Mobil ilovada qilsa bo‘ladigan oddiy to‘lovlar uchun ham bankka kelishyapti – MB

O‘zbekiston 18:09 / 27.03.2020 6556

Markaziy bank boshqarma boshlig‘i Husanxo‘ja Obidov aholini bank xizmatlaridan mobil ilovalar orqali foydalanishga chaqirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Banklar odatdagi tartibda faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birga, ayrim banklar mijozlarga xizmat ko‘rsatishga salbiy ta'sir ko‘rsatmagan holda masofaviy ishlash tizimiga o‘tkazilgan.

Maksimal ravishda masofaviy bank xizmatlaridan foydalanishingizni so‘raymiz. Bugungi kundagi vaziyatning o‘zi buni taqozo etmoqda. Bu orqali siz ham o‘zingiz, ham bank xodimlarining salomatligini saqlashga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.

Bank mijozlari tomonidan onlayn tarzda bank mobil ilovalari orqali amalga oshirish mumkin bo‘lgan oddiy to‘lovlar ham bankka kelish orqali amalga oshirilmoqda. Banklar mobil ilovalarida barcha bazaviy bank xizmatlarini uydan chiqmagan holda amalga oshirish imkoniyatlari mavjud», – dedi Obidov 27 mart kuni brifingda.

U valuta ayirboshlash operatsiyalari yuzasidan ham ma'lumot berdi.

«Bugungi kunda masofalanishni ta'minlash yuzasidan valuta ayirboshlash operatsiyalari ustuvor ravishda banklar mobil ilovalari yoki avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash bankomatlari orqali amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda hududlarda 700ga yaqin kun-u tun rejimida ishlovchi avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash bankomatlari o‘rnatilgan bo‘lib, tez orada qo‘shimcha 300ta bankomatlar o‘rnatilishi ta'minlanadi», – dedi Markaziy bank boshqarma boshlig‘i.

Eslatib o‘tamiz, karantin davrida pensiya va nafaqalar aholi uyiga yetkazib beriladi. Pensioner va nafaqaxo‘rlar naqd pullarni sterillangan paketlarda olishadi.

Ko‘proq yangiliklar: