Parlamentda barcha partiyalar vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. U YeOII bilan hamkorlikni tahlil qiladi

O‘zbekiston 11:45 / 26.03.2020 11865

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining 2020 yil 26 martda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, kengash yig‘ilishida mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini va eksport salohiyatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, ushbu maqsadlarga erishish uchun xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va jahon bozoriga integratsiyalashuv jarayonini jadallashtirish zarurligi ta'kidlandi.

Quyi palatadagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Unga spiker birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov rahbar etib tasdiqlandi.

YeOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga ta'sirini chuqur tahlil qilish, qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga mosligini o‘rganish, hamkorlikning har bir iqtisodiyot tarmog‘iga ta'siri bo‘yicha ijobiy va salbiy ta'sir yo‘nalishlarini aniq yoritib berish, boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik istiqbollari bilan o‘zaro bog‘liqligini quyi palatada har tomonlama ko‘rib chiqishni tashkil etish Ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik masalasini o‘rganish bo‘yicha Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi. Unda ushbu masalani siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar yig‘ilishlarida muhokama qilish, shuningdek, yetakchi ekspertlar ishtirokida turkum davra suhbatlari, seminarlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Tadbirlar doirasida fuqarolar va biznes-hamjamiyat o‘rtasida sotsiologik so‘rovlar o‘tkaziladi. Bir nechta vazirlar, jumladan, tashqi ishlar hamda investitsiya va tashqi savdo vazirlarining tegishli axborotlarini Qonunchilik palatasida eshitish ko‘zda tutilgan.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi 2014 yilda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilot. Ittifoqqa 2015 yilda Armaniston va Qirg‘iziston a'zo bo‘lib kirgan, 2018 yildan e'tiboran Moldova kuzatuvchi maqomiga ega.

Tashkilotning maqsadi — a'zo davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, YeOII doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiya rivojlantirish.

Bundan oldin, O‘zbekiston hukumati YeOIIga kuzatuvchi-davlat sifatida qo‘shilishga qaror qilgani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: