Aviatsiya texnikasini ishlab chiqarishga koronavirus pandemiyasi bevosita ta'sirini o‘tkazdi — gigiyenaga qo‘yilgan yangi talablarni hisobga olish zaruriyati tufayli kompaniyalar ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘lishdi.
Bu talablar nafaqat ishlab chiqarishni qayta tashkillashtirishni taqozo etadi, shuningdek, ishchi o‘rinlarini yoppasiga dezinfeksiya qilishni ham nazarda tutadi. Aviatsiya ishlab chiqarish esa, bilamizki, chakana maydonlarda amalga oshirilmaydi.
Boz ustiga, kompaniya shtatida atigi bir kasal paydo bo‘lsa ham, u bilan aloqada bo‘lganlarning barchasi avtomatik ravishda karantinga jo‘natiladi.
Pandemiya bilvosita o‘z ta'sirini ham ko‘rsatdi — aviatashuvlarning keskin kamayishi hisobiga avia xizmati ko‘rsatuvchilar o‘z aviaparkini rivojlantirishni qayta ko‘rib chiqib, yangi samolyotlar xarid qilishga ham o‘ylanib qolishdi.
Yana bir bilvosita omil — neft narxlari tushib ketishi bo‘ldi. Qimmat neft samolyotlar ishlanmasiga ta'sir o‘tkazgan eng muhim omillardan biri bo‘lib turgan edi — yangi avloddagi Airbus A-320NEO va Boeing 737MAX laynerlari paydo bo‘lishida ularning tejamkor dvigatellari bosh shart qilib belgilab olingan edi.
Ayrim ekspertlarning fikricha, endi, neft narxlari keskin arzonlashgach hamda jahon aviaparki qisqara boshlagach, o‘ta tejamkor samolyotlarga bo‘lgan talab ham pasaya boshlaydi.
Bu omillarning barchasi aviasozlik bilan shug‘ullanuvchi korporatsiyalarning samolyot ishlab chiqarish rejalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.
«Aviaport» tahliliy xizmatining rahbari Oleg Panteleyevning BBC’ga aytishicha, ayni paytda aviasozlik sanoati uchun samolyotlarni ishlab chiqarish real sur'atlarini bozor talablariga moslashtirish muhim.
«Katta sur'atlarga erishib, jahon aviasozlari katta xarjlar qilishmoqda. Buyurtmalar bekor qilinganda va kelajakda havo kemalarini yetkazib berish muddatlari o‘zgarganda, ikkilamchi bozorlarda samolyotlarning narxi keskin pasayganda — bu kabi barcha salbiy omillar chog‘ida bunday kassa uzilishini bartaraf etish uchun nimadir qilish kerak bo‘ladi», — deydi ekspert.
Avia.ru portalining bosh muharriri Roman Gusarovning fikricha, joriy inqirozda nafaqat koronavirus va uning iqtisodiy oqibatlari, shuningdek samolyotlarni ortiqcha ishlab chiqarishda o‘z aksini topgan jahon iqtisodiyotining umumiy ahvoli ham aybdor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropaning Airbus korporatsiyasining samolyotlar ishlab chiqarish sur'ati 2019 yildayoq sotuv sur'atlaridan ortiq edi: «Ular o‘shandayoq ishlab chiqarish sur'atlarini pasaytirishga shama qilishayotgan edi, bularning barisi koronavirusgacha aytilayotgan edi».
Boeing
Samolyot konstruksiyasidagi nuqson tufayli yo‘lovchi avialaynerlarining ketma-ket halokati va 737MAX laynerlarini yetkazib berish dasturining to‘xtatilishidan so‘ng chuqur inqirozda qolgan Amerikaning Boeing samolyotsozlik korporatsiyasi Sietl hududidagi korxonalarida samolyot ishlab chiqarishni koronavirus tufayli bas qilishga majbur bo‘ldi.
Korporatsiya zavodlari 25 mart, chorshanba kuni ikki haftaga to‘xtatildi. Boeing ishchilarning bir qismini masofaviy ishlashga, yana bir qismini maosh to‘lanadigan ta'tilga jo‘natdi.
Bu esa nafaqat avialaynerlar ishlab chiqarishining qisqarishiga, shuningdek harbiy buyurtmalarning ham barbod bo‘lishiga olib keldi. Bu zavodlarda 737-800 bazasida tayyorlangan kemalarga qarshi P-8 Poseidon samolyoti hamda, 767 bazasidagi yoqilg‘i eltuvchi KC-46A samolyotlari ham ishlab chiqariladi.
Ikki haftalik tanaffus ishlab chiqarishni qayta jihozlash va barcha ishlab chiqarish maydonlarini dezinfeksiya qilish uchun kerak.
O‘tgan haftada Boeing dividendlar bo‘yicha to‘lovlarni, shuningdek, yil oxiriga qadar bosh direktor hamda direktorlar kengashi raisiga maosh to‘lashni ham to‘xtatganini e'lon qildi.
To‘g‘ri, Boeing’da so‘nggi paytda xushxabarlar ham bo‘ldi — bir necha kun avval korporatsiya 737MAX samolyotlari ishlab chiqarishni may oyiga kelib qaytadan boshlashini e'lon qildi.
17 mart kuni AQSh prezidenti Donald Tramp ahvoli yomonlashgan Boeing «koronavirus» inqiroziga bas kelishi uchun davlat tomonidan moliyaviy yordam olishi kerakligini ta'kidladi.
Bungacha korporatsiya AQSh aviakosmik sanoati 30 milliard dollarga muhtoj ekanini ta'kidlab, bu puldan qanchasi aynan o‘zlariga zarurligini aniqlashtirmagan edi.
BBC’ning rus xizmati suhbatlashgan rossiyalik aviatsiya ekspertlarining fikricha, yo‘qotishlarni minimallashtirish uchun Boeing baribir davlat ko‘magiga ega bo‘lsa kerak.
Airbus
Boeing’ning fuqarolik samolyotlari ishlab chiqarishdagi bosh raqobatchisi — o‘tgan haftada Fransiya va Ispaniyada ishlab chiqarishni to‘xtatgan Yevropaning Airbus korporatsiyasi to‘rt kun o‘tib yana ishlay boshladi. Shu kunlar ichida ular ishlab chiqarishni koronavirus pandemiyasi sharoitida yangi sanitariya talablariga ko‘ra qayta jihozlashgan.
Lekin ular Germaniya va Buyuk Britaniyada samolyot qanoti ishlab chiqarishni uch haftaga qisqartirgan. Bu yerda zavodlar yopilmaydi, ishlab chiqarish to‘liq to‘xtatilmaydi, biroq samolyot yig‘ish zavodlariga tezkor yetkazib berish darajasigacha qisqartiriladi.
Airbus o‘tgan yilgi 863 dona ko‘rsatkichni 2020 yilda 880taga yetkazishni rejalashtirayotgan edi. Biroq endi kompaniya o‘z strategiyasini qayta ko‘rib chiqmoqda, bu nafaqat ishlab chiqarishga, moliyaviy jihatga ham tegishli.
Korporatsiya ayni paytdagi 3 milliard yevrolik kredit majburiyatlariga qo‘shimcha ravishda 15 milliard yevro kredit olish uchun direktorlar kengashi ma'qulloviga ega bo‘lganini e'lon qildi.
Bundan tashqari, 2019 yilda 1,4 milliard yevrolik dividend to‘lashni rad etmoqchi, shuningdek pensiya jamg‘armasiga ham to‘lovlar bekor qilinadi.
Airbus’dagilar 2020 yilga o‘z taxminlarini qayta ko‘rib chiqishgani, agar vaziyat yomonlashadigan bo‘lsa pul mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojlarini minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishganini aytishmoqda.
Boshqalar
Ayni paytda regional samolyotlarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha Boeing bilan bitimini yakunlash arafasida turgan Braziliyaning Embraer kompaniyasi Braziliyada samolyot ishlab chiqarishni bas qilib, kompaniyada o‘ta muhim lavozim egallamagan barcha xodimlarini ta'tilga chiqarib yubordi.
26 mart kuni Embraer 2019 yilning IV choragida sof zarar 209,8 million dollarni tashkil etganini e'lon qildi. Embraer hozircha 2020 yil zararlaridan gap ochgani yo‘q, lekin joriy yil uchun rejalarini qayta ko‘rib chiqishini va'da qildi.
Kanadaning Bombardier biznes jyetlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi ham samolyot ishlab chiqarishni to‘xtatgan.
Ishlar to‘xtatilgani haqida De Havilland Canada va Viking Air Limited aviasozlik kompaniyalariga egalik qiluvchi Longview Aviation Capital Corp. ham e'lon qildi.
Bu korporatsiya Bombardier kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan turbovintli regional Dash 8-400 samolyotlarini ishlab chiqaradi.
Shuningdek, korporatsiya uncha katta bo‘lmagan, qo‘shmotorli DHC-6 Twin Otter samolyotlarini ishlab chiqarishni ham to‘xtatib turibdi.
Korporatsiyaning Kanadadagi zavodlari koronavirus tufayli aviatashuvlar tanazzulga yuz tutgani sabab samolyotlarga talab kamaygani uchun to‘xtatilgan.
Rossiyaning samolyotsozlik korxonalari hozircha koronavirus pandemiyasi ularning ishiga qanday ta'sir o‘tkazgani haqida hisobot bermagan.
Oleg Panteleyevning fikricha, Rossiya va Xitoy aviasozlik kompaniyalarining ahvoli shundoq ham ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga talab o‘ta past bo‘lgani tufayli u qadar og‘ir emas.
«Agar bozor qayta tiklanadigan onga kelib rossiyalik va xitoylik ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining istiqbolli samolyotlarini sertifikatlab, seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya olishsa, rossiyaliklar qo‘shimcha sanksiya cheklovlaridan qutulsa, bu yangi mahsulot bilan bozorga chiqish uchun eng yaxshi payt bo‘ladi. Katta xarajatlar girdobida qolib, qo‘l-oyoqlari bog‘langan raqobatchilar demping imkoniyatidan foydalana olishmaydi», — dedi u.
Roman Gusarovning fikricha, rossiyalik aviasozlarning ahvoli Rossiya iqtisodiyoti, ayniqsa budjeti ne ko‘yga tushishiga juda bog‘liq.
«MS-21 loyihasi, bilamizki, hozircha ishlanmani moliyalashtirish bosqichida. Rossiya-Xitoy ishlanmasi bo‘lgan keng fyuzelajli samolyot ham hali erta moliyalashtirilish bosqichida. Hattoki buyurtmachilarga yetkazib berilayotgan Sukhoi Superjet-100 ham, unga ham budjetdan ko‘p pul sarflanadi. Shuning uchun bu yerda aviakompaniyalar emas, Rossiya budjetiga ko‘proq narsa bog‘liq», — dedi u.