Karantin sababli kredit to‘lovlari muddati uzaytiriladi

Iqtisodiyot 20:22 / 27.03.2020 26385

«Moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan qarzdorlarning kredit to‘lovlarini kechiktirish yuzasidan kredit tashkilotlariga berilgan tegishli ko‘rsatmalar asosida mijozlarning kreditlarini restruktizatsiya qilish ishlari boshlandi.

Pandemiya iqtisodiyot tarmoqlarida, xususan, turizm, transport, logistika, va ularga bog‘liq bo‘lgan sohalardagi korxonalarning faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, pul oqimlari kamayishi kuzatilyapti. Holatdan kelib chiqib, tijorat banklari tomonidan ularning kredit qarzdorlik to‘lovlari muddatlarini hech qanaqa jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda joriy yilning 1 oktyabrigacha uzaytirish imkoniyati yaratildi.

Jismoniy shaxslar bo‘yicha ham qaror qabul qilingan. Karantin rejimi natijasida ishsiz qolganlar, moliyaviy holati keskin yomonlashgan mijozlarning kredit to‘lovlarini ham 1 oktyabrga qadar kechiktirish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bu jarayon bank mijozlariga noqulaylik yaratmaydi. Ularning arizalari asosida banklar tomonidan qarorlar soddalashtirilgan tarzda va operativ qabul qilinadi», dedi Husanxo‘ja Abidov AOKA qoshidagi maxsus shtabda o‘tkazilgan brifingda.                                 

Ma'lum qilinishicha, 26 mart holatiga ko‘ra, muddati uzaytirilishi belgilangan jami 5 trillion so‘m miqdoridagi kredit to‘lovlaridan tijorat banklari tomonidan 4668ta kredit shartnomalari bo‘yicha to‘lovlarni qaytarish muddatlari qayta ko‘rib chiqilgan. Banklarning likvidligini ta'minlash yuzasidan Markaziy bank tomonidan doimiy monitoring olib borilmoqda.

Shuningdek, Markaziy bank mutasaddisi koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida murojaatlarini masofaviy ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida bayonot berdi.

«Koronavirus tarqalishining oldini olish va ijtimoiy masofalanishni ta'minlash maqsadida banklar tomonidan kredit to‘lovlarni kechiktirish masalalari bo‘yicha murojaatlarni masofaviy ko‘rib chiqish tizimi qisqa muddat ichida yaratilmoqda.

Shu bilan birga, hududiy sanitariya-epidimiologik osoyishtalik markazlari tomonidan naqd pullar saqlanadigan pul omborlari va qayta sanash kassalari kuniga 1-2 marta dezinfeksiya qilinmoqda. Barcha bank kassalariga kelib tushgan pullarni kamida 1 hafta pul omborxonalarida alohida saqlash tizimi joriy etilgan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: