Karantin davrida kommunal to‘lovlarni to‘lash qariyb 2 baravarga kamaydi – vazirlik

Iqtisodiyot 17:37 / 27.03.2020 10044

Bugun, 27 mart kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi maxsus shtabida tashkil etilgan brifingda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Vazirlik axborot xizmati rahbari Aliposha Axmedov karantin davrida aholining kommunal to‘lovlarni amalga oshirish darajasi pasayganini ma'lum qildi.

«Ichimlik, oqova, issiq suv ta'minoti korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarga karantin davrida kechiktirilgan to‘lovlar uchun jarimalar va penyalar joriy etilmasligi hamda qarzdor iste'molchilar bo‘yicha sudlarga da'vo arizalari kiritilmasligi, iste'molchilar ichimlik suv va kanalizatsiya hamda issiq suv tarmoqlaridan uzilmasligi bu kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirmaslik kerak ekan, degani emas.

Ayni kunlarda suv ta'minoti korxonalari bir kunu-tun davomida aholiga 3,7 mln.m3 suv yetkazib berilmoqda hamda 2,4 mln.m3 oqova suvlar chiqarib tashlanmoqda. Aholiga uzluksiz va sifatli ichimlik suv yetkazib berish uchun bir kunda 2,1 mln.kVt elektr energiyasi sarf qilinadi. Ichimlik suvini zararsizlantirish uchun bir kunda 2 tonna xlor, 1,8 tonna gipoxlorid va 4,5 tonna koagulyantlar sarf qilinadi.

Shuningdek, 10 tonnadan ortiq yonilg‘i-moylash mahsulotlari ishlatiladi. Bundan tashqari, har kuni yuzaga kelayotgan avariyalarni bartaraf qilishga ham muayyan xarajatlar talab etiladi.

Shu sababdan, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik qarzdorlikning keskin oshishi va ta'minlovchi korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holati zaiflashishiga olib kelishi mumkin, bu esa aholiga uzluksiz ichimlik suvi yetkazib berilishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Misol uchun, bugungi kunda ichimlik va oqova suv uchun iste'molchilardan tushadigan tushum darajasi karantin davriga qadar bir kunlik o‘rtacha tushum 4,7 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 26 mart kuni 2,9 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Bu salkam 2 baravarga kamayishni ko‘rsatyapti.

Fuqarolar uchun vazirlik rasmiy www.mjko.uz veb-saytida hamda telegram tarmog‘ida @mjko_bot_info maxsus iste'molchilar sahifasi tashkil etilgan va masofadan turib onlayn rejimida to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati bor», deya axborot berdi Axmedov.

Ko‘proq yangiliklar: