tomonidan tovar yoki xizmatlar yetkazib berilish muddatlaridagi uzilish tufayli va tomon shu haqida boshqa tomonni majburiyatni bajarish uchun belgilangan muddatda majburiyatni bajarishdagi kutilayotgan kechikish muddatini ko‘rsatgan holda yozma ravishda ogohlantirgan taqdirda, tomon ushbu shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini kechiktirish huquqiga ega. Agar ikkinchi tomon taklif etilgan kechikish muddatiga rozi bo‘lmasa, tomonlar birgalikda qabul qilingan qaror bilan keyingi harakatlarni belgilashlari shart.
Maxsus fors-major holatlarining yuzaga kelishi tufayli o‘z majburiyatlarini bajarmagan tomon boshqa tomonni majburiyatlarning lozim darajada bajarilishiga ta'sir darajasini ko‘rsatib, uning boshlanishi va/yoki tugatilishi sanasidan boshlab, bunday holatlarning sodir bo‘lishi va/yoki tugatilishi haqida yozma ravishda xabardor qilishi shart. Agar maxsus fors-major holatlari ketma-ket 3 oydan ortiq vaqt mobaynida amal qilgan bo‘lsa va ularning tugatilishi belgilari bo‘lmasa, tomonlar keyingi harakatlarni birgalikda qaror qabul orqali belgilaydilar.
Agar tomonlarning birortasining maxsus fors-major holatlari tufayli o‘z majburiyatlarini qisman yoki to‘liq bajara olmasligi 6 oydan ortiq davom etsa, ushbu tomon kelishuvni bir tomonlama tartibda bekor qilish huquqiga ega. Tomon majburiyatlarining bajarilishiga ta'sir darajasini ko‘rsatib, maxsus fors-major holatlari haqida ikkinchi tomonni o‘z vaqtida yozma ravishda xabardor qilmasa, ushbu tomon majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilinishi uchun asos sifatida maxsus fors-major holatlarining amal qilishiga tayanish huquqidan mahrum etiladi.
Ushbu eslatma COVID-19 inqirozi tufayli kelgusi harakatlar haqida umumiy tushuncha berish maqsadida tayyorlangan. Ushbu material huquqiy konsalting mahsuloti sifatida talqin qilinmasligi kerak. Har bir alohida holat mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘rganib chiqilishi kerak.
«CENTIL» iqtisodiyotning asosiy yo‘nalishlarida investitsiya loyihalari bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi Markaziy Osiyodagi eng yirik yuridik firmalardan biri hisoblanadi.
Firma Angliya va Uels Huquqshunoslar Jamiyatining nufuzli «Xalqaro-huquqiy kasbda yorqin yutuqlari uchun» deb nomlanuvchi mukofotga 2016 va 2018 yillarda munosib topilgan Markaziy Osiyodagi yagona firma hisoblanadi va shu bilan birga, nufuzli The Lawer European Awards mukofotining «Yil firmasi: Ukraina, Rossiya va MDH» nominatsiyasida 2017, 2018 va 2019 yillardagi finalchisi hisoblanadi