Oliy ta'lim muassasalari yozgi ta'tilga chiqadimi?

O‘zbekiston 19:02 / 25.03.2020 80438

«Karantin sabab yozdagi ta'til muddati qisqarishi tabiiy, uning muddati karantin sababli berilgan ta'tilning qancha vaqt davom etishiga bog‘liq. Hozir navbatdan tashqari ta'til necha kunga cho‘zilishidan qat'i nazar, biz talabalarga masofaviy va mustaqil ta'lim olish orqali o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishlariga imkoniyat yaratib beryapmiz», – deya ma'lumot bergan oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov.

Vazir o‘rinbosarining ta'kidicha, 23 martdan boshlab, hududlardagi OTM professor-o‘qituvchi va xodimlarining aksariyat qismi belgilangan tartibda mehnat ta'tiliga chiqariladi, qolgan xodimlarning faoliyati maksimal darajada masofadan turib tashkil etiladi.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan OTM o‘qituvchisining aytishicha, xodimlar yozgi mehnat ta'tili hisobidan rejadan tashqari ta'tilga chiqarilmoqda. Tabiiyki, yozgi ta'til davrida xodimlar haqsiz dam olishga chiqarilishi mumkin. Ushbu masalaga vazirlik oydinlik kiritdi. 

«Avvalo, karantin holati qancha davom etishini aytish qiyin. Shunga qaramay, OTMda qoldirilgan yuklamani rejaga ko‘ra qoplash uchun yoz oyida o‘qish tashkil etilishi mumkin. Tabiiyki, o‘qituvchilar ishga jalb etiladi. Mantiqan, hozirgi ta'til muddatdan oldin o‘talmoqda, o‘qish esa keyinga surilmoqda», –  deyiladi rasmiy xabarda.

Anglashiladiki, professor-o‘qituvchilar karantin tufayli ish haqini saqlab qolgan holda ta'tilga chiqarilishi bilan birga, yoz davrida haq to‘lanadigan o‘z ish faoliyatiga jalb etilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: