Tibbiy himoya vositalari zaxirasi yetarli - Almatov

O‘zbekiston 14:20 / 24.03.2020 8028

Respublikada tibbiyot xodimlari uchun kerakli himoya vositalarining yetarli zaxirasi mavjud. Davlat Bosh sanitariya vrachi Bahrom Almatovning ma'lum qilishicha, ular zaruratga qarab ishlatilmoqda, taqchillik yo‘q.

«Tibbiyot xodimlarining himoyalanishi uchun mo‘ljallangan kombinezonlar yetarlicha mavjud. Respublikada yetarli zaxira yaratilgan. Tuman tibbiyot birlashmalarida, har bir davolash muassasalarida avvaldan bor bo‘lgan kiyimlar ham mavjud. Zaruratga qarab ishlatilmoqda. Kerak bo‘lganda markazlashgan holda ta'minlash masalasi ham ko‘rib chiqilgan», deya Bahrom Almatovning AOKA maxsus shtabida o‘tkazilgan brifingdagi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Almatovning so‘zlariga ko‘ra, har bir viloyatga 1000ga yaqin yaqin kombinezon, ko‘zoynak, 10 mingdan ortiq tibbiy niqoblar yetkazib berilgan.

«Tibbiyot xodimlarini zararsizlantiruvchi (dezinfeksiya) vositalar bilan ta'minlash choralari ham ko‘rilib, hozirgi kunda barcha viloyatlarda zaxiralar yaratilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan, Xorazm viloyatlarida tashkil etilgan maskanlarga chet eldagi fuqarolar olib kelingan. Ular 14 kunlik karantinda saqlanmoqda. Ularga xizmat qilishga jalb qilingan xodimlarning barchasi kerakli vositalar bilan ta'minlangan holda ishlashmoqda», deya qo‘shimcha qildi Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik agentligi direktori.

Ko‘proq yangiliklar: