Magistratura bosqichi bitiruvchilari davlat imtihonini onlayn topshirishadi – vazirlik

O‘zbekiston 12:42 / 27.03.2020 8591

«Magistratura bitiruvchilari amaliyotga chiqarilgan. Ularning magistrlik dissertatsiyasi himoyalari qanday tartibda tashkil qilinishi bo‘yicha savol kelib tushdi. Oliy ta'lim muassasalari magistr bosqichi bitiruvchi kurs talabalari o‘quv mashg‘ulotlari deyarli yakunlanganini inobatga olib, bitiruvchilar amaliyot natijalarini ilmiy rahbar bilan kelishgan holda masofaviy topshirishadi.

Ya'ni yakuniy davlat attestatsiyasini davlat imtihoni shaklida (onlayn test sinovlari) o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Karantin davri tugagandan so‘ng magistrlik dissertatsiyasini himoya qilishlariga imkoniyat yaratib beriladi. Karantin muddati uzayib ketavergani sari himoya qilish vaqti ham shunga monand cho‘zilishi mumkin. Shuningdek, magistratura bitiruvchi kurs talabalariga vaziyatga qarab iyul oyida diplomlarini berish amalga oshiriladi», dedi Xoliqov AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda.

Abduvali Xoliqov talabalar amaliyot o‘tashi masalasi to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

«Talabalar bunday tadbirlarga jalb etilmaydi. Zarurat bo‘lganda ham magistratura talabalari jalb etilishi mumkin», dedi u.

Brifingda talabalar va yuqori sinf o‘quvchilari uchun onlayn darslar tashkil etilishi to‘g‘risida ham ma'lumot berildi.

«Oliy ta'lim yo‘nalishlari fanlari bo‘yicha ma'ruzalarni elektron formatda taqdim etish uchun TAS-IX tarmog‘ida https://tube.edu.uz videoportali ishga tushirildi, uning resurslari boyitib borilmoqda.

Talabalarning bilim olish faoliyatini masofadan turib qo‘llab-quvvatlash maqsadida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida @eduuz_online kanali yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, vebinar texnologiyalari asosida ma'ruzalar tashkil etish boshlandi.

«Mening yurtim» (MY5) telekanalida haftaning dushanbadan juma kuniga qadar soat 10:30dan soat 12:00ga qadar oliy ta'lim muassasalari talabalari uchun «Psixologiya» va «Ingliz tili» fanlaridan ma'ruza mashg‘ulotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Moodle, masofaviy malaka oshirish va OTMlar tomonidan ishlab chiqilgan masofaviy ta'lim platformalariga fanlar bo‘yicha o‘quv resurslari joylashtirilmoqda. Hozirda oliy ta'lim bo‘yicha o‘qitiladigan 7395ta fandan 2147tasini masofaviy ta'lim resurslari yaratilgan. Hozirda boshqa fanlar bo‘yicha resurslarni joylashtirish ishlari davom ettirilmoqda», deya Xoliqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘shimcha qilinishicha, respublikadagi barcha akademik litseylarining 1-2 bosqich o‘quvchilariga hamda umumta'lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilarining o‘quv rejalaridan o‘rin olgan quyidagi umumta'lim fanlaridan UzReport telekanali bilan hamkorlikda jonli efirda «Teledars» loyihasi yo‘lga qo‘yilgan. Unda geografiya, matematika, fizika, informatika, ingliz tili, rus tili, oila psixologiyasi, matematika, ingliz tilida SAT darsliklari o‘rin olgan.

Bu darslar dam olish kunlaridan tashqari har kuni soat 9:25, 10:25, 11:25da telekanal orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilmoqda. Teledarslar Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti «International House» – Toshkent akademik litseyining xalqaro tajribaga ega o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilyapti.

Ko‘proq yangiliklar: